Pol Pogba yoki Fabino. Kim yaxshiroq?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 160

Raqobat deganda ingliz futbolida uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan "MYu" hamda "Liverpul" qarama-qarshiligi yodimizga keladi. Yillar davomida bu kurash futbol dunyosini larzaga keltirdi. Uning tarixiy, mintaqaviy g'urur va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etishi ham, aslida shundan. Oxirgi yillarda har ikki tomon faqat maydondagi raqobatga urg'u bera boshladi. Bunda esa jamoa harakatining asosini yarim himoya tashkil etadi. Bugungi kunda jamoalarning bu pozitsiyasida asosiy futbolchilar sifatida Pol Pogba va Fabino e'tirof etiladi. Biz bugun ushbu futbolchilarni ularning natijalari asosida solishtirib ko'ramiz.
Gollar va uzatmalar

Bu borada Pol Pogbani g'olib deb e'lon qilib qo'yaqolamiz. Negaki, frantsuz o'g'loni o'z faoliyati davomida gollar urish bo'yicha hayratlanarli barqarorlik ko'rsata olgan. Vaqtida Pogba o'z klubining penalti tepadigan o'yinchisi edi. Uning bu boradagi rekordi tahsinga sazovardir. Polning texnikasi va zarba berish qobiliyati, uni har qanday vaziyatni o'zi yakunlashiga imkon beradi. Qolaversa, u jamoasidagi eng kreativ futbolchilardan biri. Buni mavsumning birinchi o'yinida, "Lids"ga qarshi 4 ta assist muallifiga aylanganidan bilsak ham bo'ladi.
Bu borada Fabinoning ko'rsatkichlari unchalik ham zo'r emasdir. Ammo uning boshqa kuchli taraflari mavjud.
To'p bilan muomala

Pogba to'p bilan oyoqlari orqali xavf tug'dirsa, Fabino unga egalik borasida juda ham ilg'or. Braziliyalikning nafaqat to'pni o'zi bilan olib yurishi, balki unga nisbatan harakati ham juda kuchli. Ushbu ikkita jihat Fabinoni maydon markazida haqiqiy muvozanat manbayiga aylantiradi. Masalan, 2019-20 yilgi mavsumda Fabino bu borada APLdagi eng yaxshi ko'rsatkichni qayd etgandi. Pogbaning himoyaviy ishini hisobga olgan taqdirda ham, unda barqarorlik mavjud emas. Shu sabab, bu jihatda Fabino g'olib chiqadi.
Sovrinlar yutish

Har ikki futbolchi ham katta sovrinlar egasi. Biroq Pogbada Jahon chempionligi mavjud. Bu esa unga katta ustunlik beradi. Pol ko'plab sovrinlar qatorida Italiyada to'rt marta chempionlikni va ikki marta kubokni qo'lga kiritgan. Qolaversa, yaqindagina Millatlar ligasida ham terma jamoasi bilan g'olib deb topildi.
Fabinoning bu boradagi eng katta yutug'i 2019 yildagi EChL chempionligidir. U va jamoasi bir yildan keyin APLda ham tengsiz deb topildi. Qo'shimchasiga, Fabino 2017 yilda "Monako" bilan Frantsiya chempioni ham bo'lgan. Umumiy olganda esa baribir Pogba ustun. Uning sovrinlar kabineti ancha to'ldirilgan va turfa xildir.
APL muvaffaqiyati

Ikki futbolchidan faqat bittasida Angliya chempionligi mavjud. Bu esa Fabinodir. U bu darajaga osongina erishib qolmagan. Braziliyalik futbolchining Angliyadagi faoliyati nisbatan omadli kechdi. U aynan shu erda doimiy o'z pontentsialini namoyish eta oldi. Uni "Liverpul"da dunyoning eng yaxshi tayanch yarim himoyachisi sifatida tanidik. U kerak bo'lganda himoyachi vazifasini ham yaxshi uddalay oladi.
Pogbada esa vaziyat boshqacharoq. Uning "MYu"dagi vaqti past-balandlardan iborat. Pogbaga nisbatan yaxshiroq o'yin ko'rsata oladi degan his hammada bo'ladi. Ammo baribir Frantsiya termasidagi kabi yorqin bo'lishni klubda eplay olmayapti. Boz ustiga, Pogba hali ingliz futbolida chempionlikka erishmadi. Shunday ekan, bu borada shaksiz Fabino yaxshiroq.
Umuman olganda har ikki futbolchining o'ziga yarasha ustunlik va kamchiliklari mavjud. Biz bugun ularning bir nechtasigagina murojaat qildik, xolos.
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi
Manba: 90min.com
Bosh sahifaga
228