Umid Ahmadjonov Osiyo karate federatsiyasining bosh menejerini qabul qildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3047
Bugun O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasida Umid Ahmadjonov Osiyo karate federatsiyasining bosh menejeri Vinsent Chenni qabul qildi. Suhbatning bosh mavzusi esa karate WKF bo'yicha O'zbekistonda o'tadigan Osiyo chempionati bo'ldi. Muzokarada MOQning birinchi vitse-prezidenti Ahmadjon Rahimov, MADA (milliy antidoping agentligi) bosh direktori Nodirjon Tursunov va O'zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullaev ham ishtirok etishdi.
Suhbat davomida Umid Ahmadjonov O'zbekistonning Osiyo chempionatini yuqori saviyada qabul qilishiga tayyor ekanligini ta'kidlab o'tdi.
“Birinchi navbatda O'zbekistonga tashrif buyurganiningiz bilan qutlayman. Ishonch bilan ayta olamanki, Osiyo karate federatsiyasi Olimpiadaga litsenziya beradigan Osiyo chempionatini bizga ishonib topshirsa, biz uni yuqori saviyada tashkillashtirib beramiz. Kuni kecha muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan yaxshi niyatlarda ko'p tarmoqli “Humo arena” saroyi ochildi. Qit'a birinchiligini aynan u erda o'tkazishimiz ham mumkin. Sizni o'z infrastrukturamiz bilan ishontira olamanki, biz yana bir bor ushbu turnirga munosib mezbonlik qilishga tayyormiz”, – dedi MOQ rahbari.
O'z navbatida Osiyo karate federatsiyasi bosh menejeri Vinsent Chen ham aynan infrastruktura bilan tanishish va shu yuzasidan muzokaralar olib borish maqsadida Toshkentga kelganini ta'kidlab o'tdi.
“O'zbekiston 2012 yili karate WKF bo'yicha Osiyo chempionatini qabul qilgan va bu boradagi imkoniyatlaringizdan xabardormiz. Biroq oldinda kutib turgan qit'a birinchiligi Tokio-2020 Olimpiadasiga litsenziya berishi bilan yanada katta qiziqishga sabab bo'ladi. Qit'a chempionatidan avval biz Toshkentda Osiyo karate federatsiyasining navbatdagi Kongressini ham tashkil qilmoqchimiz. Shu bois infrastruktura bilan tanishish, mehmonxonalarni ko'zdan kechirish, delegatsiyalarni kutib olish jarayoni qay tartibda bo'lishini o'rganish niyatida shaxsan o'zim Toshkentga keldim. Umid qilamanki, bo'lajak Osiyo chempionati Toshkent uchun unutilmas voqeliklardan biri bo'lib qoladi”, – dedi Vinsent Chen.
O'zaro muzokaralar davomida Toshkent mezbonligida Tokio Olimpiadasining litsenziyalari o'ynaladigan Osiyo chempionati joriy yilning iyul oyida o'tishi belgilandi.
Umid Ahmadjonov an'analarga sodiq qolgan holda suhbat yakunida mehmonga esdalik sovg'alarini taqdim qildi.