Farangga qarshi nayrang. UEFA tarafkashlik qilyaptimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 147

Xabaringiz bor, kecha KL so'nggi turi doirasidagi «Tottenxem» hamda «Renn» jamoalari ishtirokidagi bahs mezbonlarda avj olgan koronavirus holatlari sababli qoldirilgan edi.
Bu esa frantsuz klubi vakillarida bir qator noroziliklarni keltirib chiqardi. Chunki «Renn» o'shanda allaqachon Londonga etib kelgan va o'ynash uchun barcha narsa hozirlangan edi.
Koronavirus bilan bog'liq holat esa «Tottenxem»ning katta shtabini qamrab oldi: sakkiz futbolchi va murabbiylar shtabining besh nafar a'zosi virus yuqtirgani aniqlandi. Antonio
Konte ushbu holatga izoh berdi:
«Asosiy muammo shundaki, har kuni kasallanganlar soni ortib bormoqda. Vaziyat jiddiy. Bugun yana bir futbolchi va murabbiylar shtabidagi xodimning testi ijobiy natija bergan.
Bu esa yaxshi emas. Barcha birdek qo'rquvga tushgan. Bu erda albatta, hamma oilasini o'ylashi turgan gap. Nega bunda tavakkal qilishimiz kerak? Bu mening savolim. Bugun yana ikkita ijobiy test. Ertaga kim? Menmi? Buni hech kim bilmaydi», - deydi Konte.
Koronavirusga ijobiy test topshirgan barcha futbolchilar endi 10 kun davomida karantinda bo'lishlari talab etiladi. Ya'ni ular «Renn» bilan o'tadigan Konferentsiya ligasi o'yinini (9 dekabr) o'tkazib yuborishlari va Premer-ligada (12 dekabr) «Brayton»ga qarshi maydonga tusha olmasliklari kutilmoqda.
Biroq oldinroq «Renn» bilan kechadigan o'yin albatta bo'lib o'tishi kerak edi. Xalqaro reglamentga ko'ra, agar jamoada kamida 13 nafar o'yinchi bahsga tayyor bo'lsa, uchrashuvni boshqa kunga ko'chirish mumkin emas. Biroq chorshanba kuni londonliklar o'yin qoldirilganini rasman e'lon qildi. «UEFA bilan muzokaralar davom etmoqda va biz qo'shimcha ma'lumotlarni o'z vaqtida taqdim etamiz», — deyiladi xabarda.
Biroq, «Renn» bu fikrga qo'shilmayapti. Frantsuz klubi bunga javob qaytardi va unda raqibni faqat bir tomonlama qaror qabul qilganlikda aybladi: “Soat 19.45da bo'lib o'tgan «Tottenxem» va «Renn» vakillari o'rtasidagi videokonferentsiya chog'ida «shporlar» direktori payshanba kungi o'yinda qatnashmaslik niyatini ma'lum qildi. Biroq ushbu bir tomonlama qaror UEFA tomonidan tasdiqlanmadi.
«Tottenxem» matbuot kotibi koronavirusdan zarar ko'rgan futbolchilar sonini e'lon qilishni istamadi, qoidaga ko'ra, o'yin jamoada 13 nafar futbolchi va bir darvozabon bo'lsa, o'tkazilishi kerak. Tashkilot Britaniya rasmiylarining qarorini hech qanday rasmiy hujjatlarsiz himoya qildi.
UEFA o'yinni rasman bekor qilmagani uchun «Renn» o'z qarorini tasdiqladi. Klubning e'tirozi shundan iboratki, UEFA feyr-pley qoidasini to'liq joriy qilmagan va kasallangan futbolchilarning sonini yashirgan. Vaholanki, «Renn» o'sha kuni Londonga etib kelib, uchrashuvni o'tkazishga tayyor edi. Bu erda jamoa raqibiga nisbatan texnik mag'lubiyat yozilishini kutgan.

Bosh sahifaga
310