Osiyodagi chim ustida xokkey federatsiyalari rahbarlari Malayziyada jam bo'lishdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 520
Ayni kunlarda Malayziyada chim ustida xokkey bo'yicha Osiyodagi bir nechta federatsiyalar mutasaddilari ishtirokida navbatdagi konferentsiya bo'lib o'tmoqda.
Unda ushbu sport turini qit'amizda yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar muhokamasi o'tkazilyapti. Mazkur yig'ilishda yurtimiz nomidan O'zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi, Osiyo chim ustida xokkey federatsiyasi Ijroiya qo'mitasi a'zosi Bahodir Ahmedov boshchiligidagi kichik delegatsiya ham qatnashmoqda.
Ma'lumki, joriy yilning iyun oyida Hindistonda Osiyo qit'asi uchun Tokio Olimpiadasiga litsenziya beruvchi musobaqa bo'lib o'tadi. Malayziyadagi yig'ilishda ushbu turnirga ko'rilayotgan tayyogarlik, terma jamoalar o'rtasida tashkil qilinadigan yig'inlar va o'zaro tajriba almashish masalalari ham ko'rib chiqilmoqda. Ushbu jarayonni qit'amiz vakillaridan tashqari Polsha va Kanada chim ustida xokkey federatsiyasi mutasaddilari ham kuzatib borishyapti.
O'zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi ham Tokio Olimpiadasiga yo'llanma olishni maqsad qilib qo'ygan. Tajriba orttirish va xalqaro aloqalarni o'rnatishga yordam beradigan mazkur konferentsiyadagi ishtirok esa Olimpiada yo'lida tashlangan qadamlardan biri bo'lib qoladi.