Murabbiylar: Tasbeh va zikr – ruhiy halovat
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 145

Asli turkmanistonlik, hozirda Rossiya fuqarosi hisoblangan Qurbon Berdiev qanday murabbiy? Uning muqaddas Islom diniga munosabati hammaga ma'lum. Qurbon Bekievich o'yinlar payti ham mashhur tasbehidan ayrilmaydi - Alloh zikri bilan mashg'ul bo'ladi. E'tiborli fakt: Berdiev masjidga ilk marta 35 yoshida, yaqin do'sti ta'sirida qadam qo'ygan ekan. U keyinchalik Makka ziyoratiga borib, haj amalini ham ado etdi. Qurbon Berdiev yaqindagina Qozog'istonning «Qayrat» klubi bosh murabbiyi lavozimini egalladi. Asli turkmanistonlik mutaxassis 2019 yildan buyon hech qaerda ishlamayotgandi. Berdievning shartnomasi joriy yil oxirigacha mo'ljallandi, lekin uni avtomatik ravishda yana 2 mavsumga uzaytirish imkoniyati bor. Murabbiy 2019 yili «Rubin»dan ketgach, orada maslahatchi roli bilan cheklandi, xususan, «KAMAZ» klubida. Yana bir tomoni, «Qayrat» Berdiev uchun begona emas. 1991-1993 yillar oralig'ida qozoq klubida yordamchi murabbiy sifatida ishlagan Qurbon Bekievich mavsum-1994da boshqaruvni o'z qo'liga olgandi. Ma'lumot uchun, bu murabbiy Rossiyaning ikki karra chempioni, mamlakat kubogi va superkubogi sohibi hisoblanadi.
***
Iymon-e'tiqod, namoz
Haj amalini bajarishda 130 km. yayov yurgan Qurbon Berdiev tamaki chekish va spirtli ichimliklardan butunlay voz kechgan, ro'za tutishga odatlangan. Qurbon Bekievich - Islom arkonlariga hurmat bilan qaraydigan musulmon. U iymon va e'tiqod qanday bo'lishini bolaligidan, bobosi misolida ko'rgan ekan: «U Allohdan chinakamiga qo'rqadigan chin dindor edi, hattoki, sobiq ittifoq davrida ham ko'p ibodat qilardi, garchi bu taqiqlangan bo'lsa ham. Bobom Chilikin shaharchasida yashagan, biz esa Ashxobodda. Lekin uning oldiga tez-tez borardik va hamisha besh vaqt namozni kanda qilmasligini ko'rganman. Bobom poytaxtga, biznikiga kelganida ham, namozlarni vaqtida o'qishni unutmasdi. Uning bunday e'tiqodi qalbim tubiga o'rnashgan. To'g'ri, o'zim o'sha payt besh vaqt namoz o'qigan emasman, lekin qalbim iymonga to'la bo'lganiga aminman».
***
Mislsiz halovat
Berdiev masjidga birinchi marta 35 yoshida, ya'ni futbolchilik faoliyati yakunlanganidan so'ng kirgan ekan. Qurbon Bekievich murabbiylikka o'tgach esa, jamoasi bilan qaysi shaharga bormasin, u erda albatta, masjidga bosh suqishni odat tusiga aylantirdi. Agar qaysidir shaharda masjid bo'lmasa, namozgohga boradi. Eng sevimli joyi - Grozniydagi katta masjid: «Grozniydagi mahalliy masjidga kirganimda, xuddi Makka safaridagi beqiyos tuyg'uni qayta boshdan kechiraman. Ba'zan nimadandir siqilsam yoki qiynalsam, beixtiyor o'ylab qolaman: «Balki Grozniyga borib-kelishim kerakdir...». Bu ichki halovat uchun juda zarur». «Rubin»ning sobiq himoyachisi Aleksey Popov o'z intervyularidan birida Berdievning jamoada o'zini qanday tutishi haqida batafsil gapirib bergandi: «U aynan iymon-e'tiqoddan o'zgacha quvvat oladi. Murabbiy shuning hisobiga yillar davomida barqaror xotirjamlikni saqlab qoladi. Vaholanki, Qurbon Bekievich o'ta qattiqqo'l va to'liq hukmronlik qilishni istaydi. Xarakteri shunday. Gohida ehtirosi jo'shib, hissiyotga beriladigandek taassurot uyg'otadi, bunday lahzalarda iymon kuchi bilan o'zini tutib oladi. Shu tariqa behuda baqirib, so'kinishdan tiyiladi. Vaholanki, futbolda baqirish-so'kinish odatiy hol hisoblanadi. Faqat Berdiev uchun emas».
