Evrotur: Faxrli «teshikkulcha» kushandasi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 624
Ortda qolgan futbol haftasida top chempionatlarda yagona bo'lib turgan jamoa mavsumdagi ilk mag'lubiyatini tan oldi. Shu tariqa kuchli beshlik vakillari orasida jadvalning mag'lubiyat bandida faxrli «0» raqamini saqlab kelayotgan jamoa qolmadi.
Angliya. Dramatizm bo'yicha musobaqa
Tig'iz taqvim hukmiga binoan, APL vakillari navbatdagi «uik-end»ni teng ikki guruhga bo'lingan holda o'tkazishdi. Ya'ni, Angliya kubogi chorak final bahslari bo'lib o'tdi. Qolganlar ichki chempionat doirasida kuch sinashishdi. Ta'kidlash joizki, har ikki guruhda ham muxlislar o'ta murosasiz bahslar guvohiga aylanishdi.
Jumladan, yarim final yo'llanmasi ilinjida Uelsga tashrif buyurgan «Manchester Siti» «Suonsi»ni irodali g'alaba evaziga mahv etdi - 3:2. Boz ustiga, hal qiluvchi golni Aguero «ofsayd» holatidan amalga oshirgandi. Hakam esa bu qoida buzilishini payqamay qoldi. To'g'ri, kubok bellashuvlarida VAR tizimidan foydalanish mumkin. Biroq tizim «oqqushlar» stadionida yo'q edi. Chunki uni faqat APL vakillari arenalariga o'rnatishga ruxsat etilgan. Ana shu adolatsizlik quyi divizion vakilini musobaqadan chiqarib yubordi. Vaholanki, «Suonsi» dastlabki yarim soat ichida ikki to'p farqi bilan oldinga chiqib olgan, so'nggi daqaqalargacha munosib himoyalangandi. Ha, o'yindan keyin Gvardiola o'z jamoasining shu zaylda yarim finalga chiqqani uchun muxlislardan uzr so'radi. Biroq u pallada «poezd» g'oyib bo'lgandi.
Bu uchrashuvga qadar manchesterlik muxlislar 2ta derbi bellashuviga umidvor bo'lib turishgandi. Biroq «MYu» safarda «Vulverxempton»dan engilib (1:2), kubok musobaqasini tark etdi. Ta'kidlash joizki, murosasiz bahsning 70-daqiqasiga qadar tomonlar darvozaga yo'l topa olmadilar. Keyin mezbonlar 6 daqiqada 2ta gol urishdi, mehmonlar esa muvozanatni tiklashga ulgurmadilar. Reshfordning so'nggi daqiqadagi aniq zarbasi hisobni qisqartirishdan boshqasiga yaramadi. Oqibatda Sulsher shogirdlari nufuzli turnir bilan xayrlashishdi.
Keyingi juftlikda «Uotford» o'z maydonida «Kristal Pelas»ni qabul qilib, kamtarona hisob (2:1) bilan yo'llanmani qo'lga kiritdi. Lekin quyi divizion vakili - «Milluoll» xuddi «Suonsi» kabi APL jamoasiga jiddiy qarshilik ko'rsatdi: jamoa «Brayton» bilan ikki soat tengma-teng «olishib», penaltilar seriyasida yo'llanmani boy berdi. Vaholanki, u asosiy vaqtning o'zida g'alabaga yaqin turgandi. Lekin mehmonlar oxirgi daqiqada muvozanatni tiklab, yarim final taqdirini «over-taymlar»ga va «lotereya»ga ko'chirishdi.
Elitaning 31-turi ham keskin kurashlar ostida o'tdi. Xususan, peshqadamlik roliga chiqib olish uchun «Liverpul» Londonda jiddiy ter to'kishiga to'g'ri keldi va u «Fulxem»dan muhim 3 ochkoni tortib oldi. «Chelsi» esa Liverpul safarida «Everton»ga imkoniyatni boy berdi - 0:2.
«Vest Xem» - «Xaddersfild» qarama-qarshiligida muxlislar 7ta gol ko'rishga muvaffaq bo'lishdi. Qizig'i, o'yin tugashiga 15 daqiqa qolganida so'nggi o'rin sohibi ikki to'p farqi bilan oldinda borayotgandi. Lekin shu qisqa vaqt ichida «bolg'achilar» 3ta gol urib ulgurishdi.
