Toshkentda tug'ilgan talant yoxud yana «gretsiyalik Maradona» haqida hikoya
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 148

Vasilis Xadzipanagis - bu ism-familiya Gretsiyada o'zini futbol muxlisi sifatida biladigan barcha-barchaga yaxshi tanish. O'zimizdagi katta avlod vakillari ham Xadzipaganis ijrosidagi nozik o'yinlarni haligacha entikib esga olishadi. Uni etuk va qoyilmaqom futbolchi o'rnida ko'rishgan, iqtidori va to'p bilan ishlash qobiliyatidan kelib chiqib, kimsan Diego Armando Maradonaga ham qiyoslashgan. Lekin Vasilis taqdir taqozosi bilan yunon futboliga kutilgan darajada ko'p foyda keltirolmagan. Albatta, buning zalvorli sabablari bor. FootballHD bu safar tarix zarvaraqlariga nazar tashlab, aynan o'zbek futbolida ulg'aygan yana bir etuk iste'dod haqida katta maqola tayyorladi. O'ylaymizki, vaqtida «Paxtakor» muxlislari yoqimtoyiga aylangan Vasilis Xadzipanagis taqdiriga bog'liq ma'lumotlar O'zbekistonda ko'pchilikni befarq qoldirmaydi.
***
Vasilis Xadzipanagis 1954 yili Toshkentda tavallud topgan, otasi - kiprlik, onasi - grek ayoli. Ularning oilasi ikkinchi jahon urushidan keyin Gretsiyada vujudga kelgan fuqarolik jangi vaqti O'zbekistonga ko'chib o'tishga majbur bo'lgan. Keyinchalik ma'lum bo'ladiki, shu faktning o'zi yunon futbolini yuksak iste'dod sohibidan mahrum qilgan. Xadzipanagisning kelajagi millionlar o'yini bilan bog'liq ekanligi uning bolaligidan sezilib turardi. Bolakay to'pni o'zida saqlagan holda, fantastik darajada tezlik va dribling namoyish etardi. Toshkent ko'chalarida do'stlari bilan to'p tepayotgan yunon yigiti tez orada qator jamoalar murabbiy-selektsionerlari e'tiborini o'ziga qaratadi. Bu borada Toshkent «Dinamo»si faolroq bo'lib chiqadi, ammo Vasilis bu jamoada uzoq ushlanib qolmaydi. Gap shundaki, uning otasi sobiq ittifoq hukumatini yoqtirmagan, shu bois ham, o'g'lining militsiya idorasi sharafini himoya qilishiga qat'iy qarshi chiqqan. Natijada 17 yoshli Xadzipanagis 1972 yili «Paxtakor» a'zosiga aylanadi, ammo bundan avval ittifoq fuqaroligini olishi kerak edi, zero, bu futbolga kirishning asosiy sharti hisoblanardi. Vasilis «Paxtakor»da deyarli 4 yil to'p suradi, shu vaqt mobaynida 96ta uchrashuvda maydonga tushib, 22ta gol uradi. Xadzipanagisning Toshkent jamoasidagi yulduzli onlari 1975 yilning kuziga to'g'ri kelib, o'shanda «Paxtakor» sobiq ittifoq chempionatining navbatdagi turi doirasida Kiev «Dinamo»sini tor-mor etadi - 5:0. E'tiborlisi, mag'lub jamoa bir necha oy muqaddam Evropa Kubok egalari kubogi sohibiga aylangandi. Aytishlaricha, har yili «Oltin to'p» sohibini aniqlaydigan taniqli France Football nashri vakillari o'sha bahsni bevosita stadiondan kuzatib, Xadzipanagisni Oleg Bloxindan keyin sobiq ittifoqning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etishgan. Ma'lumot uchun, Bloxin 1975 yili nufuzli sovrin sohibiga aylangandi.
