O'FAda hakamlik sohasini rivojlantirish tahliliga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 98

Bugun O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbol hakamligini rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklarni tahliliga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi.
Videoanjuman shaklida o'tkazilgan yig'ilishda hududiy assotsiatsiyalarning vitse-prezidentlari, instruktorlar, hakamlar va nazoratchilar ishtirok etdi.
Kun tartibiga ko'ra, dastlab hududlarda hakamlarni selektsiya qilish jarayoni tahlil qilindi. Ravshan Ermatov yosh hakamlarni o'qitish, ularni katta uchrashuvlarga ruhan tayyorlash, tizimli ravishda saviyasini oshirib borish borasidagi ishlarni tanqidiy tahlil qildi.
«Saviyasiz hakamlik futbolni rivojlanishiga to'siq bo'lishini hammamiz yaxshi bilamiz, hamma o'z ishini sidqidildan bajarsa, futbolimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun borini berib harakat qilsa, albatta o'sish bo'ladi. Hakamlik ham bevosita futbolimizning bir bo'lagidir. Shuning uchun yangi etishib chiqayotgan hakamlar yangicha fikrlashlari, futbol qonun-qoidalarini yaxshi bilishlari, jismoniy tayyor bo'lishlari, chet tillarini bilishi va o'z oldiga yuqori maqsad qo'yib, o'z ustida doimiy ishlab borishlari shart», — dedi O'FA birinchi vitse-prezidenti.
Har bir sohada bo'lganidek, hakamlikda ham bugungi kunning talabi — ishga mas'uliyat va professionallik bilan yondashish, zamonaviy bilimlarni egallashda shijoatli bo'lish kerak ekanligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, yurtimizda yildan yilga musobaqalar ko'payib, o'yinlar soni ortib borayotgani yosh hakamlarga tajribasini orttirish uchun yaxshi imkoniyat berishi, har bir uchrashuvga bilimli va saviyasi yuqori hakamlarni tayyorlash zarurligi aytildi. Bu borada joylardagi hakamlarni selektsiya qilish tizimini qayta ishlab chiqish birinchi galdagi vazifa ekanligi qayd etilib, hakamlar etishtirib berishda oqsayotgan hamda ishga reja va tahlil bilan yondashmayotgan hududlar tanqid ostiga olindi.
Shuningdek, mahorat maktablarini bitirayotgan, biroq futbolchi bo'lolmagan yoshlarimizni professional hakam, yoki murabbiylikka yo'naltirish boyicha hududiy vakillarga vazifalar belgilandi.
Yig'ilishda hakamlikni yuqori darajada olib chiqish borasida maxsus seminarlar va kurslarni davomli o'tkazib borish, har bitta hududda ayollar hakamligini rivojlantirish hamda yosh hakamlarni saralab olishni ko'paytirish bo'yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi.

Bosh sahifaga
353