«Real» darvozasiga urilgan gol qiymati
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 170

Transfermarkt portali barcha milliy chempionatlar futbolchilarining transfer bahosini yangilab chiqdi. Jumladan, Moldova elit divizionida o'ynagan|o'ynayotganlarga yangi summa qo'yildi. Reytingga qarab, Moldova tarixida ilk marta EChL guruh bosqichida o'ynagan «Sherif» vakillarining transfer huquqi bahosi keskin ko'tarilganini ko'rish mumkin. Zero, Tiraspol jamoasi «Santyago Bernabeu»da «Real»ni engib, katta shov-shuv ko'tardi. Qolaversa, «Shaxtyor» (Donetsk)dan 2ta uchrashuvda 4 ochko tortib oldi. Xullas, ChL guruh bosqichini 7 ochko bilan yakunlagan Moldova vakili xalqaro maydondagi yurishini ELda davom ettirish huquqini naqd qildi.
Ayni payt «Sherif» tarkibidagi futbolchilarning umumiy transfer summasi 24,58 million evroni tashkil etmoqda. Transfermarkt portalida bahosi keskin oshgan futbolchilar orasida Adama Traore etakchi - uning transfer summasi 200 mingdan 3 million evroga ko'tarildi. «Santyago Bernabeu»da gol urgan hamyurtimiz Jasur Yaxshiboevning transfer bahosiga esa 200 ming qo'shildi va 700 ming evroga etdi. Ma'lumot uchun, Yaxshiboev uchun bu borada eng yuqori ko'rsatkich o'tgan yilning dekabrida qayd etilgandi - 750 ming evro. Binobarin, Jasur Belarus chempionatida o'ta samarali o'ynab, to'purarlar poygasida 2-o'rinni egallagan va chempionatning eng foydali futbolchisi sifatida e'tirof etilgandi. Asosiysi, Yaxshiboev «Shaxtyor» (Soligorsk) safida Belarus chempioni bo'lgandi.
Hamyurtimiz shundan keyin Polsha chempioni «Legiya» safiga qo'shildi, biroq jarohat ortidan zaxirada o'tirib qoldi. Oqibatda uning transfer bahosi 500 ming evroga tushdi. Mana, «Sherif»dagi o'yinlari o'laroq, transfer summasi yana ko'tarildi. Aslida uning bahosi 700 ming evrodan ancha yuqori bo'lishi hech gap emasdi. Biroq Yaxshiboevga aynan «Real» maydonida orttirilgan jarohat yana pand berdi. Har holda, hamyurtimiz shundan so'ng ChLda ham, Moldova chempionatida ham aksariyat uchrashuvni o'tkazib yubordi. Statistika bo'yicha aytsak, legionerimiz Moldova chempionatining atigi 6ta o'yinida qatnashib, jami 292 daqiqa harakatlandi. Shunga qaramay, 1ta gol urishdan tashqari, yana 3tasiga assistentlik qildi. Moldova kubogida esa Jasur bor-yo'g'i 28 daqiqa o'ynadi. ChLni alohida olsak, u guruh bosqichidagi 6ta o'yindan 3tasida ko'rinish berdi - jami 206 daqiqa. «Real» stadionida Tibo Kurtua darvozasiga urilgan gol hamyurtimiz uchun yagona bo'lib qoldi. Demak, «Legiya»dan «Sherif»ga ijara kelishuvi asosida o'tgan Yaxshiboev Tiraspol klubining 10ta o'yinida 516 daqiqa o'ynab, 2ta gol va 3ta samarali uzatma qayd etdi.
Yaxshiboev shuningdek, O'zbekiston milliy jamoasi boshqaruvini qo'lga olgan Srechko Katanets nazariga ham tushdi. Biroq hujumkor futbolchi aynan jarohat tufayli o'quv-mashg'ulotlar yig'inida to'liq qatnasholmadi, xalqaro o'rtoqlik o'yinlaridan ham chetda qoldi. Hozircha uning hisobida mamlakatimiz bosh jamoasi safida o'tkazilgan 3ta o'yin bor, xolos.
Jasur Yaxshiboev endi 24 yoshga to'lganiga qaramay, bir qator ligalar va jamoalarda o'ynashga ulgurdi. Xususan, «Paxtakor», AGMK, «Energetik-BGU», «Shaxtyor» Sl., «Legiya», «Legiya-2», «Sherif» klublari safida jami 103ta uchrashuv o'tkazib, o'z hisobiga 23ta gol va 13ta samarali uzatma yozdirib qo'ydi.
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
341