So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Sariq tufli sohibasi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 7118
Amayya Gorostisa - kamtarin «Eybar» klubining 77 yillik tarixidagi birinchi ayol prezident. «Bizning shaharda ayollar barcha sohalarda hamisha etakchi rollarni bajarishgan va mas'uliyati juda baland vazifalarni ham o'z zimmalariga olishdan sira cho'chishmagan...», - deydi mag'rur holda Amayya xonim.
Umuman olganda, Ispaniya La-ligasidagi eng «mitti» klub - «Eybar» boshqaruvidagi ikki yuqori lavozim ayni payt ayollarga tegishli. Jamoa prezidenti bu hol umumiy mezon bilan o'lchaganda, «g'alati» ekanligini tan oladi, lekin u shuning barobarida qat'iy ohangda ta'kidlaydi: «Eybar» tizimida ikki yuqori lavozimni ayollar egallab turishganida Baskoniyaning shu nomdagi shaharchasi uchun hech qanday g'ayritabiiylik yo'q».
Hujjatli serial qahramoni
Amayya Gorostisa Amazon tomonidan suratga olingan «Olti orzu» hujjatli serialining bosh qahramonlaridan biriga aylandi. Mazkur film jami 6ta lavhadan iborat bo'lib, ularda La-ligadagi ishlarga «parda ortidan» nazar solingan. Ya'ni har bir lavhaga alohida qahramon tanlangan. Xullas, serialning Gorostisa xonimga bag'ishlangan qismi juda jonli chiqqan.
Chunonchi, klub prezidentining futbolchilar va xodimlarga munosabati, uning turli tashabbuslari haqida keng hikoya qilingan. Hujjatli filmning yakuniy xulosasi - butun jamoa prezident xonimga to'liq ishonadi. Shu tariqa keng auditoriya «Eybar»ning yangi qirralaridan xabar topdi. Yana bir alohida fakt shuki, «Eybar» noyabr oyi oxirida o'z tarixida ilk marta Madridning «Real» jamoasini mag'lubiyatga uchratdi.
Qarangki, Chempionlar kubogi|Chempionlar Ligasining 13 karra g'olibi o'yin bobida kamtarin klub oldida mutlaqo ojiz ko'rindi va javobsiz 3ta gol qabul qildi. Eybarliklar ushbu tarixiy g'alabani atigi 7083 muxlisga mo'ljallangan mo''jazgina uy stadioni - «Ipurua»da nishonlashdi. Gorostisa xonim o'yin tugagani hamono barcha futbolchilar bilan kiyinish xonasiga oshiqdi va jamoa xursandchilikni davom ettirdi. Aytishlaricha, Amayya jamoaning har bir g'alabasini o'yinchilar bilan birga nishonlashga odatlangan.
To'g'ri, «Real» dog'da qoldirilgan oqshom shukuhi boshqacha bo'ldi. Bayramdan olingan videolavhada Gorostisaning butun jamoaga qo'shimcha dam olish kuni e'lon qilgani ham tasvirlangan. «Tushunarliki, bu tarixiy ahamiyatga ega g'alaba. Bir kun kelib, shunday yoqimli g'alabani tantana qilib, orzumizni amalga oshirishimizni bilardik», — deyli ayol rahbar. O'zi «Eybar» va «Real» to'qnashuvini mitti hamda bahaybat o'rtasidagi jangga qiyoslash mumkin. Har holda, «Eybar» aholisi atigi 27 ming kishiga teng mo''jazgina shaharcha sharafini himoya qiladi.
Umuman, Ispaniya shimolidagi vodiyda joylashgan Eybar Evropaning kuchli 5ta milliy chempionatida jamoasi bor shaharlar orasida eng kichigi hisoblanadi - ham aholi soni, ham er maydoni o'lchovi bo'yicha.
Gorostisa hozirgi ishidan bag'oyat mamnun. Aytishicha, aynan «Real»ga o'xshagan kuchli klublar ustidan qozonilgan g'alaba unga jamoani boshqarishda qo'shimcha kuch bag'ishlaydi. Shuningdek, klubda prezident xonimga elkadosh yana bir ayol bor - Patrisiya Rodriges. Bunisi Ispaniya chempionatida klub bosh direktori sifatida ishlayotgan yagona ayoldir. «Bu biz uchun oddiy hol, chunki jinsga katta e'tibor bermaymiz.