Ispaniya. «Erkak» Qaytdi, ishonchni Qaytardi!
Shu paytgacha nomiga dog' tushirmagan Zidanning qaytishi «Qirollik klubi» muxlislarida xayrli yakunga umid uyg'otgan bo'lsa, murabbiy amalga oshirilajak ishlarni puxta rejalashtirib ulgurgandi. «Real» bosh murabbiyi lavozimidagi 150-uchrashuvda Zizu velosipedni takroran ixtiro qilishni istamadi va mavjud tarkib bilan kerakli natijaga erishish tadorigini ko'rdi: Keylor Navas darvozani egalladi, Marselo himoya chizig'idan joy oldi, oktyabrdan beri ilk marta Isko maydonga tushdi. Buni qarangki, aynan shu shovvozlar «Selta» ustidan erishilgan g'alabaga (2:0) ulkan hissa qo'shdilar - Navas darvoza daxlsizligini ta'minladi, Isko va Beyl gol urishdi, Marselo esa o'yinning boshidan oxirigacha ishonchli to'p surdi. Qizig'i, Zayniddinning «Santyago Bernabeu»dagi oxirgi o'yini ham vigoliklarga qarshi kechgan va gollar soni 3 marta ko'proq bo'lgandi. O'sha o'yinda ham, bu gal ham Ronaldu maydonda yo'q edi. Jamoa shu tariqa «Atletiko»ga ancha yaqinlashib oldi.
Chunki Diego Simeone shogirdlari Bilbaodan quruq (0:2) qaytishga majbur bo'lishdi. «Matraschilar»dagi omadsizlikdan «Barselona» ham unumli foydalandi. Jamoa Sevilyada «Betis»ni yirik (4:1) hisobda engib 1-davradagi mag'lubiyat (3:4) alamini oldi. Shuningdek, eng yaqin ta'qibchidan 10 ochkoga uzoqlashdi. E'tiborga molik uchrashuvlardan biri Eybarda bo'lib o'tdi. Unda autsayderlar guruhiga qo'shni bo'lib turgan «Valyadolid» qo'shimcha vaqtning so'nggi daqiqalarida ikki marta mezbonlar darvozasini zabt etib, 16-pog'onaga ko'tarilib oldi. «Xetafe» esa «Valensiya»ga qarshi bahsda o'z darvozasi daxlsizligini ta'minlab, safardan 1 ochko bilan qaytdi.
Italiya. «Yuve»ning ilk ma/lubiyati
Genuyada «Yuventus» «Jenoa»dan engilib, «A» seriyadagi dastlabki mag'lubiyatini tan oldi. Shu tariqa 27 uchrashuvda jamoaga hamrohlik qilgan faxrli «teshikkulcha» o'rnida 1 raqami paydo bo'ldi. Lekin tan olaylik, EChLdagi tarixiy «kambek»dan keyin turinliklar jismoniy va ruhiy toliqishdan forig' bo'lishga ulgurishmagandi. Boz ustiga, Massimiliano Allegri bir qator shogirdlari, jumladan, Ronalduga ham dam berishga qaror qilgandi. Qisqasi, mehmonlar raqib darvozasi tomon durustroq zarba yo'llashni ham uddalay olmadilar va shunga yarasha jazolandilar. Bellashuv qahramoni sifatida e'tirof etilgan 35 yoshli Goran Pandev avval Stefano Sturaroni samarali uzatma bilan ta'minladi. Keyin o'zi peshqadam darvozasini nishonga oldi.
Tabiiyki, etakchining ochko yo'qotishidan ta'qibchilar unumli foydalanishdi. Jumladan, «Napoli» o'z maydonida «Udineze» ustidan ishonarli tarzda zafar quchdi - 4:2. Lekin gollarga boy bo'lgan murosasiz bahsda noxush voqea ham yuz berdi - dastlabki daqiqalarda David Ospina raqib hujumchisi Ignasio Pussetto bilan to'qnashuvda jiddiy jarohat oldi. Avvaliga shifokorlar ko'magidan so'ng maydonga qaytgan bo'lsada, bo'lim oxirida hushini yo'qotib qo'ydi. Ospina o'sha zahoti shifoxonaga jo'natildi. Xabarlarga ko'ra, hayoti xavf ostida emas, lekin miyasi chayqalgan.