Berdiev do'sti Abdullo va tarjimon Yashar Ozjan bilan birga bir necha marta Makkaga borgan - umra ziyorati uchun. Vaqt masalasi tufayli esa haj amalini bir marta ado etgan. «Hayotimda bir martagina namoz payti qaergadir g'oyib bo'lganman. Bu Makka safarida yuz bergandi. Go'yoki, er yuzidan ko'tarilasiz, ochig'i, so'z bilan ifodalab berishim qiyin. Atrof top-toza, bir gard yo'q, mutlaqo soflik... Ma'lum muddatdan so'ng atrofga qaraysiz, ammo qaerda turganingizni tushunmaysiz... Bu - mo''jiza», - deydi Berdiev haj safari haqida.
***
Chempionlik sharafiga ziyorat
Berdiev 2008 yili «Rubin» boshqaruvida birinchi chempionlikni tantana qildi va buning sharafiga darhol muqaddas ziyoratga otlandi: «Mehribon hamrohlarim hisoblab chiqishdi: 10 kunlik safar davomida chamasi 130 kilometr masofani bosib o'tibmiz. Birinchidan, vodiy bo'ylab yayov yurasiz, u erda yotadigan yoki shunchaki, o'tiradigan joy yo'q. Ozgina uxlab olish uchun matras qo'yadigan salqin joy topolmaysiz. Eng muhimi, bu fikrdan o'z-o'zidan qutulasiz, yotishni unutib, yo'lda davom etasiz. Keyin vodiyga kirasiz, u erda har bir musulmon chuqur tuyg'ularni his qiladi. Ya'ni sizga hech kim kerak emas, yolg'izsiz, garchi atrofingizda millionlab odamlar bo'lsalarda. Bu tuyg'uni ta'riflashga ojizman. Atrofda million-million odam, hammaning tili boshqa, dunyoning turli burchaklaridan kelgan insonlar... Shunda er yuzida turli-tuman musulmonlar borligini ko'rasiz. O'ta boylar ham, kambag'allar ham bor, faqat ular bir xil holatdalar. Jumladan, siz ham shundaylardan birisiz. Eng muhimi, cheksiz baxtiyorsiz. Bu - Islom ne'mati».
***
Spirtli ichimliklarga nuqta!
Berdiev vaqtida ma'lum muddat do'sti Baxtiyor Bayseitov uyida yashagan. «Qurbon hammasidan ham palovni yaxshi ko'radi. Bu taomni bir necha kun ketma--ket tanovul qilishi mumkin. Umuman, u mazali ovqatlanishni o'rniga qo'yadi. Lekin Ramazon oyida barchasini chetga surib, faqat kechasi ovqatlanadi. Ya'ni kun bo'yi hech narsa emaydi, ichmaydi», - degandi Bayseitovning rafiqasi. Berdiev iymon halovatini topganidan keyin spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlaridan butunlay voz kechdi. «Allohni taniy boshlaganimdan so'ng barchasiga nuqta qo'ydim. Endi aroq o'rniga sharbat yoki choyni afzal ko'raman. Ilgari xuddi parovoz kabi chekardim. Eng hayratlanarlisi, sigaretadan juda engil qutuldim. Yana tabiatan uy odamiman. Ya'ni turli ziyofatlarga tobim yo'q. To'g'ri, ba'zida mehmondorchilikka borishingiz kerak - sizni hurmat qilib, taklif etgan odamlarni ranjitishingiz yaxshi emas», - deydi Qurbon Berdievning o'zi. Buni «Chernomorets» bilan «Rubin»ga qarshi o'ynagan Igor Gamula ham tasdiqlaydi: «Berdiev juda dindor kishi. Esimda, 2003 yili «Chernomorets» bilan Qozonga borgandik. O'yindan oldin Qurbonni kechki tamaddiga chaqirdim. U keldi. Birga shampan vinosi ichishni o'ylagandim, ammo u qo'l tekkizmadi, hattoki, taom ham emadi».
***
Quvnoq shaxs, faqat...