To'g'ri, chetda qandaydir boshqacha ko'z bilan qarashadi. Deylik, boshida klublarning erkak prezidentlari menga bepisand munosabatda bo'lishdi. Lekin shaxsan o'zing zimmangdagi ishni uddalay olishingga ishonsang va bunda hech qanday muammo ko'rmasang, umumiy yondashuv yaxshi tomonga o'zgaradi, albatta. Mana, endilikda har bir stadionda menga birdek hurmat bilan qarashmoqda. O'zi doimo odatda erkaklar ustun sanalgan sohalarda ishlaganman va bu tajriba ayni payt rosa qo'l kelmoqda», — deydi Gorostisa.
Oilaviy muhit - muvaffaqiyat garovi
Kamtarin «Eybar» Ispaniya chempionati elit divizioni - Primeroda ilk marta 2015 yili ko'rinish berdi. E'tiborlisi, jamoa qisqa davrda ma'lum yutuqlarga ham erishdi. Misol uchun, klub o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra, shaxsiy rekordini yangiladi - kuchlilar qatorida 9-o'rin.
Gorostisaning ta'kidlashicha, «qurolsozlar»ning barcha qo'shnilar - «Atletik», «Real Sosedad» va «Alaves»ni ortda qoldirishgani Eybar aholisiga alohida quvonch bag'ishlagan. Har holda, bu jamoalar «Eybar»dan ancha «katta». «Qo'shnilardan oldinga o'tish oson bo'lgani yo'q, albatta. Binobarin, «Atletik» ham, «Real Sosedad» va «Alaves» ham ma'muriy markaz jamoasi sanaladi, bizniki esa shunchaki, provintsiya sharafini himoya qiladi» - bu Gorostisa xonimning avvalgi mavsum natijasiga bergan bahosi.
Hujjatli serialda prezident xonimning futbolchilar va jamoa bosh murabbiyi Xose Luis Mendilibar bilan juda yaxshi munosabat o'rnatgani alohida e'tirof etilgan. Xususan, bitta kadrda Gorostisa chap qanot himoyachisi David Junka bilan uning yangi soch turmagini hazilomuz ohangda muhokama qilgan. Boshqa bir lavhada prezidentning jamoa sardori Dani Garsiyaga tasalli berayotgani aks ettirilgan.
Chunonchi, futbolchi ketish haqidagi qarorini e'lon qilar ekan, ko'z yoshlarini to'xtatolmagandi. «Bordo» vakili, serbiyalik himoyachi Vukashin Yovanovich ijara kelishuvi asosida «Eybar» safiga qo'shilganida esa, Amayya 22 yoshli futbolchini ko'tarinki ruhda qarshi olgandi: «Eybar»ga xush kelibsan. Endi bu sening klubing, sening uying, sening oilang.
Biz xuddi ahil oiladek hamjihat holda ishlaymiz». Gorostisa futbolchilarni maqtashni ham o'rniga qo'yadi: «Ular o'g'lim tengi yigitlar. O'z yoshlariga nisbatan olganda, juda dadil ekanliklaridan hayratdaman. Biroq odamlar futbolchilarni yollanma ishchilar o'rnida ko'rishadi - bu adolatdan emas». Prezidentning fikricha, oilaviy muhitni eslatuvchi munosabat «Eybar»ning o'ziga xos xarakteridan nishona, yaqqol belgilaridan biridir. «Ehtimolki, bizni boshqa klublardan ajratib turadigan asosiy farq - aynan ichki do'stona muhit.
«Eybar»da boshqaruv kengashi vakillari, futbolchilar, murabbiylar, hattoki, pazanda va farroshlar — hamma-hamma bir-biriga juda yaqin. Juda yosh o'yinchilarimiz ko'p. Ular ko'pincha o'smirlik chog'iyoq qadrdon uylaridan chiqib ketishadi, ota-onalaridan uzoqlashishadi. Shunday ekan, jamoada avvalo, oilaviy muhitni shakllantirish muhim. Menimcha, boshqa klublarda bizdagi kabi inoqlik bo'lmasa kerak. Bu erga kelgan yigitlar futbol bilan shug'ullanish barobarida osuda hayotdan zavqlanadilar.
Chunonchi, ularga mahsulot emas, inson sifatida qaraymiz! — «Eybar» prezidenti lavozimini 2016 yili egallagan Gorostisa shu aqidaga qat'iy amal qiladi. - Ha, futbolchilar pul uchun o'ynashadi va bu ham juda muhim jihat. xursand qiladigan tomoni, ko'plab yigitlarimiz boshqa klublardan manfaatliroq takliflar olishsada, «Eybar»da qolishni ma'qul ko'rishadi. Chunki bu erda o'zlarini qulay his qilishadi va ham inson, ham futbolchi sifatida o'sishlarini bilishadi. Bordiyu, ketishlariga to'g'ri kelgan taqdirda ham, «Eybar»da ko'rgan qadriyatlar va qoidalarga sodiq qolishadi.
