Shomurodovdan gol, Yaxshiboevdan assist yoxud legionerlarimizning o'tgan hafta qayd etgan natijalari
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 180

Xalqaro maydonlarda o'z klubi safida harakat qilayotgan o'zbekistonlik futbolchilarning o'tgan haftada qayd etgan natijalari haqida sizlarni tanishtirib o'tamiz.
Qozog'iston. Igor Sergeev ("Tobol")

Faoliyatini Qozog'istonning "Tobol" jamoasida davom ettirayotgan Igor Sergeev o'zining klubi bilan navbatdagi uchrashuvini o'tkazdi. Jamoa Qozog'iston kubogi yarim final bahsida "Shaxtyor Karaganda" mehmoni bo'ldi va kutilmaganda yirik 5:2 hisobida mag'lubiyatga uchrab turnirni tark etdi. Hamyurtimiz uchrashuvda to'liq 90 daqiqa harakat qildi va jamoasining 2-golini hisobiga yozdirib qo'ydi. Qayd etish joiz, jamoa bir hafta avval "Akjayik"ni 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratib o'z yurtida chempionlikni rasmiylashtirgandi.
Saudiya Arabistoni. Jaloliddin Masharipov ("An-Nasr")

Saudiya Arabistoni chempionati 11-turida Jaloliddin Masharipov to'p surayotgan "An-Nasr" turnir jadvali etakchilaridan biri "Ash-Shabab" mehmoni bo'ldi va 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Masharipov 90+3 daqiqada zahiraga olindi.
Birlashgan Arab Amirliklari. Aziz G'aniev ("Shabab Al-Axli")

Faoliyatini arab diyorida davom ettirayotgan yana bir futbolchimiz Aziz G'aniev ham o'z klubi bilan navbatdagi o'yinini o'tkazdi. Kalbaning "Ittihod" jamoasi mehmoni bo'lgan "Shabab Al-Axli" 0:0 hisobida durang natija qayd etdi. G'aniev uchrashuvda to'liq harakat qildi va samarali harakatlari bilan ajralib turmadi.
Birlashgan Arab Amirliklari. Otabek Shukurov ("Sharja")

So'nggi besh o'yindan buyon g'alaba nimaligini bilmayotgan Otabek Shukurov jamoasi (Sharja) ushbu turda ham mag'lubiyatga uchradi. O'z maydonida "Al-Vaxda"ni qabul qilgan "Sharja" yirik 0:3 hisobida engildi. Yarim himoyachimiz to'liq o'yin o'tkazdi.
Rossiya. Oston O'runov ("Ufa")

So'nggi o'yinlarda o'z sport formasini tiklab, yana jamoasining asosiy tarkibiga qaytgan Oston O'runov "Ufa" bilan Rossiya chempionatidagi navbatdagi o'yinini o'tkazdi. "Arsenal Tula" klubi maydoniga safar qilgan ufaliklar 0:0 hisobida durangga imzo chekdi. O'runov 90 daqiqa o'yin o'tkazdi.
Rossiya. Ibrohimxalil Yo'ldoshev ("Nijniy Novgorod")

Rossiya Premer-ligasida harakat qilayotgan Ibrohimxalil Yo'ldoshevning "Nijniy Novgorod" jamoasi "Axmat" mehmoni bo'ldi va 90 daqiqalik o'yin o'tkazdi.
Moldova. Jasur Yaxshiboev ("Sherif")

Yaqindagina jarohatidan tiklanib "Sherif" asosiy tarkibiga qaytgan Jasur Yaxshiboev milliy chempionatning 17-turida "Zimbru"ga qarshi o'yinda (6:0) ikki golga assistentlikni amalga oshirdi. Shuningdek, futbolchimiz 59-daqiqada zahiraga olindi.
Italiya. Eldor Shomurodov ("Roma")

So'nggi vaqtlarda Joze Mourino e'tiboridan biroz chetda qolgan Eldor Shomurodov va nihoyat "Kalyari"ga qarshi o'yinni asosiy tarkibda boshladi. Uchrashuvda "bo'rilar" mag'lubiyatga uchragan (3:2) bo'lsa-da, u jamoasining 1 goliga mualliflik qildi va Abraxam kiritgan golga assistentlikni amalga oshirdi. Mana shunday samarali harakatlar amalga oshirgan bo'lsa ham "special one" tomonidan 84-daqiqada zahiraga olindi.
Manba: www.stadion.uz.
Bosh sahifaga
211