***
Taxminan o'sha paytning o'zida Xadzipanagisning iqtidori haqida Gretsiyada ham xabar topishadi. Birinchi navbatda, «Olimpiakos» uni qo'lga kiritishga urinib ko'radi. Bu klub «Paxtakor»ga Vasilis transferi bo'yicha rasmiy taklif ham jo'natadi, uning uchun 10 million draxma berishga tayyorligini bildiradi - bu o'sha payt Gretsiya futboli uchun juda katta summa edi. Ammo sobiq ittifoqda professional futbolchilar bozoriga yo'l qo'yilmasdi. Xullas, mazkur shartlar asosida transferni amalga oshirish imkonsiz edi. Keyinchalik vaziyatdan «Iraklis» unumliroq foydalanadi. Jamoa vakillari Xadzipanagisning yunon o'lkasiga ko'chib o'tishini ta'minlash maqsadida sobiq ittifoqdagi obro'li mulozimlar bilan bevosita gaplashishadi, futbolchining o'ziga esa qulay shart-sharoitlarni va'da qilishadi. Yakunda Vasilis qadrdon buvisi va ikki xolasi yashaydigan hududda istiqomat qilish imkoniyatidan ko'z yumolmaydi.
***
Xadzipanagis 1975 yilning 22 noyabrida Gretsiyaga boradi, «Iraklis» bilan professional shartnoma tuzadi, bir yildan so'ng jamoa bilan milliy kubok sohibiga aylanadi. 1985 yili esa Bolqon kubogida zafar quchadi. Bu ikki sovrin bugungi kungacha «Iraklis» klubi tarixidagi asosiy yutuqlar bo'lib turibdi. Birgina shu fakt Vasilisning jamoada nechog'li katta rol o'ynaganidan dalolat. Xadzipanagis klassik goleador yoki noodatiy kreativ futbolchi hisoblanmagan, biroq uning maydondagi harakatini kuzatgan tomoshabinlar futbolchining nozik did sohibi, «erkin musavvir» sifatida ulug'lashgan, to'p bilan mo''jizalar ko'rsatishini e'tirof etishgan. Kim uchundir hazil yoki yolg'ondek tuyular, lekin Xadzipanagis mavsum-1983|1984da burchak zarbalaridan 7ta gol urgan! «Iraklis» muxlislari Vasilisni juda yaxshi ko'rishardi, klub rahbariyati esa, vaziyatni to'g'ri tushungan holda, futbolchi bilan tuzilgan shartnomaga juda katta tovon puli belgilash asnosida uning boshqa jamoaga ketib qolishiga to'siq qo'yishga uringan. Ayni shu sababga ko'ra, «Gretsiyalik Maradona» (Xadzipanagisni odatda shunday atashardi) 1990 yilgacha, ya'ni faoliyatining so'nggi pallalarigacha «Iraklis» sharafini himoya qilgan.
