APL standartlarga sobit, biroq...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 136
.jpg)
Angliya klublari bu safargi Boxing Day kuni uy o'yinlariga mo'ljallangan asosiy futbolkadan voz kechib, zaxira liboslarida maydonga tushishga tayyor edi. Ammo APL rahbariyati uysizlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu aktsiyaga qarshi chiqdi. Nega?
Ha, oxirgi Boxing Day o'zgacha bo'lishi mumkin edi: APLning barcha klublari 26-27 dekabr kunlari mehmondagi o'yinlar uchun mo'ljallangan formalar yoki zaxira liboslardan foydalanishga rozilik bergandi. Shelter xayriya muassasasi klublarni bayram o'yinlarida uy formasidan voz kechib, boshpanasizlarni qo'llab-quvvatlash, shu asnoda jamoatchilik e'tiborini tortishga chaqirdi. Tashkilot bunda barcha klublarga maxsus taqdimot yuborib, 26-27 dekabr kunlariga belgilangan uy uchrashuvlarida asosiy formadan voz kechishni so'radi, shuningdek, foydalanilgan futbolkalarni o'yindan keyin xayriya auktsioniga topshirishni ham. Bu g'oyani jumladan, «Tottenxem» birinchilardan bo'lib qabul qildi, ammo APL rahbariyati standart mezonlar muhimligini aytib, aktsiyaga qarshi chiqdi.
No Home Kit aktsiyasidan ko'zlangan maqsad, ma'lum mablag' yig'ish barobarida jamoatchilikka uysizlar muammolari haqida yana bir bora bong urish edi. Aslida g'oyani amalga oshirishga hech narsa xalaqit bermasdi. Deylik, jamoalar liboslari ranglarida chalkashlik bo'lmasligini osongina ta'minlash imkoni bor edi. Ko'plab klublar harakatni darhol qo'llab-quvvatladi, ammo APL noyabr oyidayoq g'oya standartlarga zid ekanligini bildirdi: «Bu qoi-dalarga muvofiq emas. Zero, mezbon jamoalar faqat asosiy formada maydonga tushishi kerak».
Ijtimoiy tarmoqlarda ko'pchilik APLning ushbu qarorini tushunmadi. E'tirozlar ham etarli. Chunonchi, angliyalik futbol mutasaddilari yaqindagina qoidalardan istisno tariqasida chetga chiqib, Krishtianu Ronalduning «MYu»da 7-raqamni olishiga ruxsat berishdi. Vaholanki, qoidalarga ko'ra, futbolchilar mavsum startida belgilangan raqamni saqlab qolishlari kerak. «MYu»ning 7-raqami ostida esa Edinson Kavani ro'yxatga olingandi. «Tasavvur qiling-a, boshpanasizlarga ozgina mablag' yig'ish va ularning muammolarini ko'tarishga qaratilgan aktsiya rad etildi. To'g'ri, klublar jiddiyroq turganida, rahbariyat o'z fikrini o'zgartirarmidi?» - deya e'tiroz bildirdi Gari Nevill «Tvitter»dagi sahifasida. Ammo APL bu gal o'z pozitsiyasida qat'iy turdi: «Premer-ligaga har mavsum xayriya tashkilotlaridan juda ko'plab so'rovlar tushadi, afsuski, ularning barchasini qo'llab-quvvatlash imkoni yo'q. Ha, klublar mustaqil ravishda xayriya tadbirlarini qo'llash huquqiga ega. Faqat bunda APL qoidalaridan chetga chiqmaslik talab etiladi».
Aytish o'rinli, «Tottenxem» bu harakatni imkoni boricha qo'llab-quvvatladi, baribir. Ya'ni Antonio Konte shogirdlari «Kristal Pelas»ga qarshi o'yin oldidan chigalyozdi mashg'ulotlarini o'tkazishga zaxira libosida tushishdi. Futbolkalarda - No Home Kit aktsiyasi xeshtegi. Klub, shuningdek, muxlislarni ham 1ta o'yinda uy formasidan voz kechishga chaqirdi. Bu borada stadionda alohida yozuv ham paydo bo'ldi.
*** «Uotford» koronavirus ta'siri o'laroq, o'ynagani yo'q, shunga qaramay, klub rahbariyati muxlislarni aktsiyaga qo'shilishga undadi.
*** Angliya futbol ligasi (Chempionship, Liga 1 va Liga 2) bu masalada ortiqcha muammo ko'rmadi, shuning uchun quyi divizionlarda aktsiya amalga oshdi.
So'z
- No Home Kit aktsiyasiga imkon qadar ko'proq jamoalar qo'shilishini istadik. Qolaversa, futbolchilar va muxlislar ham boshpanasiz odamlarning muammolariga befarq qaramasliklarini xohladik. No Home Kit aktsiyasining har bir ishtirokchisi uy-joy bilan bog'liq muammolarni hal etishda futbol jamoatchiligini birlashtirish uchun muhimdir. Usama Bxutta (Shelter xayriya tashkiloti direktori).
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
323