O'zbek futboli qozoq futbolidan 100 yil oldindami?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 216

Qozog'istonning "Karavan" media portali o'zbek va qozoq futbolini taqqoslab, maqola e'lon qildi. Unda muallif o'zbek futboli 100 yil oldinga o'tib ketgan, degan fikrni ilgari surgan. Uni tarjima qilgan holda e'tiboringizga havola etamiz.
"Seshanba kuni Evropa futbolining asosiy voqeasi - "Real"ning Chempionlar Ligasidagi sensatsion mag'lubiyatidir. "Qirollik klubi" o'z uyida Moldovaning "Sherif" jamoasiga 1:2 hisobida yutqazdi. G'alabaning asosiy sababchilaridan biri va birinchi gol muallifi Jasur Yaxshiboev edi. Bu voqea esa o'zbek futboli qanday qilib qozoq futbolidan yuz yil oldinga o'tib ketgani haqidagi bahslarni qayta uyg'onishiga sabab bo'ldi. Keling, buni shaxsiy fikr emas, aniq faktlar bilan o'rganamiz.
Osiyo miqyosida
O'zbekiston terma jamoasi 1994 yilgi Osiyo o'yinlari chempioni bo'lgan vaqtda Qozog'iston umuman turnirda qatnashmagan.
1998 yilgi huddi o'sha musobaqada Qozog'iston vakillari guruhdan chiqa olmagan paytda O'zbekiston chorak finalgacha etib boradi.
O'zbekiston bilan rasmiy o'yinlar
Bu ikki jamoa JCh-1998 saralashida bir guruhdan o'rin oladi. O'shanda Olmaota shahrida jangovar durang (1:1) qayd etilgan bo'lsa, Toshkentda O'zbekistonga 4:0 hisobida sharmandali tarzda engilganmiz.
Yoshlar terma jamoasi miqyosida
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi 17 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi jahon chempionatida ikki bor ishtirok etgan va hattoki 2011 yil chorak finalgacha chiqqan. Qozog'iston yoshlari esa bunday natijalarni faqat orzu qilishlari mumkin.
Hakamlik
O'zbeklar orasida ketma-ket uchta jahon chempionatida ishlagan va jami 11 uchrashuv bilan turnir tarixida eng ko'p o'yinni boshqargan Ravshan Ermatov bor, bizda esa mamlakat chempionatidagi doimiy janjallar bilan o'tadigan bahslar bor.
Legionerlar
Futbolchilarimizning xorijdagi xarakatlari allaqachon antik davr afsonalariga aylangan. O'zbekistonda hozirda - "Real"ga gol urgan 24 yoshli Yaxshiboev va 17,5 million evro evaziga "Jenoa"dan "Roma"ga o'tgan Eldor Shomurodov kabi chetda nom chiqargan futbolchilar soni etarli darajada.
FIFA reytingidagi o'rin
Ko'rinishidan, hammasi unchalik qo'rqinchli emasdek. Biz 120, O'zbekiston terma jamoasi 84-o'rinda. Ammo, so'nggi yillarda biz va O'zbeklar futboli qanday rivojlanayotganini hisobga olsak kelajakdagi ahvolimiz ancha yomon bo'lishi mumkin", - deya maqolani yakunlagan caravan.kz.
Abduburxon Mamajonov tayyorladi.

Bosh sahifaga
238