«Rubin» matbuot xizmati sobiq rahbari Maksim Lopuxovning aytishicha, Qozonda Berdiev tufayli boshqacha qarash shakllangan edi: «Murabbiy spirtli ichimliklarga toqat qilolmasdi, hattoki, ichganlar oldida o'zini erkin his qilolmasdi. U qaerda bo'lmasin, o'zini hamisha quvnoq va mutoyibaga moyil xushchaqchaq insondek tutgan. Ammo mastlar davrasiga tushsa, o'zgarib qolardi». Berdiev masjidga qatnay boshlaganidan keyin tasbeh ko'tarib yuradigan bo'ldi. U ikki chempionlikni ham bitta tasbehda nishonladi, bu buyumsiz o'zini yomon sezadi. Berdievning o'yinlar paytidagi odatiy harakati: boshida ko'zini yumgan holatda duo o'qiydi, keyin tasbehi yordamida zikr bilan mashg'ul bo'ladi. «O'yinlar chog'i murabbiy zimmasiga katta ruhiy yuk tushadi, - deya izohlaydi Berdiev. - Bu vaqtda Allohning barcha 99ta go'zal nomini aytib, ichki xotirjamlikni ta'minlayman. Tasbeh Yaratgan nomlarini zikr etishda adashib ketmaslik uchun kerak. Shunda xayolan Uning shundoq yonimda ekanligini his qilaman». Qurbon Bekievich masjidga ilk marta o'tgan asrning 90-yillari boshida «Qayrat»ning sobiq murabbiyi Baxtiyor Bayseitov tufayli kirgan. Keyinchalik qo'lida tasbeh paydo bo'ldi. Bayseitov bu voqeani yaqqol eslab qolgan: «O'sha paytdagi sport vaziri Amancha Akpaev menga yaqinlashib, munchoqlarga e'tibor qaratdi va Allohga chin yurakdan ishonganim uchun meni alohida maqtadi. Berdiev ham shu-shu ibodatga kirdi va tasbeh olib yurishga odatlandi». Murabbiy faoliyati davomida «Rubin» bilan 2 marta Rossiya chempioniga aylandi va yana ikki mavsum yakunida bronza medalini ta'minladi: RPLdagi debyuti (2003 yil) va 2010 yilda. Shuncha vaqt oralig'ida qo'lidagi tasbeh o'zgarganini yo'q. Berdievning o'zi ikkinchi chempionlikdan keyin bunga alohida to'xtalgandi: «Bisotimda tasbehlar ko'pmi? Ha, ko'p. Ayrimlarini o'zim sotib olganman, qolganlarini sovg'a sifatida berishgan. Bu erda, ofisning o'zida 20 donacha bor. Lekin o'yinlarga nuqul 1tasi bilan tushaman. U 2003 yildan buyon doimiy hamrohimga aylangan. O'shanda bronza medalini yutganimizda ham, shu tasbeh men bilan birga edi. 2008 yilgi chempionlik vaqtida ham, hozir ham...».
***
Mutlaqo daxlsiz mavzu
«Rubin» vakillarining guvohlik berishlaricha, diniy qarash ham, tasbeh ham mashg'ulotlar jarayoniga hech qachon ta'sir qilmagan. Berdievning tasbehini biror marta boshqa kishi qo'lida ko'rishmagan. Umuman, hech kim bu haqda murabbiy bilan loaqal bir marta bo'lsada, hazillashmagan. Klubda bunga istehzoli qarashni ham hech kim sezgan emas. «Bir qarashda, Berdiev o'ta irimchi insondek ko'rinadi. Tasbehi va pidjaki bunga misol, - degandi Aleksey Popov. - Murabbiyning tasbehini ushlab ko'rmaganman. Buning barchasi xurofotga o'xshaydi, lekin aslida e'tiqod kuchliligidan bo'lsa kerak. O'z salohiyatingizga ishonganingizda, nimagadir irim qilishingizga hojat qolmaydi. Hammada hayotga nisbatan shaxsiy qarashi bor. Shunday ekan, kimningdir tanlovini muhokama qilish o'rinsiz. Muhimi, Berdievning tasbehi jamoaga qandaydir salbiy ta'sir o'tkazmagan. Har holda, buni biror marta sezgan emasman». Berdievning o'zi esa tasbehni ruhiy ahamiyatga ega zaruriy buyum sifatida ko'radi: «Bu qandaydir irim ham, urf-odat ham emas, balki zarurat. Shunchaki, ichki hissiyotimga ko'ra, u o'yinlar vaqti qo'limda turishi kerak. Tasbeh bo'lmasa, o'zimni nimanidir yo'qotib qo'ygan kishidek his qilaman. Faoliyatim davomida bir necha o'yinni tasbehsiz o'tkazishimga to'g'ri kelgan va ishoning, butun vaqt davomida igna ustida o'tirgandek bo'lganman. Shuning uchun har doim qo'limda tasbeh turishi muhim. O'ylaymanki, ayniqsa, musulmonlar meni yaxshi tushunishadi».
A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi.
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
278