«Sassuolo» - «Sampdoriya» qarama-qarshiligida xokkeycha hisob (3:5) kuzatildi. Qizig'i, bunchalik sermahsul (8 gol) o'yinga Rejo-Emiliya muxlislari shu mavsumning o'zida 3 marta guvoh bo'lishdi. Mazkur muvaffaqiyat «Sampdoriya»ni evrokuboklar hududiga yaqinlashtirdi.
Turning markaziy uchrashuvi - «Milan» - «Inter» bellashuvi murosasiz tarzda o'tib, Luchano Spalletti jamoasining foydasiga (3:2) hal bo'ldi. Natijada azaliy raqiblar yana o'rin almashib oldilar.
Ferrarada xavfli hududga yaqinlashib qolgan SPAL «Roma»ni mahv etdi - 2:1. Shuningdek, Turinda «Bolonya» mahalliy «Torino»dan muhim 3 ochkoni tortib oldi. Ha, «V» seriyaga tushib ketish kimga ham yoqardi?
Germaniya. Tenglik saQlanib Qoldi
Avvalroq yuzaga kelgan Bundesligadagi qo'shhokimlik bu turdan keyin ham o'zgarishsiz qoldi - «Bavariya» Myunxenda «Maynts»ni tennischa hisobda (6:0) engdi, Dortmundning «Borussiya»si esa Berlinda «Gerta»dan ustun keldi - 3:2. Uchrashuvlar qay yo'sinda kechganligini natijalar ko'rsatib turibdi. Darhaqiqat, Niko Kovach shogirdlari raqibga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Xames Rodrigesning «xet-trik»i esa Zidan bejizga uni Madridga qaytarishni shart qilib qo'ymaganini isbotladi.
«Borussiya D» esa poytaxtdan 3 ochko bilan qaytish uchun tinmay harakat qildi va so'nggi daqiqada maqsadiga erishdi. Qo'shimcha vaqtning 2-daqiqasida amalga oshirilgan Marko Roysning aniq zarbasi o'yin taqdirini hal qildi.
Menxengladbaxning «Borussiya»si o'z uyida «Frayburg»ni enga olmay (1:1), «RB Leyptsig» bilan tenglashib olish imkoniyatini yo'qqa chiqardi. «Leyptsig» Gelzenkirxenda «Shalke» ustidan kichik hisobda (1:0) ustun keldi.
O'z maydonida «Fortuna»ni yirik hisobda (5:2) mag'lubiyatga uchratgan «Volfsburg» hamda Leverkuzenda «Bayer»dan 3 ochkoni tortib olgan «Verder»lar evrokuboklar hududiga yaqinlashib olishdi.
Frantsiya. Omad ham «Monako» tomonida
Knyazlik klubining Lilldan to'liq 3 ochko bilan qaytishi hatto Leonardu Jardim uchun ham yoqimli syurpriz bo'lsa, ajabmas. To'g'ri, har qanday vaziyatda murabbiy o'z jamoasining g'alaba qozonishini istaydi. Lekin ikkinchi pog'onaga mustahkam joylashib olgan raqib maydonida durang ham g'alabaga teng. Qolaversa, o'yin aynan shu stsenariy bo'yicha («Monako» uchun, albatta) kechayotgandi. Ammo so'nggi daqiqada mezbonlar himoyachisi Joze Fontening to'p uzatishdagi qo'pol xatosi mehmonlar safida o'z debyutini nishonlayotgan Vinisius Morais uchun ajo-yib sovg'a bo'ldi. Shu tariqa «Monako» o'z ochkolarini 30taga etkazib, xavfli hududdan ancha uzoqlashib oldi.
Turning asosiy qarama-qarshiligida «PSJ» azaliy raqibi - «Marsel»ni qabul qilib, navbatdagi zafarni rasmiylashtirdi. To'g'ri, tanaffusga chiqish arafasida Mbappeni o'tkazib yuborgan mehmonlar ikkinchi bo'limni muvozanatni tiklash bilan boshlagan edilar. Biroq Anxel di Mariyani ko'zdan qochirishgani qimmatga tushdi - birinchi bo'limda Kilianni samarali uzatma bilan ta'minlagan argentinalik yarim himoyachi 11 daqiqa ichida «dubl»ga erishdi va g'olib masalasini kun tartibidan olib tashladi - 3:1.