2022 yilda o'zbek va jahon futbolida kutilayotgan asosiy musobaqalar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 142

Koronavirus pandemiyasi haligacha katta futbolga zarar etkazishda davom etmoqda. Sababi, shu kunlarda futbolchilarning infektsiyani yuqtirib olgani, ko'plab o'yinlar qoldirilgani va muxlislar o'yinlarga cheklovlar bilan kirishga ruxsat berilgani bunga yaqqol misol. Biroq, futbol taslim bo'lmaydi va muxlislarga ajoyib his-tuyg'ularni berishda davom etmoqda. “Stadion.uz” tarmoq nashri 2022 yilda muxlislarni kutayotgan asosiy futbol voqealariga to'xtalib o'tadi.
Afrika Millatlar Kubogi

9 yanvardan 6 fevralgacha Kamerun davlati Afrika kubogiga mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda. Koronavirus pandemiyasi sababli turnir ikki marta qoldirildi. Bunday tahdid hozir bor, biroq Afrika futbol konfederatsiyasi prezidenti Patris Motsepe Afrika Millatlar kubogi belgilangan sanalarda o'tkazilishini aytdi. Turnir Kamerunning 6 shahridagi beshta stadionda bo'lib o'tadi. Qit'aning eng yaxshi 24 terma jamoasi to'rtta jamoadan oltita guruhga bo'lingan. Guruhlarda birinchi va ikkinchi o'rinlarni egallagan, shuningdek, to'rtta eng yaxshi uchinchi o'rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo'l oladi.
Evropa ligasi finali

2022 yilning 18 may kuni Evropa Ligasi 13-mavsumining hal qiluvchi o'yini bo'lib o'tadi. O'yin Sevilyadagi “Ramon Sanches Pisxuan” stadionida bo'lib o'tadi. Evropa ligasi finali mashhurlik bo'yicha Chempionlar ligasi finalidan ancha ortda qolmoqda, ammo bu yil Evropa futbol gigantlari turnirning final uchrashuvida maydonga tushishi mumkin. Masalan, “Barselona” – “Borussiya” Dortmund jamoalari hech kimni befarq qoldirmagan bo'lardi. Biroq finalchilarni bashorat qilishga hali erta. Sababi turnirda 24 ta jamoa qatnashadi.
Chempionlar ligasi finali

2022 yilning 28 may kuni Sankt-Peterburgda Evropaning eng nufuzli klublar darajasidagi turnir finali bo'lib o'tadi. Piterburg finalni 2021 yilda o'tkazishi mumkin edi, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli Chempionlar ligasi va Evropa ligasi finallari mezbonlaridan final o'yinlarini bir yilga kechiktirish so'ralgan. Shu tariqa, 2022 yilgi turnirning hal qiluvchi o'yiniga “Gazprom Arena” mezbonlik qiladi.
UEFA millatlar ligasi

2 iyundan 27 sentyabrga qadar Millatlar ligasining guruh bosqichi o'yinlari bo'lib o'tadi. Evropaning 55 ta jamoasi to'rtta ligaga bo'lingan, birinchi uchta ligada to'rtta kuchli jamoadan iborat guruh tuziladi, qolgan ettita eng kuchsiz Evropa jamoasi esa “D” ligasida ikkita guruhda o'ynaydi. Har bir jamoa barcha raqiblariga qarshi uy va safar tizimida o'yin o'tkazadi. O'yinlar iyun va sentyabr oylarida bo'lib o'tadi. “A” ligasi jamoalari finalga chiqish uchun, “B”, “C va “D” ligasi jamoalari esa yuqori ligalarga ko'tarilish uchun kurash olib boradi. Guruhlarda birinchi o'rinni egallagan jamoalar ligada yuqoriga ko'tariladi, “A”, “B” va “C” guruhlarida so'nggi o'rinlarni egallagan jamoalar esa quyi divizionga tushadi. Joriy mavsumdan e'tiboran ushbu turnirda Janubiy Amerika jamoalari ham qatnashishi ko'zda tutilgan.
UEFA Superkubogi
2022 yilning 10 avgust kuni 47-UEFA Superkubogi bo'lib o'tadi, unda Chempionlar ligasi va Evropa ligasining 2021/22 yilgi mavsumi g'oliblari to'p suradi. Uchrashuvga mezbonlik qilishga ikkita da'vogar bor edi - Xelsinki va Tirana. Biroq Albaniya futbol assotsiatsiyasi o'z arizasini qaytarib oldi, shu bois Finlyandiya poytaxtidagi 37 000 muxlisga mo'ljallangan “Olimpiya” stadioni Superkubokni o'tkazish huquqini qo'lga kiritdi.
Jahon chempionati
21 noyabrdan 18 dekabrga qadar butun dunyo futboli asosiy turniri Jahon chempionati o'tkaziladi. Mundial tarixda birinchi marta Yaqin Sharqda, Qatarda bo'lib o'tadi. Turnirning yakuniy qismida dunyoning eng yaxshi 32 jamoasi sakkizta guruhga bo'lingan. O'yinlar mamlakatning beshta shahridagi sakkizta stadionda o'tkaziladi. Final Lusail shahridagi 80 000 o'rinli arenada bo'lib o'tadi. Tarixda birinchi marta jahon chempionati may, iyun yoki iyul oylarida o'tkazilmaydi. Haddan tashqari issiq ob-havo tufayli musobaqa noyabr oyining oxiriga start oladi.
Osiyo kubogi saralashi

2022 yilgi mundialdan quruq qolgan O'zbekiston terma jamoasi 8 - 14 iyun kunlari Osiyo Kubogi yo'lida kurashni boshlaydi. Vakillarimiz ushbu turnir saralashida muvaffaqiyatli qatnashsa, 2023 yilda Xitoyda o'tadigan musobaqa chiptasini qo'lga kiritishadi.
Osiyo Chempionlar ligasi
Qolaversa, klublarimizning Osiyo Chempionlar ligasidagi uchrashuvlari o'tkaziladi. Hozircha, faqatgina O'zbekiston chempioni “Paxtakor” guruh masalasini hal qilgan. “Nasaf chempionlar ligasi saralash bosqichida qatnashadi. Agar, qarshiliklar guruh chiqish masalasini muvaffaqiyatli bajarsa, unda Jizzaxning “So'g'diyona” klubi ham Osiyo klublar darajasidagi ikkinchi musobaqa, OFK kubogida qatnashish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.
Manba: stadion.uz

Bosh sahifaga
473