Toshkentda FIFA mutaxassisi ishtirokida ishchi uchrashuv bo'lib o'tmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2498
37Ma'lumki, FIFAning asosiy vazifalaridan biri barcha milliy assotsiatsiyalarning futboldagi salohiyatini namoyon qilish, turli yoshdagi terma jamoalarning xalqaro musobaqalardagi raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.
Shu maqsadda FIFA iqtidorlarni kashf qilish, ularning iqtidorini yanada yuksaltirish, akademiyalarni qo'llab-quvvatlash, turli musobaqalar tashkil qilish va o'tkazish, xodimlarnining malakasini oshirishga qaratilgan turli dasturlar va loyihalarni ishlab chiqmoqda hamda amalga tatbiq qilyapti.
Mazkur dastur FIFA a'zosi bo'lgan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ham taalluqli bo'lib, dasturdan o'rin olgan masalalar bo'yicha muhokama o'tkazish va ishchi uchrashuv tashkil qilish maqsadida FIFA vakili Ulf Shott kecha poytaxtimizga tashrif buyurdi. 30-31 mart kunlari Ulf Shott ishtirokida ishchi uchrashuv o'tkazish rejalashtirilgan bo'lib, bugun ishchi uchrashuvning dastlabki kunidan o'rin olgan masalalar muhokama qilindi..
Uchrashuv davomida FIFA vakili dasturning asosiy maqsad va vazifalari haqida so'z yuritib, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Ulf Shott uchrashuv davomida O'FA mutasaddilari va xodimlari bilan futbolni rivojlantirish, yosh iqtidorlarni kashf qilish, turli yoshdagi terma jamoalar raqobatbardoshligini oshirish mavzusida fikr almashmoqda.
Ertaga ishchi uchrashuv davom etadi. Ertangi uchrashuv kun tartibidan texnik direktorlar, murabbiylar, mutaxassislar malakasini oshirish, yosh iqtidor egalarini kashf qilish va ularni qo'llab-quvvatlash masalalari o'rin olgan.
Tadbir so'nggida muhokamalar bo'yicha xulosalar qilinib, dasturdan kelib chiqqan holda kelgusi rejalar tuziladi va ularni amalga oshirish byo'icha yo'riqnomalar beriladi.