Milliardlar qurshovida qolgan «Nyukasl»da nima yangiliklar?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 150

Quyida bir muddat ilgari saudiyaliklar tomonidan xarid qilib ulgurgan va yaqin orada superklubga aylanishi kutilayotgan “Nyukasl Yunayted”ga aloqador bir qator xabarlarni qisqacha keltirib o'tamiz.
Klub “Milan” yarimhimoyachisi Frank Kessie bilan qiziqayotgani haqida Italiyaning Tuttosport nashri xabar bergan. Ayni vaqtda xavbekning milanliklar bilan shartnoma muddati yakunlanib bormoqda. Uni uzaytirish bo'yicha esa xabarlar mavjud emas.
Angliyaning Mirror nashri xabariga ko'ra esa saudiyaliklarning ilk yirik xaridi Harri Keyn bo'lishi mumkin. “Tottenhem” hujumchisi uchun 150 million evro taklif etilishi mumkin.
Mashhur insayderlardan biri Kristian Falkning tvitterda yozishicha, “Nyukasl” Timo Verner variantini ham ko'rib chiqmoqda. Hozirda Vernerning agentlari bilan dastlabki muloqot olib borilayotgan bo'lishi mumkin.
Sport.es nashriga ko'ra, “Barselona” himoyachisi Kleman Langle “ko'k-anorrang” libosni “oq-qora”ga almashtirishi mumkin. Yozilishicha, bu transfer qishdayoq amalga oshishi mumkin. Hozirda Katalon jamoasiga futbolchi bo'yicha so'rov yuborilgan.
Xuddi shu nashr “Barselona”ning boshqa bir a'zosi Fileppe Koutino ham ingliz jamoasi nigohiga tushganini yozmoqda.
"Yuventus" vakili Adrien Rabo ham Angliya jamoasi qiziqishlari doirasiga tushgan. Turinliklar uni qo'yib yuborishga qarshi emas. Bu haqda Calcio Mercato nashri yozgan.
"Lester Siti" a'zosi Uesli Fofananing ehtimoliy transferi haqida yozar ekan ingliz nashrlari hatto aniq raqamlarni ham keltirishmoqda — 50 million evro.
Turli nashrlarda tarqalayotgan xabarlarni umumlashtirsak “Nyukasl” bosh murabbiyi Stiv Bryus tez orada iste'foga chiqariladi. Uning o'rniga kelishi mumkin bo'lgan murabbiylar ro'yxatida esa “Chelsi”ning sobiq yulduzi va murabbi Frenk Lempard, “Roma”dagi ishi bilan tanilgan Paolu Fonseka va “Borussiya Dortmund” sobiq ustozi Lyusen Favr nomlari mavjud. Shuningdek, ba'zi manbalarning yozishicha, "Lester" ustozi Brendon Rodjers varianti ham "Nyukasl"ning yangi rahbariyati uchun qiziq ko'rinmoqda.
Kuzatishda davom emamiz!
Orif Tolipov.

Bosh sahifaga
151