Toshkentda yangi yopiq turdagi yana bir suzish havzasi foydalanishga topshirildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1453
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 29 iyun kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumaniga qilgan tashrifi davomida mazkur hududda yangi usti yopiq suv inshooti qurish taklifi bildirilgan edi. “Navro'z” umumxalq bayrami arafasida Yurtboshimiz topshirig'i bilan boshlangan yana bir savobli ish nihoyasiga etkazildi.
Bugun, 20 mart kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug'bek tumanidagi Katta Qorasuv mahallasida yangi yopiq turdagi basseyn foydalanishga topshirildi.
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan barpo etilgan ob'ektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.
Ushbu majmuani qurish uchun jamg'arma mablag'lari hisobidan 5 milliard so'm ajratildi. Ob'ektda 11x25 metr o'lchamdagi suzish havzasi, murabbiylar, shug'ullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun o'rindiqlar mavjud.
Mirzo Ulug'bek tumani 1-sonli bolalar-o'smirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 120 nafar o'g'il-qiz suzish sporti sirlarini o'rganishi uchun sharoit yaratilgan. E'tiborlisi, bolalar va o'smirlar sport maktabiga jamg'arma tomonidan 52 nomdagi 70 million so'mlik jihozlar ham topshirildi.
Ma'lumot o'rnida keltirib o'tish joiz, 2018 yil boshidan buyon Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan yopiq suv havzasi bo'lmagan hududlarda jami 10 ta zamonaviy basseyn qurildi.