Xavi ishga kirishdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 157

Xabaringiz bor, «Barselona» 8 noyabr kuni klub afsonalaridan biri Xavini bosh murabbiy sifatida tanishtirdi. Ma'lum muddat Qatarda tajriba orttirgan mutaxassis Kataloniya klubida ishga kirishib, kelgusida amalga oshirish lozim bo'lgan vazifalar bilan tanishmoqda, imkoniyatlarni chamalamoqda. Albatta, tarkibni kuchaytirish masalasiga ham alohida e'tibor qaratmoqda.
«Barselona» direktori Mateu Alemani kataloniyaliklarning yangi bosh murabbiyi Xavi bilan suhbatlashish asnosida, klubdagi tibbiy muammolar imkon qadar tezroq hal qilinishi bo'yicha maslahatlashdi.
Alemani noto'g'ri tashxis qo'yishdan, o'yinchining yomon tiklanishidan va retsidivlardan charchaganligini aytgan. «Barselona»ning 11 nafar futbolchisida jarohat borligi aytilgan. Xabar qilinishicha, muammo faqat tibbiyot shtabida emas, balki fitnes bo'limida ham bor. «Barselona» avvalroq Fatining boldir suyagi jarohatlanganini tasdiqlagandi.
Qo'shimcha sifatida ta'kidlash o'rinli, Xavi hali murabbiylar shtabini to'liq shakllantirgani yo'q. Kataloniya klubi prezidenti Joan Laportaning aytishicha, yordamchilar qatorida «ko'k-anorranglilar»ning sobiq himoyachilari Dani Alvesh va Karles Puyol ham bo'lishi mumkin. «Ularning Xavi bilan munosabatlari juda yaxshi, doimo unga va «Barselona»ga yordam berishga tayyorlar. Agar kerak bo'lsa, doimo shu erda bo'lishadi», - deya Laportaning so'zlaridan iqtibos keltirdi Mundo Deportivo.
Shuningdek, Xavi hujumchi Usmon Dembele haqida gapirdi. «U bilan shartnomani uzaytirish - ustuvor vazifalarimizdan biri. Usmon o'z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshi futbolchisiga aylanishi mumkin. Salohiyat etarli, lekin u muntazam ravishda yuqori saviyani ko'rsatish uchun ko'p mehnat qilishi kerak». Ispaniyalik mutaxassis 24 yoshli frantsuzning Chempionlar Ligasi doirasida Kievning «Dinamo»siga qarshi o'yinda (1:0) olgan jarohati haqida ham fikr bildirdi. «Jarohatlar bizning butun hayotimiz bo'ladi, ammo shikastlanishlarning oldini olish uchun yaxshi mashq qilishimiz kerak», - deya qo'shimcha qildi Xavi.
Dembelening «Barselona» bilan shartnomasi 2022 yilning yoziga qadar mo'ljallangan. Joriy mavsum hujumchi bitta o'yin o'tkazdi va hali samarali harakatlarni amalga oshirishga ulgurmadi.
E'tiborlisi, Xavi «Barselona» klubida ish boshlashdan avval Braziliya terma jamoasini boshqarish taklifini rad etgan. «Kamp Nou» stadionida 41 yoshli mutaxassisning tanishtiruv marosimida Xavi ushbu mavzuga ham alohida to'xtaldi. «Braziliya futbol konfederatsiyasi bilan muzokaralar olib borildi, Tite jamoasiga qo'shilish, uning yordamchisi bo'lish, navbatdagi jahon chempionatidan keyin uning o'rnini egallash haqida gaplashdik. Lekin mening ustuvor vazifam har doim «Barsa»ga murabbiy sifatida qaytish bo'lgan», - dedi Xavi The Athletic nashri vakillariga bergan intervyusida.
Bo'lajak transferlar haqida gap borganda, «Vilyarreal» futbolchisi Eremi Pinoning «Barselona» qiziqishlari doirasiga tushganini e'tirof etish o'rinli. Bu haqda Ispaniyaning Todofichajes nashri xabar berdi. Ma'lumotlarga ko'ra, 19 yoshli ispaniyalik yarim himoyachiga kataloniyaliklarning yangi bosh murabbiy Xavi shaxsan qiziqish bildirmoqda. Qayd etilishicha, «sariq suvosti kemasi» futbolchini kamida 2022 yilning yoziga qadar o'z safida olib qolmoqchi, deyiladi xabarda. Pinoga «Barsa»dan tashqari «Atletiko» va «Real» ham qiziqish bildirmoqda. Eremi joriy mavsum jami 15 o'yinda maydonga tushib, 2ta gol urdi va 3ta assistni amalga oshirdi. Transfermarkt futbolchini 30 million evroga baholagan.
H.ATAVULLAEV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
465