“Arilar“ “qizil mashina“ni to'xtata oladimi yoxud “Borussiya Dortmund“ – “Bavariya“ (prevyu)
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 142

Bugungi kun nemis futbolining ashaddiy muxlislari uchun alohida voqelik bo'lishi shubhasiz. Sababi Toshkent vaqti bilan 22:30da “Borussiya Dortmund“ – “Bavariya“ jamoalari o'rtasidagi “Der Klassiker“ start oladi. Haqiqiy nemis klasikosi ixlosmandlari shu vaqtgacha hamma ishlarini tugatib olishlari shart. So'ngra bemalol super uchrashuvni tomosha qilishlari mumkin bo'ladi. Biz esa hozir bu ikki jamoa haqida batafsil so'z yuritmoqchimiz.
“Borussiya Dortmund“
Dortmundliklar bu o'yinga qadar oxirgi 6 bahsdan buyon “Bavariya“ni mahv eta olmayapti. Myunxen jamoasi hatto durangga ham rozi bo'lmayapti. Hammasida raqibni shafqatsizlarcha taslim etmoqda. Ammo bu safar Marko Roze shogirdlari ushbu noxush an'anani buzishga imkoniyatlari bor. To'g'ri, har safar ularda imkon bor edi. Biroq bu safargisi juda qulay vaqtga to'g'ri kelmoqda. “Arilar“ Portugaliyaning “Sporting“idan mag'lubiyat qabul qilib olgach, Chempionlar Ligasi pley-off bosqichidan mahrum bo'ldi. Bu ham futbolchilarga kuchli “reaktsiya berishi“ mumkin. Alam ustida ular har qanday raqibni yanchib tashlashga qodir kayfiyatda harakatlanishlari ham ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, o'yin “Borussiya“ning “Signal Iduna Park“ida bo'lib o'tadi. Qizig'i, Holland va uning sheriklari Bundesliga doirasida o'z maydonlaridagi bahslarda hali ochko yo'qotishmagan. 7 matchning barchasida g'alaba qayd etilgan. Qo'shimchasiga, agar mezbonlar bugun g'alaba qozonsa, ashaddiy raqiblaridan turnir jadvalidagi peshqadamlikni tortib oladi.
“Bavariya“
Myunxen jamoasida hammasi o'z joyida ketmoqda. EChLda masala hal qilingan, chempionatda etakchilikni saqlab turibdi. Faqat kubokda boshqa bir “Borussiya“ga uchralgan yirik mag'lubiyatni hisobga olmasa, “mashina“ tezlikdan qolgani yo'q. “Nemis mashinasi“ oxirgi paytlardagi “nemis klasiko“larida doimiy favorit bo'lib kelmoqda. Ayniqsa, Flik davrida myunxenliklar “sariq-qoralar“ga umuman imkon bermasdi. Hozir Nagelsmann kelib, jamoa biroz qudratini yo'qotgandek, go'yo. Ammo ishonavering, bu klub har doim har qadamda xavfli bo'lib qolaveradi. Tarkibida “Oltin To'p“ yuta olmagan Levandovski, super formasini yo'qotmagan Myuller, ishonchli posbon Noyer va reaktiv tezlikka ega Devislari bor ekan “Bavariya“ hozir istalgan jamoani er tishlata oladi.
“Borussiya Dortmund“ga oid yangiliklar
“Arilar“ safida bugungi o'yinni Azar, Bellingem, Byurki, Mukoko, Reyna, Shmeltser va Unbexaun kabi bir qator futbolchilar o'tkazib yuborishi mumkin. Murabbiy Marko Roze uchun joriy o'yin juda qiyin kechishi aniq. Shunga qaramay, uning oldida kurashishdan boshqa variant yo'q.
“Bavariya“ga oid yangiliklar
O'z navbatida, mehmonlarda ham yo'qotishlar kam emasligini ta'kidlash joiz. Kimmix, Zabittser, Shupo-Moting, Sarr, Stanishich, Ulrayx, Kyuizans singari charm to'p ustalari ushbu bahsda qatnasha olmasligi ehtimoli yuqori. Ko'rinib turibdiki, ikki jamoada ham tarkibdagi muammolar etarlicha. Ya'ni ikkala tomon uchun ham bu bo'yicha bahona qilishga sabab yo'q.
Uchrashuvlar tarixi
O'yinlar soni : 129ta
“Borussiya Dortmund“ : 32 g'alaba
“Bavariya“ : 63 g'alaba
Durang : 34ta
Taxminiy tarkiblar
“Borussiya D“: Kobel; Myone, Akanji, Xummels, Gerreyro; Jan, Vitsel, Davud; Brandt, Holland, Roys.
“Bavariya“: Noyer; Pavar, Upamekano, Ernandes, Devis; Tolisso, Goretska, Myuller; Koman, Levandovski, Sane.
Manba: www.stadion.uz.
Bosh sahifaga
312