FMTMda sport psixologiyasi bo'yicha ilmiy kurslar o'tkazilmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 118

Xabaringiz bor, so'nggi yillarda futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali futbol sohasida etuk va chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlash bo'yicha qator ishlar olib borilmoqda. Xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash maqsadida O'FA qoshida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi (FMTM) faoliyat ko'rsatmoqda.
Mazkur markazda xalqaro futbol tashkilotlarining ishlab chiqqan dasturlari va sohadagi etuk mutaxassislarini jalb qilgan holda bir qator yangi sohalar, jumladan, sport psixologiyasi bo'yicha yangi kurslar tashkil etildi.
Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida sport psixologiyasi bo'yicha bolalar-o'smirlar futbol akademiyalari psixologlari, bolalar-o'smirlar sport maktablari va professional futbol klublari mutaxassislari uchun o'quv kurs bo'lib o'tmoqda.
Bugun O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ushbu kursning navbatdagi seminariga tashrif buyurdi.
“Agar barcha murabbiylar ham sportda psixologlarning roli naqadar muhimligini tushunganlarida edi, ular har kuni kamida bir soatdan psixologiyaga vaqt ajratgan bo'lar edilar. Chunki guvohi bo'lib turibmiz, ko'plab yosh futbolchilarimiz xalqaro musobaqalarda ruhiy tomonlama muammoga duch kelib, o'zidagi hayajon va bosimni enga olmayapti. Bu esa albatta natijalarga o'z ta'sirini o'tkazmasdan qolmaydi”, dedi Ravshan Ermatov.
Ma'lumot uchun, kursni O'zbekiston terma jamoasi psixologi Tatyana Usova olib bormoqda, unga Marina Dorfman assistentlik qilmoqda. Darslarda, asosan, sport psixologiyasining maqsad va vazifalari, sportda shaxsni o'rganish, murabbiylar shtabi va sportchilarni psixodiagnostika qilish, sportchilarning psixologik tayyorgarligi tizimidagi jamoaviy uslubiyat, futbolchining g'alabaga bo'lgan ishonchini qo'llab-quvvatlash va boshqa jihatlar to'g'risidagi mavzular o'tilyapti.
Kurs ishtirokchilar darslar davomida sport psixologiyasi bo'yicha o'zlarini qiziqtirgan savollarga ilmiy asoslangan javoblar olishmoqda.
Manba: Telegram.me/FAUzbekistan
Bosh sahifaga
248