O'FAda Germaniya futbol akademiyasida faoliyat yuritayotgan o'zbekistonlik mutaxassis ishtirokida seminar bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 128

Hozirgi kunda Evropaning barcha etakchi akademiyalarida yosh futbolchilarni jismoniy holatini nazorat qilish, ularni to'g'ri ovqatlanishlarini nazorat qilish ustuvor vazifa hisoblanadi. O'zbekistonda ham ushbu yo'nalishni rivojlantirish yo'lida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada, birinchi navbatda, Evropaning rivojlangan klublari akademiyalarining ilmiy-amaliy tajribasi o'rganilmoqda.
Bugun O'FAga Germaniyada yoshlar murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan o'zbekistonlik mutaxassis o'z tajribasi bilan o'rtoqlashish uchun taklif etildi. Orzumanbek Nurmuhammedov Gyote nomidagi Frankfurt universitetini (Germaniya) sport tayyorgarligi yo'nalishi bo'yicha tamomlagan. Ayni paytda «Gissen» U-16 jamoasi murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi. Shuningdek, «Ayntraxt Frankfurt» va Shveytsariyaning «Tsyurix» kabi klublarda amaliyot o'tagan.
Bugungi seminarda bolalar jamoalari, akademiyalar murabbiylari va sport tibbiyoti sohasi bo'yicha mutaxassislar ishtirok etishdi. Orzumanbek dastlab Germaniya futbol akademiyalarining nutritsiologiya jarayoni haqida to'xtalib o'tdi. O'smir yoshidagi futbolchining ovqatlanishi uning shakllanib borayotgan organizmiga qay darajada ta'sir qilishi, tana resurslarining taqsimlashi, qanday turdagi mahsulotlar bolalar uchun tavsiya etilishi va qaysilarini ratsiondan chiqarib yuborish kerakligi borasida ilmiy asoslangan xulosalarni tanishtirdi.
Shuningdek, yosh futbolchilarni mashg'ulotlarda jismoniy chiniqtirishdan tashqari, ularning sog'lom ovqatlanishlarini tashkil etish, yuklamalar berishda vitaminizatsiya jarayoni borasidagi tajribalari bilan o'rtoqlashdi. O'yindan oldin iste'mol qilinadigan taomlar va o'yindan keyin tiklanish uchun qo'llaniladigan ozuqalar haqida ma'lumot berildi. Bundan tashqari, futbolchining o'sishiga to'sqinlik qilishi mumkin bo'lgan tashqi va ichki omillar sanab o'tildi.
Uchrashuvda onlayn ishtirok etgan hududlardagi mutaxassislar o'zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan Orzumanbekdan javob oldilar. O'FA rahbariyati mutaxassisga minnatdorchilik bildirib, bu kabi seminarlarni davomiy tarzda o'tkazib borishga kelishib oldilar.

Bosh sahifaga
255