“Barsa” “Liverpul”ning doimiy xaridori yoxud mersisaydliklar tarixidagi eng qimmat sotuvlar (top-10)
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 241

“Stadion.uz” e'tiboringizga “Liverpul” tarixidagi TOP 10 ta eng qimmat sotuvlar ro'yxatini taqdim etadi.
10. Xaver Maskerano ⇒ “Barselona”, 20 million evro

“Liverpul” Kataloniyaning “Barselona” uchun asosiy futbolchi etkazib beruvchi jamoalardan biri hisoblanadi. 2010 yilning yozida mersisaydliklar argentinalik yarimhimoyachi Xaver Maskeranoni 20 million evro evaziga Pireney oroli jamoasiga sotib yuborishdi. “Liverpul” o'z vaqtida Maskeranoni “Vest Xem Yunayted”dan 22,5 million evroga sotib olganini hisobga olsak, bu transferni klub uchun foydali deb bo'lmaydi.
9. Dominik Solanke ⇒ “Bornmut”, 21,2 million evro

2019 yil boshida mersidiyaliklar hujumchi Dominik Solankeni 21,2 million evroga “Bornmut”ga sotib yubordi. Solanke “Liverpul”ga 2017 yilda erkin agent sifatida kelib qo'shilgandi, biroq hujum chizig'idagi yuqori raqobat tufayli angliyalik kam o'yin amaliyotiga ega bo'ldi. Umuman olganda, Solanke “qizillar” safida 27 ta o'yin o'tkazib, bitta gol urgan.
8. Denni Ings ⇒ “Sautgempton”, 22,2 million evro

Denni Ingsning mersisaydliklar klubi tarixida o'z izini qoldira olmadi. Hujumchi 2015 yilda “Byornli”dan 8,3 million evro evaziga “Enfild” egalari safiga o'tgan, biroq jamoada o'z o'rnini topa olmadi. Uch yil ichida Ings bor-yo'g'i 25 ta o'yin o'tkazib, 4 ta gol urdi. Natijada futbolchi “Liverpul” rahbariyatidan o'ziga yangi klub topishni so'radi. 2018 yilning yozida Ings “Sautgempton”ga ijara asosida ko'chib o'tdi, keyingi yozda “avliyolar” uning shartnomasini 22,2 million evroga sotib oldi.
7. Mamadu Sako ⇒ “Kristal Pelas”, 28,2 million evro

Ettinchi o'rinda Mamadu Sakoning “Kristal Pelas”ga 28,2 million evro evaziga o'tgani joy oldi. Sako “Liverpul” bilan 3 yil davomida 80 ta o'yin o'tkazib, 3 ta gol urgan. Doimiy jarohatlar markaziy himoyachining “qizillar” tarkibida mustahkam o'rnashib olishiga to'sqinlik qildi. Eslatib o'tamiz, Sako Tumanli Albionga 2013 yilda PSJdan 19 million evro evaziga o'tgan edi.
6. Kristian Benteke ⇒ “Kristal Pelas”, 31,2 million evro

“Liverpul” tarixidagi eng omadsiz transferlardan biri bu Kristian Bentekening xarididir. Mersisaydliklar belgiyalik futbolchini 2015 yilning yozida 46,50 million evroga sotib olishgan bo'lsa, keyingi yili 32,20 million evroga sotib yuborishgan. Oddiy hisob-kitoblar usulidan foydalanib, hujumchidan xaridi ortidan yo'qotishlar 14,30 million evroni tashkil etganini aniqlash mumkin. “Liverpul” tarkibida Benteke 42 ta o'yin o'tkazib, 10 ta gol urgan.
5. Xabi Alonso ⇒ “Real Madrid”, 34,5 million evro

Reytingning o'rtasida Xabi Alonso joylashgan. 2004 yilda mersidiyaliklar “Real Sosedad” tayanch yarimhimoyachisining iqtidorini payqab qolishgan va basklarga 16 million evro taklif qilishgan. Oradan 5 yil o'tib “qizillar” Alonsoni “Real”ga bir baravar qimmatga sotishdi. “Liverpul” muxlislari uchun Xabi Alonso klubning yaqin tarixidagi eng sodiq va eng yaxshi legionerlaridan biri sifatida abadiy esda qoladi.
4. Fernando Torres ⇒ “Chelsi”, 58,5 million evro

2011 yilning 31 yanvarida, qishki transfer oynasining so'nggi kunida “Liverpul” hujumchi Fernando Torresni “Chelsi”ga sotib yubordi. Transfer summasi 58,5 million evroni tashkil qildi. Torres dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri sifatida “Chelsi”ga o'tdi va bir necha yildan so'ng bu sotuv Premer-liga tarixidagi eng omadsiz transferlardan biri sifatida qayd etildi. Fernando Torresning o'zi Liverpulda o'tkazgan vaqtlarini sog'inish bilan eslaydi. Uning statistikasi: 142 o'yin, 81 gol, 20 golli uzatma.
3. Raxim Sterling ⇒ “ManchesterSiti”, 63,7 million evro

Raxim Sterling “Liverpul” tarixidagi eng qimmat sotuvlar uchligini ochdi. 20 yoshli yarimhimoyachining 2015 yilda “Manchester Siti”ga o'tishi “Liverpul” muxlislarini hayratda qoldirdi. Ular shundan so'ng Sterlingni juda yomon ko'rib qolishdi va uni “sotqin” deb atashdi. “Qizillar” bu transferda 63 million evro ishlab oldi. Eslatib o'tamiz, Raxim KPR tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va “Liverpul” bilan atigi 700 ming evro evaziga shartnoma imzolagandi.
2. Luis Suares ⇒ “Barselona”, 81,7 million evro

Etti yil oldin mersisaydliklar tarixidagi eng qimmat transfer Luis Suaresning “Barselona”ga o'tishi bo'ldi. 2014 yilning 11 iyulida Kataloniya klubi urugvaylik hujumchi uchun 80 million evrodan ko'proq pul to'lagandi. Luis Suares “Liverpul” safida uch yil davomida o'ynadi va shu vaqt ichida 133 ta o'yin o'tkazib, 82 ta gol urdi va 47 ta golga assistentlik qildi. Klub tarixidagi eng yaxshi to'purarlar reytingida Luis 14-o'rinni egallab turibdi.
1. Felipe Koutino ⇒ “Barselona”, 130 million evro

Felipe Koutinoning “Barselona”ga sotuvi “Liverpul” tarixidagi eng qimmat transfer hisoblanadi. Mersisaydliklar Koutinoni 13 million evroga sotib, 130 million evroga sotib, 117 million evro daromad ko'rishdi. 2013-2018 yillar oralig'ida Felipe Koutino “Liverpul” libosida 201 ta o'yin o'tkazib, 54 ta gol urgan va 45 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Ammo, bu o'tish na “Barsa”, na Koutino uchun omadli transfer deb bo'lmaydi.

Bosh sahifaga
299