Osiyo karate federatsiyasi (AKF) rahbari bilan istiqbolli rejalar muhokama qilindi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 116

Shu kunlarda Osiyo karate federatsiyasi (AKF) prezidenti, general-mayor Nasser Abdulrazak Al Razuki boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan yurtimizda mehmon bo'lib turibdi. Bugun kunning ikkinchi yarmida faxriy mehmon boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Turizm va sport vazirligiga tashrif buyurishdi. Ularni bu erda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov kutib oldi.
Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralarda O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Osiyo karate federatsiyasi vitse-prezidenti, O'zbekiston karate federatsiyasi raisi Alamjon Mullaev va boshqalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda A.Abduhakimov so'nggi yillarda yurtimizda karate sport turini tobora ommalashtirishga berilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik borasida to'xtalib, bunga javoban o'zbekistonlik sportchilar xalqaro maydonlarda o'z so'zlarini aytishayotganligini ta'kidladi. Jumladan, yaqinda BAAning Dubay shahrida o'tkazilgan kattalar o'rtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Doston Otabolaevning g'alaba qozongani va bu mustaqil O'zbekiston tarixidagi ilk oltin medal sifatida tarixga kirgani mamlakatimizda karate sporti rivojida sezilarli yutuqlarga erishilganidan darak berishini e'tirof etdi.
O'z navbatida janob Nasser Abdulrazak Al Razuki yurtimizda sport sohasiga, xususan karate sportini rivojlantirishga hukumat darajasida e'tibor qaratilayotganidan mamnunligini bildirib, O'zbekiston tajribasini qit'amizning boshqa mamlakatlarida ommalashtirishni taklif qildi. Shu bilan birga, mehmondo'stlik va samimiy qabul uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, faxriy mehmon tashrif doirasida O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham bo'ladi. Unda oliygoh bilan BAA hamda O'zbekiston karate federatsiyalari o'rtasida uch tomonlama memorandum imzolanadi. Unga muvofiq, Osiyo karate federatsiyasi O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining karate bo'limida tatami va sport jihozlarini taqdim etishi ko'zda tutilgan.
Manba: Olympic.uz
Bosh sahifaga
293