E'tirof: mashhurlar Belsa haqida nimalar deydi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 165

Marselo Belsa nomi barchaga yaxshi tanish. U taktik jihatdan dunyoning eng yaxshi murabbiyi sifatida e'tirof etilib kelinadi. Argentinalik mutaxassis "Lids" klubini 16 yillik tanaffusdan keyin APLga olib chiqdi. U bu bilan nima uchun Angliyada ishlayotganini isbotlab bera oldi. Belsa jamoasi ALLning birinchi mavsumini turnir jadvalining birinchi qismida yakunladi. Bu mavsumda ham yomon harakat qilmayapti. To'g'ri, u hozirgi zamon murabbiylari kabi shonli faoliyatga ega emas. Chunki Marselo 25 yoshidayoq futbolchilikni yakunlab, murabbiylikni tanlagan edi. Uning dastlabki jamoasi o'z yurtining "Nyuells Old Boyz" klubi bo'ladi.
Hozirda "PSJ"da faoliyat yuritayotgan Maurisio Pochettino Belsaga yuqori baho bergan. "Manchester Siti" ustozi Pep esa, uni "dunyodagi eng yaxshi murabbiy" deb ta'riflagan. Quyida sizning e'tiboringizga Marselo Belsa bilan ishlagan mashhur futbolchilarning u haqidagi fikrlarini taqdim etamiz.
"Men uning jamoasiga qo'shilganimda juda semiz edim. Negaki, alfaxores(milliy taom)ni ko'p tanavvul qilardim. Birinchi undan o'rgangan narsam, to'g'ri ovqatlanish bo'ldi. U meni yomg'ir ostida shug'ullanishga majbur qilardi. Men o'shanda undan bu ishi uchun nafratlanganman. Biz o'zimizcha katta orzular qilar edik. Oramizdagi eng katta orzu egasi Belsa edi. U Arrigo Sakki murabbiy kabi bo'lishni orzu qilgan. Bizni esa biz bo'lishimizni xohlagan. U bizni, bir guruh ko'cha bolalarini qahramonga aylanishimizni istardi".

Gabriel Batistuta – sobiq futbolchi
"Uning gaplari maydondagi savollarimga javob topishga yordam bergan. Hammasi u bergan uyga vazifalarda mujassam edi. Men barcha do'stlarimga hech bo'lmasa bir foizgina u kabi tajribaga ega bo'lishini tilayman".

Maurisio Pochettino – "PSJ" klubi bosh murabbiyi
"Meni men bo'lishimga ko'plab murabbiylar ta'sir ko'rsatgan: Belsa, Eriksson, Basile. Bu nomlarni yana davom ettirish mumkin. Ularning baridan nimadir olganman. Ammo ularning ichida Belsa menga ko'p narsa o'rgatgan".

Diego Simeone – "Atletiko" klubi bosh murabbiyi
"Men undan ko'p narsa uqdim. Hozir u sabab men Aleksis Sanchesman. Belsaning bir jihati doimo yodimda qolgan: u o'z o'yinchilarini o'zligini saqlashga o'rgatar edi".
Aleksis Sanches – "Inter" futbolchisi
"Men "Bilbao" klubiga endi kelgan paytlarimda hakamlar bilan ko'p tortishardim. O'shanda Belsa menga shunday degan: "Boshqa hakamlar bilan bahslashma, chunki ular futbolchilarni o'ldirmaydi, aksincha ularga yordam beradi". Mana shu narsa undan o'rgangan darsim edi. Uning jamoasida o'ynash men uchun katta sharaf. U menga doimo imkon berib kelgan. Uning yana bir gapi hech esimdan chiqmaydi. U buni butun jamoaga qayta-qayta takrorlar edi: "Agar birinchi golni urib olsak, ikkinchisi uchun ham shu zahoti harakat qilish kerak. Vaqtni bekor sarflash yaramaydi. Hakamlar bilan tortishmang. Hatto, u sizning ziyoningizga qaror chiqarsa ham. Faqat yugurishda, jang qilishda davom eting. Unutmang, birinchi golni saqlab qolishning eng yaxshi yo'li, bu ikkinchisini urib olishdir!". U chinakam daho edi".
Ander Errera – "PSJ" klubi futbolchisi
"U meni futbol haqida videolar ko'rishga majbur qilardi. Video boshidan boshlab yonimda turardi. Men esa video qarshisida uyquga cho'mib qolardim. Ammo u bundan xursanddek edi. Men esa hayratga tushardim. Men uyg'onib o'zimga yana videoni ko'rish kerak ekanini uqtirar edim. Shunda u menga uyqu bilan kurashish kerak ekanini, bo'lmasa maydonda ham bundan battar ahvolga tushishim mumkinligini aytdi. Marselo juda ham mehribon edi. Men u bilan ishlaganimdan baxtliman".
Benjamin Mendi – "Man. Siti" futbolchisi
"Men o'zimga unchalik ham ishonmas edim. U menga ishonch qanday bo'lishini o'rgatdi. Belsa bizni har bir o'yin uchun 100 foiz tayyor bo'lishimizni xohlaydi. U butun jamoani o'z o'yinimizni qaytadan ko'rib chiqishga majbur qilardi. Keyin esa, qaerda xato qilganimizni, qaerda yaxshi o'ynaganimizni so'raydi. Men yarim himoyada o'zimni yaxshi his qilaman. Ammo Belsa mendan ko'ra, men qaerda jamoaga foydam tegishini yaxshi biladi. Menimcha, uning qo'lida haqiqiy futbolchi sifatida etildim. Uni bizga bergan saboqlari har doim faqat o'z foydamizga xizmat qiladi. Belsa ajoyib murabbiy".
Kalvin Fillips – "Lids" futbolchisi
Jaloliddin ISMATOV
Manba: futaa.com
Bosh sahifaga
254