O'zbekistonlik shifokorlar MDHda tengsiz
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 854
Toshkentda “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turniri yakunlandi. Xabar berganimizdek, poytaxtimizda 25-30 mart kunlari futbol bo'yicha shifokorlar o'rtasida “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turniri o'tkazildi. “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydon qariyb bir hafta davomida shifokor-futbolchilar bilan gavjum bo'ldi. Ilk bor tashkil etilgan musobaqada MDHga a'zo davlatlar, ya'ni Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston hamda O'zbekistondan ikkita jamoa g'oliblik uchun bahs olib borishdi. Bugun qizg'in, murosasiz, shu bilan birga do'stona ruhda o'tgan musobaqalar o'z yakuniga etdi. Dastlab 3-o'rin uchun bahs o'tkazildi. Unda Qozog'iston hamda Belarus terma jamoalari kuch sinashdi. Mazkur jamoalar guruh bosqichida ham to'qnash kelishgan va o'shanda tomonlar murosa ko'chasini tanlashgan edi. Buni qarangki, bu safar ham ular o'rtasidagi bahsda kuchlar teng keldi, 2:2. Ammo, bu safar o'yinda durang qayd etilishi mumkin emasdi. Shu bois g'olibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Omad lotoreyasida esa qo'shni qozoq shifokorlarining qo'li baland keldi. Nihoyat barcha orziqib kutgan final o'yinida musobaqa mezboni O'zbekiston-1 hamda Tojikiston terma jamoalari to'qnash keldi. Shuni ta'kidlash kerak, mazkur o'yinni FIFA referisi, millatimiz faxri bo'lmish Ravshan Ertamov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. O'yin ham finalga xos shiddatkor ruhda kechdi va eng muhimi, tomonlar ochiq futbol namoyish etdi. Musobaqadagi ilk o'yinida hamyurtlarimiz qirg'izistonlik hamkasblariga qarshi ancha qiynalishgan edi, garchi yirik hisobda g'alaba qozongan bo'lsa-da. O'shanda jamoa murabbiyi Vohid Xolboev shogirdlari o'yindan o'yinga ochilib borishi va keyingi o'yinlar u qadar murakkab kechmasligini ta'kidlagandi. Amalda shunday bo'ldi. Yarim finalda Belarus terma jamoasini osonlik bilan mag'lub etgan vakillarimiz finalda ham aytarli qiyinchilikka duch kelmadi. Sarvar Tolipov, Nodir Bahodirov, Farhod Umarov va Anvar Anvarovlarning to'rt goliga Tojikiston terma jamoasi a'zolari bironta ham javob qaytara olishmadi. Shunday qilib O'zbekiston-1 jamoasi “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turnirida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Musobaqa yakunida g'olib va sovrindorlardan tashqari barcha ishtirokchi jamoalar ham tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg'alari, diplom, medal va kubok bilan taqdirlandi. Shuningdek, nominatsiyalar bo'yicha ham eng yaxshilar aniqlandi. Eng yaxshi darvozabon – Aleksandr Diskovets (Belarus) Eng yaxshi himoyachi – Akbar Asqarov (O'zbekiston-2) Eng yaxshi yarim himoyachi – Mikola Pakovskiy (Ukraina) Eng yaxshi hujumchi – Azmiddin Saloiddinov (O'zbekiston-1) Eng faxriy futbolchi – Maksim Vinogradov (Rossiya) “Halol o'yin” sovrini – Almazbek Duyshenov (Qirg'iziston) Shu tariqa hayajonlarga boy tarzda o'tgan musobaqa yakuniga etdi. Ta'kidlash joiz, ushbu xalqaro turnirni Jahon tibbiyot xodimlari o'rtasida olimpiada o'yinlari – “Medigames” xalqaro tashkilotining bosh menejeri Giyom Gassend (Frantsiya) ham kuzatib bordi. Faxriy mehmonda “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turnirining tashkilotchiligi iliq taassurot qoldirdi. Bu esa yaqin kelajakda O'zbekistonda bundan ham nufuzli musobaqalarni o'tkazishga zamin hozirlashiga shubha yo'q.
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!