So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Vunderkindlar: Kashfiyot bo'lishga tayyormisiz?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 134
Angliya chempionatining har bir mavsumi bizga yangi yulduzlarni kashf etib beradi. Yulduzlik maqomiga erishib ulgurganlardan hamma shunga munosib o'yin kutadi. Ammo har gal e'tibor markazidan chetda qoladigan, lekin qisqa muddatda sifatli harakatlari bilan yulduz darajasiga chiqadiganlar ham topiladi. Britaniya OAV yangi mavsum arafasida shunday kashfiyotga aylanishga da'vogarlarni aniqlashga urindi.
FOLARIN BALOGUN («Arsenal»)
«Arsenal» muxlislari bir necha yillardan buyon 20 yoshli Balogundan yorqin o'yinlarni kutishmoqda. Martinelli va Nketianing rivojlanish jarayoni biroz cho'zilib ketganini inobatga olsak, kelgusi mavsum yana barcha nigohlar Balogunga qaratiladi - endi yoshi ham to'purarlik salohiyatini namoyish etish imkonini berishi uchun etarli. Ushbu forvard «Arsenal» asosiy tarkibidagi debyutini o'tgan mavsum nishonlagan, umumiy hisobda 6ta o'yin o'tkazib, Evropa Ligasining beshta o'yinida ikkita gol urdi.
Aprelda u to'rt yilga mo'ljallangan yangi shartnoma imzoladi, bu esa muvaffaqiyat yo'lida ilhom berishi mumkin. Aytish joizki, mavsum-2019|2020da u «Arsenal» o'rinbosarlari tarkibida to'p surgan, chempionatda 18ta o'yin o'tkazib, 9ta gol urgandi. «Kanonirlar» an'anaviy tarzda yoshlarga ishonch bildirishadi, demak, Balogundan ham yorqin harakatlarni kutish mumkin.
MOYSES KAYSEDO («Brayton»)
O'tgan qishda «Brayton» 19 yoshli ekvadorlik futbolchi uchun kurashda Evropaning bir nechta klublarini ortda qoldirib, ushbu transferga 4 million funt sarflagandi. Ammo o'shanda «Brayton» murabbiyi Grem Potter Kaysedodan darhol mo''jiza kutayotganlarni tinchlantirgandi: unga yangi muhit va iqlimga moslashish uchun vaqt kerak edi. Buning uchun bir necha oy etarli bo'lardi. Moyses 23 yoshlilar jamoasida bir nechta ajoyib o'yinlarni o'tkazishga ulgurgan. Uning asosiy jamoada qanday harakatlanishi yarim himoya markazida ishonchli to'p suradigan Iv Bissumaning holatiga ham bog'liq bo'ladi. Lekin ushbu futbolchini, katta ehtimol bilan, boshqa jamoaga olib ketishlari kutilmoqda.
LIAM DELAP («Manchester Siti»)
«Arsenal»ning yoshlar bilan ishlashni yoqtirishi haqida gapirgandik, lekin «Manchester Siti» ham navqiron futbolchilar orasidan bo'lajak yulduzlarni saralab olishni biladi. Fikrimizcha, shunday yulduzlardan yana biri porlashga shay. Aguero «Siti»ni tark etdi, yaqqol markaziy forvard rolida Gabi Jezus qoldi. Albatta, Ferran Torres va Rahim Sterling ham bu vazifani uddalay olishadi, ammo ularning ampluasi biroz boshqacharoq, baribir. «Siti»ning Keyn uchun kurashayotganini to'g'ri tushunsa bo'ladi. Lekin kelishuv o'xshamay qolgan taqdirda, «shaharliklar» o'z akademiyalariga murojaat etib, u erdan 18 yoshli Delapni olishlari mumkin.
Katta ehtimol, muayyan vaziyatlarda shunday ham bo'ladi - o'yinlar ko'p bo'lgan paytda rotatsiyaga ehtiyoj tug'iladi. Delap 2018 yili «Derbi Kaunti»dan «Siti»ga ko'chib o'tgandi. Uning familiyasi sizga tanish bo'lsa, demak adashmadingiz - u «Stok Siti»dagi autlarni qoyilmaqom tarzda bajarishi orqali dovruq qozongan Rori Delapning o'g'li. O'tgan mavsum Liam 23 yoshlilar jamoasida 20ta o'yin o'tkazib, 24ta gol urdi. Agar kichik Delap asosiy jamoadagi imkoniyatdan unumli foydalana olsa, tarkibga muqim joylashib, yorqin kashfiyotga aylanishi tayin.
AMAD DIALLO («Manchester Yunayted»)
Hozircha «MYu»ga befarq bo'lmaganlarning e'tibori Jeydon Sancho va Rafael Varanning transferiga qaratilgan bo'lsada, yanvarda 19 million funt evaziga «Atalanta»dan sotib olingan Diallo uchun sarflangan pullar ham behuda ketmasligi mumkin. Sulsher 19 yoshli ivuarlik shogirdi sha'niga maqtovlar yo'llab ulgurdi, vunderkind esa bu e'tiroflarning yarmini oqlab ulgurdi, chapdastlik, tezlik, o'yinni ko'ra olish qobiliyatlarini namoyish etdi. Albatta, «MYu» hujum chizig'ida raqobat yuqori, ammo jamoaning ko'plab turnirlarda qatnashishidan kelib chiqsak, rotatsiya qilinishi aniq - qolgani Dialloning o'zi uchun yaratiladigan imkoniyatdan qanday foydalanishiga bog'liq bo'ladi. Hattoki, uning sotib olinishini Ronalduning transferiga qiyoslaganlar ham uchradi.