Umuman, o'yinchilarimiz va murabbiylarimizga mutlaqo ishonaman. Biz ularning gaplariga mudom quloq tutamiz, g'alabalardan birga quvonamiz, mag'lubiyat onlarida bir-birimizga tasalli beramiz. Zero, har bir insondan qayg'urish juda muhim. Futbol masalasida aytsak, qo'l ostingizdagi o'yinchilarda hammasi yaxshi bo'lsa, klub o'z-o'zidan rivojlanaveradi».
«Eybar» bosh murabbiyi Xose Luis Mendilibar qo'shni munitsipalitet - Saldivardan. Ayni payt unga jamoaning printsipial raqiblari tomonidan qiziqish katta. Gorostisa esa mutaxassisning «Eybar»da uzoq muddat ishlashidan umidvor: «Asosiysi, Xose Luis bizning qadriyatlarimizni yuksak baholaydi. Shu nuqtai nazardan olsak, u «Eybar» uchun ideal murabbiy. Shuningdek, futbolchilar ham Mendalibarga o'rganib qolishdi. Chunki u barcha yigitlarga xuddi o'z o'g'illaridek yondashadi».
Omad keltiruvchi tufli
«Eybar» o'tgan mavsum «Jirona»ni 4:1 hisobida dog'da qoldirgandi. Gorostisa o'shanda o'z jamoasining birinchi golini ko'rolmadi. Negaki, ayni darvoza ishg'ol qilingan lahzada «omadli» tuflisini kiyishga chog'langandi. Qizig'i, Amayya o'yindan so'ng futbolchilarga mavsum oxiriga qadar poyafzalini o'zgartirmaslik xususida va'da berdi. Aslida hammasi 2016 yilning oktyabr oyida «Santyago Bernabeu»dagi o'yin bilan boshlangan edi. O'sha kuni Gorostisa xonim sariq tusli tufli kiygan va «Eybar» 1:1 hisobidagi durangga imzo chekib, «Real»ni muhim ochkolardan mahrum qilgandi. «Madriddagi bahsdan so'ng futbolchilar mendan mavsum oxiriga qadar sariq tufli kiyib yurishimni so'rashdi. O'ylaymanki, u bizga omad keltirmoqda. Shu-shu yigitlar har bir o'yin arafasida oyoqlarimga qarashmoqda!» - deydi Amayya sariq tusli tufliga muhabbati haqida.
«Eybar» kelajagi
«Eybar» La-ligada nimaga intilmoqda? Prezident bu borada kamtarona gapirishni ma'qul ko'radi: «Maqsadimiz - oliy divizionda imkon qadar uzoqroq ushlanib qolish. Lekin har doim Segundaga tushib ketishga ham tayyor turishimiz kerak. Binobarin, shunday kuchli klublar ishtirok etadigan chempionatda omon qolish oson emas. Muhimi, o'z kuchimizga ishonsak, bas». Ta'kidlash kerak, hozirda «Eybar» qarzdorlik holatidan mutlaqo xoli. Klub asosan ikkinchi divizionda ko'zga tashlangan futbolchilar bilan shartnoma tuzishga urinadi. To'g'ri, transferlar masalasida xorij bozoriga chiqish harakati ham yo'q emas.
Yaqqol misol: yarim himoyachi Takashi Inui o'tgan yili «Eybar»ning Yaponiyada mashhurlik bobida 3-o'ringa chiqishini ta'minladi. Yapon yigiti iyun oyida «Real Betis» safiga qo'shilgan bo'lsada, «kunchiqar yurt»da hamon «Eybar»ga qiziqish katta. «Ha, klubimiz Yaponiyada o'ziga yarasha mavqega ega. Chunki yaponiyalik homiylar bilan ishlayapmiz. Takashi tarkibdagi asosiy o'yinchilardan biri edi, lekin klub imidji yanada muhimroq. Endi Xitoy va Hindistonda ham nom qozonmoqchimiz. Umuman, «Eybar»ni butun dunyoda bilishlari yo'lida bor imkoniyatlarni ishga solamiz» - ha, Amayya Gorostisa xonimning ishtiyoqiga faqat havas qilish mumkin.