O'FA rahbariyati va hududlardagi mutasaddilar ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 98

Bugun O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov raisligida hududlarda futbolni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklarni tahlil etishga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi.
Unda O'FA rahbariyati, hududiy futbol assotsiatsiyalari vakillari, texnik direktor, futbol akademiya direktorlari va bolalar-o'smirlar futboli bo'yicha mas'ul mutaxassislar o'z hududida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha hisobot berishdi.
Joylardagi futbol akademiyalari faoliyati, xususan yosh tarbiyalanuvchilar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, turli yosh toifasidagi O'zbekiston terma jamoalari va klublar uchun futbolchilarni tayyorlab berish ko'rsatkichlari tahliliy ma'lumotlar asosida muhokama etildi.
O'FA birinchi vitse-prezidenti tomonidan viloyatlarda terma jamoalar uchun mahoratli futbolchilarni etishtirib berish, yoshlarning tarbiyasiga jiddiy e'tibor qaratish, to'g'ri ovqatlanish, sifatli vitaminizatsiyani yo'lga qo'yish hamda musobaqalar va o'quv-yig'in mashg'ulotlar tahlilini olib borish zarurligi bo'yicha mas'ullarga topshiriq berildi.
Shuningdek, murabbiylar o'z qo'l ostidagi yosh tarbiyalanuvchilarning o'sish va pasayish dinamikasini monitoring qilish va bu orqali aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Bosh sahifaga
280