***
Vasilisning o'yiniga jilo beruvchi muhim omillardan yana biri uning kichik hududda to'p bilan oqilona harakatlanishi edi. Qahramonimizni hattoki, sobiq ittifoq, Britaniya va Frantsiyada dovruq qozongan balet artisti Rudolf Nureevga o'xshatishardi. Ayniqsa, gretsiyalik jurnalistlar Xadzipanagisning aldamchi harakatlarini ajoyib tarzda e'tirof etishgan: «U kerak bo'lsa, telefon budkasi ichida ham raqiblariga qarshi o'ynay oladi, shunda ham to'p nazoratini o'zida saqlab qoladi». Bu kabi maqtovlar juda ko'p yozilgan. Aslida «Iraklis» Xadzipanagisga loaqal Gretsiya ichida katta sovrinlarni yutish imkonini beradigan klub hisoblanmasdi. Shuning uchun Gretsiya terma jamoasidagi ishtirok uning eng katta yutug'i bo'lib qoladi. Afsuski, Vasilis xalqaro maydonda ham ulkan g'alabalarga erishmaydi. Greklar 1980 yili ilk marta Evropa chempionati final bosqichi yo'llanmasini qo'lga kiritishadi (keyinchalik mazkur jamoa 2004 yilgacha qit'a miqyosidagi turnirda qatnashmadi, o'z tarixidagi ikkinchi Evropa birinchiligi finalida portugallarni engib, bosh sovringa ega chiqdi), lekin Xadzipanagis jamoasiga yordam berolmaydi. Uning termadagi ilk o'yini 1976 yili bolgariyaliklarga qarshi «o'rtoqlik» (3:2)ka to'g'ri kelgandi. Orada Xadzipanagisning sobiq ittifoq olimpiya termasida 4ta uchrashuv o'tkazgani haqida ma'lumot tarqaladi. Buning oqibatida greklar Evro-80ga «Iraklis» etakchisini olib ketish imkoniyatidan mahrum bo'lishadi va turnirda aytarli natijaga erisholmaydilar - guruh bosqichida GFR, Niderlandiya va Chexoslovakiya jamoalariga qarshi o'ynagan yunonlar 1 ochko bilan kifoyalanib, kvartetda oxirgi pog'onani band etishadi. Shu tariqa Xadzipanagisning omadi yana yurishmaydi, chunki FIFA va UEFA aynan 1976-1980 yillar oralig'ida muayyan yurt jamoasida o'ynagan futbolchining boshqa termada o'ynashiga taqiq qo'ygandi. Umuman, hozir ham Gretsiyada futbol federatsiyasining o'sha paytdagi rahbariyati manziliga ko'plab tanqidlar yangrab turadi. Zamonaviy mutaxassislarning xulosalariga ko'ra, futbolchining sobiq ittifoq olimpiya termasida to'p surgani uning Gretsiya milliy jamoasida o'ynashiga to'sqinlik qilishiga hech qanday asos yo'qligini FIFA va UEFAga tushuntirish uchun mutasaddilar etarlicha harakat qilishmagan...
***
Toshkentda tug'ilgan, termasi uchun tarixiy hisoblangan Evro-80da qatnasholmagan, «qimmatbaho shartnoma» tufayli faoliyatining asosiy qismini «Iraklis»da o'tkazishga majbur bo'lgan, «Arsenal», «Latsio», «Shtutgart» va «Portu» kabi klublardan tushgan takliflarni rad etgan grek - bularning barchasi Xadzipanagisning futbolchilik biografiyasidan o'rin olgan eng yaxshi sahifalar emas, albatta. Umuman, Xadzipanagis yoshi «bir joyga borgan» vaqtda munosib e'tirofga loyiq ko'riladi, baribir. Diqqat qiling, Vasilis 1991 yili faoliyatini yakunlaydi. Oradan 8 yil o'tib (1999 yili) esa Vasilisni Gretsiya termasiga chaqirishadi va u Gana milliy jamoasiga qarshi kechgan «o'rtoqlik» (1:1)da xayrlashuv uchrashuvini o'tkazadi. Bu o'ziga xos ko'rgazmali bellashuv bo'lib, atayin Vasilis uchun tashkil etilgandi. 2003 yili esa, UEFAning 50 yilligiga bag'ishlab, har bir assotsiatsiyaga o'z tarixidagi eng yaxshi futbolchini tanlash so'rovi jo'natiladi va Gretsiya futbol federatsiyasi tanlovi aynan Vasilis Xadzipanagis nomzodida to'xtaydi. Natijada qahramonimiz Yoxan Kroyff, Ferents Pushkash, Bobbi Mur, Alfredo di Stefano, Yozef Masopust, Eysebio kabi afsonalar qatoridan joy oladi. Oddiy aytganda, Xadzipanagisning futboldagi xizmatlari millionlar o'yini bilan rasman xayrlashganidan bir necha yillar o'tib munosib taqdirlanadi. Bu ham Vasilisning butun boshli faoliyatini o'zgacha tarzda tasvirlaydi, albatta.
O'.UMAROV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
193