O'zbek futboli : muammo va unga echimlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 144

O'zbekistonlik futbol muxlislari uchun shu paytgacha ushalmay kelayotgan orzu – JChga yo'l olish. Ammo har doim mundialga bir qadam qolganda, biznikilar hammasini barbod qilishadi. Qizig'i, bu safar MTJ ancha oldin taslim bo'ldi. Oxirgi saralash bosqichiga chiqa olmagan O'zbekiston terma jamoasi hozir Osiyodagi bor obro'sini yo'qotib bo'ldi. Xo'sh, bizning futbolchilarga nima etishmaydi? Ularning oldida qanday muammolar bor? Yaratib berilgan sharoitlar kamlik qilyaptimi? Shu kabi savollar haqida hozir batafsil so'z yuritamiz.
Muammolar haqida
E'tibor berib qarasak, yon-atrofdagi mamlakatlarda ham futbol juda rivojlanib ketmagan. Faqat Rossiya va Eron bizdan yaqqol ustunligi bilinib turadi. Qolganlar yo biz bilan bir darajada, yoki bizdan kuchsiz. Mana shu ham bizning rivojlanishimiz uchun to'siq bo'la oladi. Ma'lumki, raqobat bor joyda o'sish bo'ladi, rivojlanish bo'ladi. Bizda esa bunday raqobat mavjud emas.
Tasavvur qiling, o'zbek futbolchilari kuchli Evropa klublariga o'tishi uchun qaysi yo'ldan o'tishi mumkin? Biz ko'radigan yagona yo'l – Rossiya. Boshqa variant yo'q. Bor bo'lsa ham katta mashaqqat va ko'p pul bilan hal qilinishi kerak. Ko'p futbolchilarimizda esa bunday qobiliyat mavjud emas, tan olaylik. Pul topishlari mumkin, biroq Evropaning mashaqqatli mehnatiga dosh bera olmaydi. U erda futbolni shunchaki muxlislar ko'ziga yaxshi ko'rinish uchun o'ynashmaydi. U joylarda allaqachon futbol termini – biznesga sinonim bo'lib ulgurgan.
Yana bir tomoni, o'zbek futbolida maoshlar o'ta yuqori darajada. To'g'ri, Evrofutboldagi maoshlar oldida bunisi hech narsadek tuyulishi tabiiy. Biroq O'zbekistondagi boshqa sohalar bilan solishtiradigan bo'lsak, bunisida er bilan osmonchalik farqni ko'ramiz.
Tavsiya qiladigan bo'lsam, O'zbekistondagi professional futbolchilarga beriladigan mablag'ni ikki barobar kamaytirib, ular qayd etadigan natijalari uchun beriladigan mukofot pullarini ikki barobarga oshirish kerak.
Qachon biz ham zo'r bo'lamiz?
Har safar har qanday o'zbek muxlisi tomonidan beriladigan savol. Ular ham sevimli jamoalarini eng kuchli termalar bilan o'ynashini orzu qilishadi. Eng oldi jamoalar oldida yurtdoshlarini qo'llab-quvvatlashni hayol qilishadi. Xo'sh, shunday samimiy va beg'ubor orzular qachon amalga oshadi? Bunisi haqida aniq javob bera olmaymiz. Zotan, bizdan ko'ra Alloh bilguvchiroq. Biz faqat futbolni tushunadigan inson sifatida yanada rivojlanishimiz uchun nima qilmoq kerakligi borasida fikr ayta olamiz, xolos.
Demak, biz qanday fikrlar bera olamiz? Muammolarga aytiladigan echim sifatida, avvalo, tanish-bilishchilik va korruptsiyani yo'qotish kerak deyishimiz mumkin. Sof raqobatni tashkil qilish uchun sog'lom tanlovni yo'lga qo'yish kerak. Yosh futbolchilarni kashf etish, bolalar futboliga katta e'tibor qaratish lozim. Zero, yoshlarga berilgan e'tibor – kelajakka berilgan e'tibor.
Ichki chempionat haqida gapirishga endi kech. Shunda ham deyarli har yili o'zgartirilaverganidan chempionatimiz og'ir damlarni boshdan o'tkazmoqda. Superliga hech qanday o'zgarishlarsiz kamida yana 5 yil shu tarzda davom etmog'i maqsadga muvofiq bo'ladi.
Ha, futbolimiz rostan islohotlarga muhtoj. Biroq keskin choralar ko'rish, tezda yuqori natijalar kutish to'g'ri emas. Tan olish lozim, biz ko'p yillarni boy berdik. Undagi muvaffaqiyatlar ham, qoqilishlar ham hammasi ortda qoldi. Hozir yangi davr boshlanmoqda. Shunday ekan, yangicha lekin oddiy usullar bilan rivojlanish darkor.
Manba: www.stadion.uz.
Bosh sahifaga
325