Final oldidan yoxud Millatlar ligasi hal qiluvchi bahsidagi eng qiziqarli intrigalar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 135

Bugun kechasi Millatlar ligasi turnirining hal qiluvchi bahsi bo'lib o'tadi. Ushbu bellashuv Italiyaning Milan shahrida joylashgan muhtasham “San Siro” o'yingohida bo'ladi. “Qizil furiya” laqabli Ispaniya va Frantsiya o'rtasidagi bahs qiziqarli bo'lishiga shubhamiz yo'q. Bugun stadion.uz aynan o'sha to'qnashuvdagi ba'zi intrigalar haqida so'z olib boradi.
Enrike Frantsiyaga qarshi

Agar Frantsiya murabbiyi Zidan bo'lganida, final uchun tayyor poster mavjud bo'lar edi. Negaki bu ikki murabbiy o'rtasidagi ziddiyat "el-klasiko" davrida boshlangan va ularning janjali aks etgan surat butun sport nashrlarini qamrab olar edi. Har qalay Zidan Frantsiya o'g'loni ekanligi ham bunga to'xtalib o'tishimizga etarlicha sabab bo'la oladi. Luis Enrike futbolchilik faoliyatida ilk bor Frantsiya termasiga qarshi 1996 yil maydonga tushgan va o'sha bahsning 12-daqiqasida sariq kartochka olgan. O'yin esa 1:1 hisobida yakuniga etgan. 1998 yilgi bahsda esa Luis Enrike va uning jamoasi Frantsiyadan 1:0 hisobida engilgan va o'sha o'yinda Zidan gol kiritgan. Shundan so'ng ispaniyalik murabbiy futbolchi sifatida ham murabbiy sifatida ham Frantsiyaga qarshi uchrashuv o'tkazmagan va bugun u “revansh” olish imkoniyatiga ega bo'lmoqda. Balki, Enrike bundan foydalanib qola olar. Xar holda u murabbiy sifatidagi eng buyuk g'alabasini frantsiyaliklarning bosh jamoasiga qarshi bahsda qo'lga kiritgan. O'yinni esladingizmi? 6:1!
Emerik Lyaport

1994 yilda tug'ilgan himoyachi bugungi o'yinda ishtirok etishi noma'lum. U balki maydonga tushar. Agar shunday bo'lsa bu ham bir g'alati intriga bo'lishi aniq. Himoyachi qachon tug'ilganini aytdim. Lekin u qaerda tug'ilganini esa yo'q. Lyaport Frantsiyaning Agen nomli hududida tug'ilgan va futbol bo'yicha ilk bilimlarini ona shahrida olgan. Frantsiyaning o'smirlar jamoasidan boshlab to 21 yoshlilar jamoasigacha chaqiruv olgan. Lekin futbolchi 2021 yilga kelib Ispaniya termasida futbol o'ynashni o'ziga ma'qul topgan. Agar u bugun maydonga tushsa, “kindik qoni to'kilgan” yurtga qarshi chiqishiga tug'ri keladi. “Shaharliklar” himoyachisi hali bunday xolatga tushmagan edi. Ko'ramiz, balki u bugun maydonga tushar. Qiziq agar finaldagi hal qiluvchi golni u ursa, nishonlarmikin? Yoki Frantsiya muxlislarining bunga reaktsiyasi qanday bo'larkin?
Aka-uka Ernandeslar

Frantsiyada tug'ilgan aka-ukalar otasining “Atletiko Madrid” tarkibida to'p tepganligi tufayli Ispaniyada katta bo'lishgan. Ularni ispan futboli tarbiyalanuvchilari desak mubolag'a bo'lmaydi. “Rayo Maxanaxonda” maktabi tarbiyalanuvchilari professional faoliyatini ham Ispaniyada boshlashgan. Otasi to'p surgan jamoada ikki aka-uka ham o'zini ko'rsata olgan. Shu tufayli ular endilikda terma jamoa safida harakat qilmoqda. Ularning Lyaportdan bir farqi o'zi tug'ilgan yurt tarkibida o'ynamoqda. Lekin ularni futbolchi qilgan Ispaniyaga qarshi chiqish ham barbir “qizil furiya” muxlislariga yoqmasligi turgan gap. Ular gol urishsa nishonlashga haqlari bor. Buyog'ini tungi qiziqarli bahsda bilib olamiz.
Bugun tunda bizni har bir pozitsiya uchun jiddiy intriga kutib turibdi. Yuqoridagilar esa shunchaki dengizdan tomchi.
Mirjalol Pardaboev tayyorladi.

Bosh sahifaga
182