Mojaro: 6 yillik muhokama
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 184

Karim Benzemaning Mate Valbuenani shantaj qilgani bilan bog'liq ish, nihoyat, o'z echimini topdi. Versal sudi «Real» hujumchisini aybdor deb topib, unga nisbatan bir yillik shartli qamoq jazosi va 75 ming evro miqdorida jarima belgiladi. Sudning fikriga ko'ra, futbolchi o'z harakatlarining jinoyatga xosligini anglamagan.
Prokuror frantsiyalik forvardga nisbatan 10 oylik shartli qamoq va 75 ming miqdorida jarima qo'llanishini so'ragandi - bundan ko'rinadiki, Karim ayblovchi tomon so'raganidan ham jiddiyroq jazoga loyiq ko'rilgan. Benzema vakillarini sud qarori qoniqtirmadi - ular e'tiroz bildirishadi. Bu haqda advokat Silven Korme ma'lum qildi: «Bu juda jiddiy, isbotlarga asoslanmagan adolatsiz hukm. Apellyatsiya shart, qarorga nisbatan e'tirozimizni bildiramiz, chunki Benzema uyatli hech nima qilmagan. U apellyatsiya sudida oqlanadi».
Karim sudda qatnashmadi. Frantsiya futbol federatsiyasi prezidenti Noel Le Gre sud hukmi futbolchining terma jamoadagi o'yiniga ta'sir o'tkazmasligini ta'kidladi: «Uning Frantsiya termasi safida to'p surishiga to'siq bo'ladigan hech narsani ko'rmayapman». Mazkur ishning boshqa qatnashchilari turlicha jazolarga loyiq ko'rildilar: 18 oylik shartlidan tortib, 2,5 yilgacha qamoq jazosiga.
Muhokama 6 yilga cho'zildi. Asli nima bo'lgandi?
2015 yilning 4 noyabr kuni Benzema Valbuenani intim videolar bilan shantaj qilganlikda ayblanib, qo'lga olindi. Shuningdek, tovlamachilikda qatnashgan uch nafar shaxs ham qamoqqa olindi, ular orasida taxminiy tashkilotchi - 39 yoshli Frantsiya fuqarosi Aksel ham bo'lib, u Marselda faoliyat yuritadigan futbol agentlari bilan yaqin aloqaga ega.
Tergov-surishtiruvlarga ko'ra, Aksel va uning ikki sherigi videoyozuv evaziga Valbuenadan 150 ming evro so'rashgan, aks holda, rolikni internetda tarqatish bilan tahdid qilishgan. Benzema buyurtmachi yoki tashkilotchi hisoblanmagan - taxminlarga ko'ra, jinoyatchilar u bilan o'zaro tanishlar orqali bog'lanib, hujumchining Valbuenadan pul olishda yordam berishini so'rashgan. Karim bir sutkadan ko'proq vaqtini panjara ortida o'tkazgan - faqatgina advokatining oqilona ishlashi tufayli mamlakatni tark etish bo'yicha taqiqdan qutulib qolgan.
Karim ayblovni quyidagicha izohladi: «Men vositachi vazifasini bajarishim, Mate va Karim Zenati (Valbuena ishi bo'yicha yana bir qatnashchi) o'rtasida aloqa o'rnatilishini engillashtirishim kerak edi. Afsusdaman, chunki Zenati bilan yaqin do'stlarmiz. Unga qamoqdaligida va ozodlikka chiqqanidan keyin g'amxo'rlik qilgandim. Zenati bilan barchasiga Valbuena qanday munosabat bildirishi borasida gaplashgandik. Mate pul to'lamoqchi emasligini ta'kidladi. Zenatining foyda ko'rishi - mening maqsadim emasdi, bu haqda o'ylamagandim. Rostini aytsam, hozir bo'layotgan voqealardan shok holatiga tushdim».
Ayblovlar Karim uchun asoratsiz kechmadi: 2016 yilning aprelida Frantsiya futbol federatsiyasi uni termaga chaqirmaslik bo'yicha qaror chiqardi. Benzema milliy jamoaga faqat Evro-2020 arafasida qaytdi.
Valbuenaning pozitsiyasi qanday?
U muntazam o'zgarib turdi. 2015 yilning noyabrida Mate shunday degandi: «Benzemadan bunday harakatni kutmagandim, hattoki, ashaddiy dushmanimga ham buni ravo ko'rmayman».
v 2016 yilning sentyabri: «Benzemaga nisbatan e'tirozim yo'q, mojaro ortda qoldi».
v 2016 yilning noyabri: «Albatta, Benzema bilan birga maydonga chiqishga tayyorman. Nega endi shunday bo'lmasligi kerak? Hech qanday muammo ko'rmayapman. Maydon va uning tashqarisida ro'y berayotgan voqealarni ajratishni yaxshi bilaman. Sezgan bo'lsangiz, Benzema bilan birga maydonda har doim yaxshi chiqishganmiz».
v 2017 yilning may oyida Benzema Matening fikrlari turlicha ekanligiga ishora qildi: «Eng kulgilisi, u (Valbuena) bo'lib o'tgan voqealardan keyin mendan ranjimagani, men bilan birga o'ynashga qarshi emasligini aytdi. Menimcha, uning ahvoli yaxshimas, boshidan buyon shunday bo'lgan. Matening aytishicha, men bosqinchiman, unga tahdid qilganman, qo'rqitganman. Endi esa u men bilan birga o'ynashga qarshi emas! Aqldan ozganmi? Bir yarim yildan buyon uning uchun dushmanman, taqlid qilishga arzimagan shaxsman, qamalishga loyiq bezoriman, odamlar ham mening nomimni bulg'ashmoqda. Deyarli ikki yildan buyon eng yaqin do'stlarimdan biri Karim Zenati bilan ko'risholmayapman. Chunki uchrashadigan bo'lsak, qamoqqa tushamiz. Valbuena esa shunchaki dam olyapti. Bunday ahmoqona ishlar bilan shug'ullanishni bas qilishi kerak».
Valbuena ko'p o'tmay «Tvitter» orqali Karimga abstrakt ko'rinishida xabar yo'lladi: «Tuhmat - ojizlar quroli! Bu kishini ranjitadi. Haqiqat shundaki, adolat tantana qiladi».
v 2021 yilning oktyabrida esa Mate shunday dedi: «Bu ish 6 yildan buyon davom etmoqda. Ayblanuvchilarning barchasi shu erda, faqat Karim kelmadi. Afsus, lekin nima ham qilardik. Biz oxirigacha boramiz. Olti yil kutdik. Buni miyadan chiqarib yuborishimiz uchun qancha talab etilsa, shuncha kutishga tayyormiz».
D.ALIMOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
320