XARVI ELLIOTT («Liverpul»)
Go'yoki, Elliott anchadan buyon diqqat markazida turgandek, ammo buning sababi boshqa bo'lishi mumkin: u «Fulxem» safida Premer-ligada debyutini nishonlaganda 16 yoshu 30 kunlik edi. Uning rivojlanish jarayonidan hayratlangan «Liverpul» 2019 yilning yozida Elliott bilan shartnoma tuzdi. Keyingi yillar futbolchini top darajaga ko'tarishga intilish bilan o'tdi, nafaqat «qizillar»ning boshqa vakillari bilan raqobatlashishi, balki asosiy tarkibga astoydil kirib kelishi uchun harakat qilindi. O'tgan mavsum Elliott ijara asosida «Blekbern»da o'ynadi, 42ta uchrashuvda maydonga tushib, 7ta gol va 11ta assist muallifiga aylandi. Balki, u oldinga qadam tashlashga tayyordir, boz ustiga, «Liverpul» hujumiga yangi «qon» kerak.
KODI DRAME («Lids»)
«Lids» Marselo Belsa qo'l ostida ko'plab yoshlarga yo'l ochmoqda - bu klubda navqiron futbolchilarga imkoniyat berishdan cho'chishmaydi. Belsa «Lids»da ish boshlaganidan buyon 23 yoshdan kichik bo'lgan o'ndan ziyod futbolchilar jamoada debyut qilishdi. Keyingisi 2020 yili «Fulxem»dan kelgan 19 yoshli Drame bo'lishi mumkin. Unga hujum chizig'ida Jo Gelxardt va Sem Grinvud raqobatchi bo'lishadi, shuningdek, yaqinda sotib olingan yarim himoyachi Lyuis Beyt ham bor. Ammo universel Drame ko'plab pozitsiyalarda yorqin o'yin ko'rsatish salohiyatiga ega. Uni o'tgan mavsum klubning eng yaxshi yosh futbolchisi deb tan olishgani bejiz emas - 23 yoshlilar jamoasida 21ta o'yin o'tkazgan bo'lsa, ularning aksariyati Kodining benefisiga aylandi.
BILLI GILMOR («Norvich»)
Yaqinda bu ismni eshitgan bo'lishingiz kerak. Bunga uning o'tgan mavsum «Chelsi» tarkibidagi kamsonli yorqin o'yinlari va Shotlandiya termasi safida Evro-2020dagi ajoyib harakatlari sabab bo'lishi mumkin. Lekin 20 yoshli xavbek oldinga qadam tashlashi kerak, buning uchun esa ko'proq o'yin amaliyoti zarur. Shu bois, u ijara asosida «Norvich»ga yo'l oldi. Albatta, «Chelsi» uni sotmoqchi emas, o'z navbatida, Jorjino va Kante bor ekan, Billining maydonga tushishiga kafolat ham berolmaydi. Shunday ekan, Gilmor yaqin vaqtlar ichida «Norvich»dagi o'yinlari bilan bizni lol qoldirishiga ishonamiz.
MARK GEXI («Kristal Pelas»)
Gexi «Kristal Pelas»dagi paradigma o'zgarayotganiga ishoradek, Roy Xojson davrida tajriba va ziyraklik ustuvor edi, Patrik Vieyra esa yoshlik va qizg'inlik tarafdori. 21 yoshli Gexi ligadagi kelajagi porloq markaziy himoyachilardan biri bo'lib turibdi. «Chelsi» uni 18 million funt evaziga «Kristal Pelas»ga qo'yib yubordi. «Suonsi»dagi ikkita ajoyib mavsumni o'tkazganiga qaramay, «ko'klar» unga tajriba to'plash imkoniyatini berolmadilar, tarkibda uzoq vaqt saqlab turish ham ilojsiz edi. Shu bois, Markning ketishiga qarshilik bildirishmadi. «Kristal Pelas»da esa Gexining darhol asosiy tarkibdagi joyni kafolatlashi kutilmoqda.
OLIVER SKIPP («Tottenxem»)
Ijara muddatini munosib tarzda o'tkazgan Skipp «shporlar» safiga qaytdi: «Norvich»da 45ta o'yinda maydonga tushdi, bitta gol va ikkita samarali uzatmani amalga oshirdi, asosiysi - jamoaning Chempionship g'olibi bo'lishiga ko'maklashib, omma e'tirofiga sazovor bo'ldi. «Norvich» ijara shartnomasini yangilashni istadi, lekin «Tottenxem» bunday futbolchi kelgusi mavsum o'ziga ham asqotishini tushunib, rad javobini berdi. Yangi bosh murabbiyi vaziyatni o'zgartirib, sxemani o'zgartirishi mumkin, shunday ekan, 20 yoshli Skipp o'zini ko'rsatib, «asosiy»ga muqim joylashish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo'ladi.
D.ALIMOV tayyorladi