«Sherif» millionlarini ololmayapti...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 241

«Sherif» Chempionlar Ligasining joriy mavsumini «yondirdi». Moldova futboli tarixida ilk marta ushbu mamlakat klubi turnirning guruh bosqichiga chiqdi. Bu faqat boshlanishi edi! Birinchi turdayoq ukrainalik murabbiy Yuriy Vernidub boshchiligidagi jamoa o'z uyida «Shaxtyor»ni engdi (2:0). Ikkinchi turda esa butun dunyoni hayratlantirdi - Madridda «Real» taslim etildi (2:1)! To'g'ri, uchinchi turda Milanning «Inter»iga yutqazdi (1:3), lekin shunga qaramay, o'z guruhida peshqadamlikni saqlab qoldi.
Ayni payt «Sherif» 22 mln. evrodan ko'proq pul ishladi. Mazkur summa klub byudjetidan to'rt martaga, umuman, Transfermarkt talqiniga ko'ra jamoa tarkibining narxidan ham ko'proq.
Afsuski, hozircha «Sherif» bu pullarni qo'lga kirita olmaydi. Sababi - Moldova banklarida xorijiy valyutada hisob ochish imkoniyati yo'qligi. «Sherif» bazasi joylashgan Pridnestrove siyosiy jihatdan murakkab hudud hisoblanib, u tan olinmagan suveren respublikadir. Hozircha faqat Janubiy Osetiya, Abxaziya va Tog'li-Qorabog' singari o'ziga o'xshagan davlatlargina uni tan olishgan.
Shu bois, Moldova hukumati Pridnestroveda tijorat tarmoqlariga xorijiy valyutada xalqaro hisob ochishga ruxsat bermaydi. Pridnestrovya rahbari Vadim Krasnoselskiy Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa bilan telefon orqali suhbatda ushbu masalani hal qilib berishni so'radi.
Butun dunyoda Moldova banklari ishtirokidagi moliyaviy mojarolar tufayli Pridnestroveda moliyaviy pul aylanmalari bo'yicha jiddiy tartib o'rnatilgan. Sabab - pul yuvish va terrorizmga homiylik qilishga qarshi kurash. Moldova ushbu hududda zarar chora-tadbirlarni ko'rishga majbur edi, aks holda, xalqaro bank tizimidan chiqib ketish xavfi tug'ilgandi.
Natijada, 2018 yildan Pridnestroveda mahalliy banklarga aloqador turli cheklovchi qonunlar kuchga kirdi. Moldovaning litsenziyaga ega banklari nazorat tizimini ishlab chiqib, u orqali mablag'lar aylanmasi va mijozlar haqidagi ma'lumotlar shaffofligini ta'minlashdi. 10 yildirki Pridnestrove banklarini milliy tizimga kiritish integratsiyasi tayyorlanmoqda, ammo tashabbus har gal to'xtatib qo'yilyapti, zero ushbu banklar xalqaro va milliy normalarga amal qilishga intilmayapti.
Yakunda - UEFA pullarni mahalliy banklarga o'tkazib berolmayapti. Demak - mablag' Pridnestroveda joylashgan «Sherif»ga bormayapti. To'g'ri, yaqin vaqtlar ichida futbol klubiga nisbatan istisnolarni qo'llashlari, shu tariqa «Sherif» ishlagan pullarini olishi ehtimoli ham mavjud. Axir keyingi muvaffaqiyatlar natijasida jamoa ChL yoki EL (agar guruhida uchinchi o'rinni egallasa) «pley-off» bosqichiga chiqsa, 22 mln. evrodan ham ko'proq ishlab olishi mumkin.
H.ATAVULLAEV tayyorladi

Bosh sahifaga
253