MDH o'yinlari: Sport turlari kesimida tahlil
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 171

4-11-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida birinchi MDH o'yinlari bo'lib o'tdi. Mintaqa sportini birlashtirgan mazkur tadbirda O'zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida mezbonlardan so'ng ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
Musobaqada sportchilarimiz 23 ta oltin, 32 ta kumush va 36 ta bronza, jami 91 ta medal qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Keling, ushbu musobaqa haqida bir qator qiziqarli faktlarni e'tiboringizga havola qilamiz.
Ushbu sport o'yinlari MDHga a'zo 9 ta mamlakat (Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va O'zbekiston) xalqlari o'rtasida do'stona aloqalarni mustahkamlash hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida erishilgan hamkorlik to'g'risidagi bitim shartlarini amalga oshirish maqsadida ilk bor tashkil etildi.
Unda O'zbekiston sport delegatsiyasi jami 166 nafar sportchi (shu jumladan, 56 nafar qizlar) bilan 15 ta sport turi bo'yicha qatnashdi. Delegatsiyamiz a'zolari boks, erkin kurash va yunon-rum kurashi, belbog'li kurash, koresh, o'q otish, basketbol, muay-tay, sambo, dzyudo, karate, badiiy gimnastika, futzal, badminton sport turlarida shohsupaga ko'tarilishdi.
Ular orasida yoshlarimizning basketbol, futzal kabi turlarda medal qo'lga kiritgani jamoaviy sport turlarida iqtidorli avlod etishib chiqayotganidan dalolat bermoqda. Qayd etish joiz, reglamentga ko'ra, musobaqada 14-23 yosh oralig'idagi sportchilar ishtirok etishgan.
Sport turlari kesimiga nazar tashlaydigan bo'lsak, belbog'li kurash sportida umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritganimizni alohida aytib o'tish o'rinli. Shuningdek, boks va dzyudo bahslarida ikkinchi, sambo, basketbol, koresh, badiiy gimnastika, futzal dasturlarida uchinchi bo'ldik.
Delegatsiyamiz ertaga soat 21:10 da Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qaytib keladi.
Manba: @OlympicUz
Bosh sahifaga
317