Rivojlanish yo'lidagi O'zDJTSU
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 985
39
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislarni tayyorlashda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining o'rni beqiyos. Ushbu ta'lim dargohida amalga oshirilayotgan ishlar borasidagi yangiliklar bilan tanishtirib o'tamiz.
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi etakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Belorussiya davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan o'zaro memorandum imzolagan edi.
Joriy yilning 12 mart kuni Belorussiya davlat jismoniy tarbiya universiteti rektori, professor Sergey Borisovich Repkin boshchiligidagi delegatsiya universitetga kelib, mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida ikki universitet rektorlari tomonidan jismoniy tarbiya, sport va turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, xalqaro ta'lim aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Sergey Repkin universitetga tashrif buyurib professor-o'qituvchilar va talabalarga zamonaviy sportning rivojlanish tamoyillari xususida ma'ruza o'qidi. Universitet sport maneji, gimnastika zali va binolari bilan yaqindan tanishdi.
* * *
Joriy yilning 5 mart kuni universitet professor-o'qituvchilari hamda talaba-yoshlari bilan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi “Murabbiylar ta'limi” departamenti direktori Shavkat Imamov, FIFA va AFC instruktori Islom Ahmedov, “Lokomotiv” yoshlar futbol jamoasining bosh murabbiy Temur Kopadze ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda mutaxassislarning futbol bo'yicha malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish oid firk-mulohazalari tinglandi, mahorat darslari o'tkazildi.

* * *
Joriy yilning 3 mart kuni engil atletika bo'yicha ikki karra Olimpiya o'yinlari g'olibasi Isinbaeva Elena Gadjievna bilan universitet professor-o'qituvchilari hamda talaba-yoshlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuvda Elena Gadjievna ishtirokchilarga o'zining hayotiy tajriba va xulosalari haqida ma'lumotlar berib, mazkur sport turini yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashdi. Tadbir oxirida Elena Gadjievna Isinbaevaga universitetning esdalik sovg'alari topshirildi.

* * *
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro standartlar va kadrlar tayyorlashning ilg'or tajribasini inobatga olgan xolda tegishli yo'nalishlar va mutaxassisliklar bo'yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, tizimli asosda pedagogik va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkadan o'tkazish, sport muammolarini qamrab olgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni qo'llab-quvvatlash, ta'lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish, shuningdek, tayanch doktorantlar, doktorantlar hamda talabalarning akademik almashinuvini ta'minlash bo'yicha etakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari, tahliliy, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Hamidullaevich Nabiev , O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Boltabaev Maxmudjon Rustamovich 25 fevraldan 1 martga qadar Xitoy Xalq Respublikasida bo'ldi. Safar davomida vazirlik delegatsiyasi Pekin jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Shanxay sport universitetidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv yakunida Pekin jismoniy tarbiya va sport universiteti va Shanxay sport universiteti bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
* * *
Malakali, jismoniy tarbiya va sportning nazariy hamda amaliy sir-asrorini chuqur o'rgangan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan boxabar, jismonan va ma'nan barkamol yoshlarni tarbiyalash muhim vazifalardan sanaladi. Mazkur masala ilg'or tajribalarni tahlil etish, malakali murabbiy-trenerlardan mahorat darslarini olish, ilg'or tajribalarni ommalashtirish orqali hal etiladi. Sport o'yinlari fakultetining “Futbol nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi joriy yilning 2 mart kuni O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “O'zbekistonda hakamlikni rivojlantirish va hakamlikka saralash” mavzuida davra suhbatini tashkil etdi. Unda Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami, 11 uchrashuv o'tkazib Jahon chempionatidagi eng sermahsul referega aylangan Ravshan Ermatov, universitet rektori, professor Maxmudjon Rustamovich Boltabaev, Futbol musobaqalarida hakamlik qilish va nazorat departamenti direktori Ma'mur Saidqosimov ishtirok etdi. Suhbat jarayonida Ravshan Ermatov hakamlik darajalari, unga erishishdagi mezon va talablar, xalqaro andozalardagi me'yoriy talablar, O'zbekistonda murabbiylarni saralash va tanlash, ularni qabul qilishdagi talablar xususida so'z yuritdi. Uchrashuv davomida R.Ermatov va M.Saidqosimov talabalarning savollariga batafsil javob berishdi. Mazkur uchrashuv universitetda yosh, iqtidorli hakamlarni saralash, tanlash, tayyorlash va qo'llab-quvvatlashda o'zaro hamkorlikning dadil qadami sifatida baholanadi.

* * *
O'quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy qilish, talaba-yoshlarning sifatli ta'lim olishiga keng imkoniyatlar yaratish, sport sohasida yuqori natijalarni qayd etgan malakali, amaliy ish tajribasiga ega bo'lgan xalqaro toifadagi sport ustalari va trenerlarni ta'lim jarayoniga keng jalb etish maqsadida O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Og'ir atletika, velosport, ot sporti nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi tashabbusi bilan joriy yilning 23 fevral kuni og'ir atletika sport turi bo'yicha Turkiya milliy terma jamoasi murabbiyi, Turkiya davlat qahramoni Jafar Topchu, Slovakiya terma jamoasi bosh murabbiyi, Evropa chempioni, Slovakiyada xizmat ko'rsatgan murabbiy Rudolf Lukach bilan o'quv seminari tashkil etildi. Seminar davomida xorijlik mutaxassislar mahorat darslarini o'tkazishdi.

* * *
Joriy yil 21 fevral kuni Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Boltabaev Mahmudjon Rustamovich Koreya Respublikasi taekvondo sport turini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi rahbari Li San Vuk bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda Li San Vuk janoblariga universitet “Faxriy professor” unvonini tantanali topshirdi. Uchrashuv davomida ikkala tomonning kelgusi taekvondo sportini rivojlantirish bo'yicha qilinishi lozim bo'lgan ishlar hamda o'zaro hamkorlikning ustuvor yo'nalishilari xususida muzokaralar olib borildi. Uchrashuv yakunida o'zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.


Bosh sahifaga
245