O'FA qoshida Tibbiy qo'mita ish boshladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 95
Avval xabar berganimizdek, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan futbol tibbiyoti sohasini yanada rivojlantirish, sport tibbiyotida zamonaviy talablarga mos ravishda ishni tizimli tashkil etish maqsadida yangi Tibbiy qo'mita tashkil etilishiga qaror qilindi.
Ushbu qo'mita shu paytgacha bolalar futbolidagi farmakologiya, vitaminizatsiya tizimi mavjud bo'lmaganligi natijasida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo'lib, kelajakda yosh sportchilarimizning jismonan kuchli, kurashuvchan, bardoshli hamda fiziologik etuk bo'lib ulg'ayishiga zamin yaratadi.
Shuningdek, bolalarimizning to'g'ri ovqatlanishi ham rivojlanish protsessiga bevosita ta'sir qilishini inobatga olib, professional dietologlar faoliyati ham yo'lga qo'yilishi belgilandi. Bu borada futboli etuk mamlakatlar tajribasi o'rganib chiqilib, tahlil etildi va ular misolida aytish mumkinki, tibbiy soha faoliyati futbolchilar faoliyati hamda natijalariga bevosita ijobiy ta'sir qiluvchi omillardan biriga aylangan.
Tibbiy qo'mitadan sport meditsinasi sohasidagi yurtimizning etuk mutaxassislari, shu jumladan farmakologiya, dietologiya, vitaminizatsiya bo'yicha mas'ullar o'rin oldi. Qo'mita oldiga qo'yilayotgan maqsad mamlakatimiz futbol akademiyalari, barcha terma jamoalarida zamonaviy tibbiy yondashuvni yo'lga qo'yish, vaziyatni tahlil etgan holda, ishni tizimli va sifatli tashkil qilishdan iborat.

Bosh sahifaga
252