Jahon chempionatida ishtirok etgan qahramonlarimiz munosib kutib olindi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 4007

8-15 mat kunlari AQShning Las-Vegas shahri og'ir atletika bo'yicha o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati bahslariga mezbonlik qilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu nufuzli musobaqada O'zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi.
Xususan, qizlar terma jamoamiz 7 ta oltin va 2 ta kumush medallarini jamg'arib, o'zbek og'ir atletikasi tarixida yangi solnoma ochdi. Bugun mazkur jahon chempionatida ishtirok etgan qahramonlarimiz Toshkent xalqaro aeoroportiga etib kelishdi. Ularni tantanali kutib olish jarayonida qator OAV, sport jamoatchiligi, muxlislar va ota-onalar ham ishtirok etdilar.
“Argentinadagi Olimpiadadan keyin hamma mendan bu jahon chempionatidayam birinchi o'rinni olishimni kutgandi. Bunga erishdim ham. Ushbu g'alabaga erishishim qiyin bo'lmadi. Negaki, o'smirlar Olimpiadasidagi, Toshkentdagi yoshlar jahon chempionatidagi raqiblarimning aksariyati AQShda bor edi. Hozir Tokio Olimpiadasiga ochkolar yig'ish boshlangan. Oldindagi maqsadim ushbu musobaqaga yo'llanma olish va undan ham medal bilan qaytish”, – dedi Kumush Fayzullaeva.
1 hafta davom etgan dunyo birinchiligida terma jamoamiz vakillari 16 ta medal jamg'arishga erishdilar. Shulardan 8 tasi oltin, 6 tasi kumush, va 2 tasi bronza medallaridir. Albatta, bunday natijalarning zamirida mashaqqatli mehnat yotibdi.
“Musobaqadan avval rejalashtirgan maqsadimizga erisha oldik. Chempionat mart oyida bo'lib o'tishini inobatga olgan holda sportchilarimiz uzluksiz mashg'ulot olib borishlarini ta'minladik. Hatto yangi yilni ham bular sport bazasida kutishdi. Bu dunyo birinchiligida qizlarimiz shunchaki oltin medal olibgina qolmasdan, balki, jahon rekordlarini o'rnatishdi. Kumushxon Fayzullaeva musobaqaning eng yaxshi sportchisi bo'ldi. 2019 yil Tokio Olimpiadasiga litsenziya beradigan yil ekanligini inobatga olsak, mavsumni mana shunday yuqori saviyada boshlab olganimiz, albatta, keyingi turnirlarga ham ijobiy ta'sir qiladi. Bizni bu yil oldinda kutib turgan Osiyo va jahon chempionatlarida ham yuqori o'rinlar bilan qaytishga harakat qilamiz”, – deydi O'zbekiston og'ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Shahrullo Mahmudov.
Quyida ushbu musobaqada medal qo'lga kiritgan sportchilarimiz nomini yana bir bor yodga olib o'tamiz:
Og'abek Nafasov – 2 ta kumush
Nigora Abdullaeva – 3 ta oltin
Asadbek Narimonov – 1 ta oltin, 2 ta kumush
Kumushxon Fayzullaeva – 3 ta oltin
Tursunoy Jabborova – 1 ta oltin, 2 ta kumush
Mirhosil Mirzaboev – 2 ta bronza








Bosh sahifaga
254