Voleybol bo'yicha erkaklar terma jamoamiz Osiyo chempionatiga jo'nab ketdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 104

Bugun ertalab voleybol bo'yicha O'zbekiston erkaklar terma jamoasi a'zolari Yaponiyaning Chiba shahrida o'tkaziladigan Osiyo chempionatida qatnashish uchun jo'nab ketishdi. Vakillarimiz kunchiqar yurtga Turkiya orqali etib borishadi.
Terma jamoamiz tarkibidan 11 nafar sportchi, 2 nafar murabbiy hamda shifokor o'rin olgan. Mamlakatimiz sport delegatsiyasiga O'zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Xusan Nasrullaev rahbarlik qilmoqda.
Osiyo chempionatida 16ta jamoa 4 guruhga bo'lingan holda bahslarga kirishadi. Vakillarimiz esa «S» guruhida Avstraliya, Xitoy hamda Quvayt terma jamoalari bilan kuch sinashadi. O'z guruhlarida 1-2-o'rinlarni egallagan terma jamoalar pley-off bosqichida medallar uchun kurashni davom ettirishsa, 3-4-o'rinlarni band etgan yurt vakillari 9-16-o'rin egalarini aniqlab olish uchun bahs yuritishadi.
Shuni ta'kidlash kerak, O'zbekiston voleybol terma jamoasi so'nggi marotaba bundan 12 yil muqaddam qit'a chempionatida ishtirok etgan. Keyinchalik turli sabablarga ko'ra na erkaklar, na ayollar terma jamoalarimiz Osiyo chempionatiga borishmagan. Buning natijasida Osiyo voleybol konfederatsiyasi O'zbekiston voleybol federatsiyasini qit'a miqyosidagi har qanday musobaqada ishtirok etishini taqiqlab qo'ygan hamda moliyaviy jarimaga ham tortgandi. Federatsiyaning yangi rahbariyati tomonidan olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida mana shu muammolar bartaraf etildi va endi bemalol yurtimiz voleybolchilari qit'a miqyosidagi musobaqalarda, agarda omadi chopsa jahon miqyosidagi musobaqalarda ham ishtirok etishi mumkin.
Voleybol bo'yicha erkaklar o'rtasida Osiyo chempionati 12-19 sentyabr kunlari o'tkaziladi. Bo'lajak musobaqada vakillarimizga omad tilaymiz.
Turizm va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Bosh sahifaga
416