Futbol – Muxlislar bilan go'zal
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 714
O'zbekiston Professional futbol ligasining o'z oldiga qo'ygan asosiy vazifalardan biri - muxlislarga manzur bo'ladigan tomoshabop va qiziqarli, raqobatga boy chempionat tashkil etish hamda bu orqali stadionlarga ishqibozlar tashrifini ko'paytirishdan iborat.
Jumladan, 2018 yilda ham bu borada qator tadbirlar amalga oshirilgandi.Stadionlarda oilaviy sektorlar tashkil etildi, jamoalar o'z rasmiy do'konlarini ishga tushirishdi, uchrashuvlar oldidan elimiz suygan san'atkorlar tomonidan turli kontsert dasturlari va aktsiyalar o'tkazish yo'lga qo'yildi, Ramazon oyida tomoshabinlarga bepul iftorliklar taqdim etildi. Natijada 2017 yilgi mavsum bilan solishtirganda 2018 yilgi mavsumda milliy chempionatimizning har bir o'yiniga tashrif buyuradigan muxlislar o'rtacha soni deyarli 2 baravarga oshdi (o'rtacha har bir uchrashuvga kelgan muxlis soni: 2017 yilda 4386 nafar; 2018 yilda 8050 nafar). PFL mazkur tashabbusni 2019 yilda ham davom ettirishni niyat qilgan. Yaqinda start olgan yangi mavsumda ichki chempionatimizga bo'lgan qiziqishni yanada orttirish va stadionlarga imkon qadar ko'proq ishqibozlar kelishini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladigan loyihalar rejasi ishlab chiqildi.
Unga ko'ra, har bir klubning shtat jadvali asosida ishga olingan muxlislar klubi etakchisiga yanada ko'proq mas'uliyat va vakolatlar taqdim etildi. Muxlislar klubi etakchilari oldiga qo'yiladigan asosiy vazifa - o'z sevimli jamoasi ixlosmandlarini yanada ko'paytirib, ularni yagona fan-klubga birlashtirish bo'ladi. Bu borada etakchilarga klub va PFL tomonidan amaliy ko'mak ko'rsatiladi.
Qolaversa, o'tgan mavsum talab qilingan, ammo ijrosi ayrim klublar tomonidan paysalga solingan klub ramzi (maskot) va madhiyasini ishlab chiqish masalasi ham 2019 yildan e'tiboran majburiy bo'ladi. Endilikda (agar klub ramzi yoki madhiyasi mavjud bo'lmasa) har bir klub nomi, joylashgan shahri, klubning asosiy ranglari, unga muxlislik qiladigan auditoriyadan kelib chiqqan holda o'z ramzi hamda madhiyasini ishlab chiqishi lozim. Bu orqali Coca Cola Superliga-2019 o'yinlari mobaynida o'yindan oldin, tanaffus vaqtida va uchrashuvdan so'ng stadionda klubning o'z madhiyasi yangrashi ta'minlanadi. Zero har bir jamoaning o'z ramzi va madhiyasiga ega bo'lishi - ushbu jamoani qo'llab-quvvatlovchi muxlislarni yanada jipslashtirishi jahon tajribasidan ma'lum. Bu borada klublar qanday ish olib borayotgani bilan navbatma-navbat tanishtib boramiz.
Ortda qolgan Coca Cola Superliga 1-tur uchrashuvlari orasida eng ko'p muxlis «Paxtakor» - «Lokomotiv» o'yiniga tashrif buyurdi. Toshkent derbisini stadionda bevosita 17550 nafar tomoshabin kuzatib bordi. Klub matbuot xizmati rahbari Behzod Nazarovning ta'kidlashicha, «Paxtakor» hamisha muxlislarga qulaylik yaratish, ularning stadionga ko'proq kelishini, jamoasini bevosita stadiondan turib qo'llab-quvvatlashini ta'minlashga urinadi. Bu yo'lda «sherlar» bir qator loyihalarni muntazam ravishda o'tkazib kelishadi. Jumladan, klub veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o'yinning afishalari navbatdagi uchrashuvdan 5-6 kun avval berila boshlanadi. Qolaversa, shahar bo'ylab 200-500taga yaqin kichik va katta hajmdagi afishalar joylashtiriladi. Shaharning ayrim ko'chalaridagi ko'zga tashlanadigan joylarda o'rnatilgan reklama bannerlarida ham «Paxtakor»ning navbatdagi uy uchrashuvi anonslari berib boriladi. Shuningdek, klub bir qator o'quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlamoqda va talabalarga o'qishdan bo'sh paytlarda o'yinlarga tashrif buyurishlari uchun bepul chiptalar taqdim qilinmoqda.
«Paxtakor» klubi marketing xizmati boshlig'i Avaz Mutalovning aytishicha, mavsum-2019da ham o'yinlar tanaffusi vaqtida yutuqli lotereyalar o'yini o'tkazib boriladi. Bundan tashqari, o'yin oldidan va tanaffus vaqtida elimiz suygan san'atkorlar ishtirokida kontsert dasturlari ham tashkil etilmoqda. «Paxtakor»ning rasmiy do'koni ham hafta davomida faoliyat ko'rsatadi. Unda jamoa liboslari, turli atributikalar savdosi muntazam ravishda olib boriladi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, PFL barcha klublar o'z ramzi, madhiyasiga ega bo'lishini ta'minlashga harakat qilmoqda. Ayrim klublar ushbu jihatga biroz mas'uliyatsiz yondashayotgan bir pallada, «Paxtakor» jamoa maskoti hamda madhiyasini yaratish bo'yicha barchaga o'rnak bo'la oladigan tarzda ish olib bormoqda. Ushbu klubda maskot - «Leo» nomli sher ancha vaqtdan buyon mavjud. Joriy mavsumdagi o'yinlarda ham ushbu maskot o'yin davomida turli sektorlarga murojaat qilib, ishqibozlarni sevimli jamoalarini yanada qizg'in qo'llab-quvvatlashga chorlamoqda.
Shuningdek, «Paxtakor» jamoasi 2019 yilda o'z ishqibozlariga yana bir yangi klub madhiyasini taqdim etdi. Dj Piligrim tomonidan kuylangan mazkur madhiya ko'pchilika manzur bo'lgani bor gap. Umumiy qilib aytganda, «Paxtakor» klubi o'z ishqibozlari safini kengaytirish, asl muxlislari sonini orttirish, ularning stadionga kelishlarini ta'minlash borasida maqtashga arzigulik tarzda ish olib bormoqda. Zero, futbol - muxlislar bilan go'zal.