So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Baxtiyor Ashurmatov: “Keyingi o'yinda xato qilishga haqimiz yo'q”
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 89
Coca Cola superligasining 13-turidan o'rin olgan "Qo'qon-1912" — "Navbahor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining 2 qismida "Qo'qon-1912" jamoasining bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi.
— Afsuski, uyimizdagi noxush an'ana – g'alaba qozona olmaslik yana davom etdi. O'yin to'g'risida qanday fikr bildirishim mumkin? Yigitlar yomon o'ynamadilar, vaziyatlar yaratdilar. “Navbahor”da esa gol urish koeffitsienti baland bo'ldi. Birinchi golda vaziyat yaratildi deb aytish qiyin. Azim Ahmedovning kuchli zarbasi muhim rol o'ynadi va jamoasi uchun kerakli golni urdi. Biz hisobni tenglashtirishga harakat qildik. Afsuski, qarshi hujumda ikkinchi golni o'tkazib yubordik. Bu g'alaba bilan “Navbahor”ni tabriklayman. Biz nimanidir o'zgartirishimiz kerak. Nima etishmayotganini bilmadim. Omad etishmay turgani bu fakt. Ammo shuncha o'yinda uyda yutolmaslik – bu rahbariyat hamda muxlislarimiz oldida uyatli holat. Keyingi uchrashuvda xato qilishga haqqimiz yo'q. “Turon” bilan uchrashuvda faqat g'alaba uchun o'ynaymiz.
— Jamoaga kreativlik etishmadi? Jamoada Quvondiq Ro'ziev, Javohir Siddiqovning o'rnini to'ldiradigan o'yinchi bo'lmayapti.
— Oldin ham aytgandim, bizda bu muammoni boshqa o'yinchilar bilan yopishimiz kerak edi. Bu pozitsiyada hujumkor va to'pni o'zida ushlab tura oladigan futbolchi etishmayapti. Rosti, selektsiya paytida “Lokomotiv”da o'ynab turgan Javohir Siddiqovni ulardan ko'ra, manfaatli taklif bilan chaqirish imkoniyatimiz yo'q edi. Buning uchun yaxshigina mablag' ishlatish kerak bo'ladi. Endi bu haqda gapirishdan foyda yo'q. Biz vaziyatdan yorug' yuz bilan chiqishimiz kerak. Anvar Hojimirzaevga kam imkoniyat beryapmiz. Balki u orqali shu muammoni hal qilib ko'rarmiz. Chunki oldinda o'yinlar ko'p, xatolarni to'g'rilasa bo'ladi.
— Jamoangiz hisobda orqada qolayotganida ham zaxiradan o'yinchi tushirishga shoshilmadingiz. Ertaroq o'zgarish qilsangiz bo'lmasmidi?
— Bo'lardi. Shoshilmaganimizga sabab, birinchi bo'limda tarkibimizda kimnidir o'yini chiqmasdan jamoani qiyin vaziyatga tushirib qo'ygani yo'q. Jamoaviy o'yinda hamma berilgan vazifani bajarib turgandi. Shu bois kutishga qaror qildik. 15 daqiqa kutdik va keyin hujumkor futbolchi Yakuba Bambani tushirdik. Oxirida uchta hujumchi bilan o'ynadik. Ammo bu o'zini oqlamadi. Chunki “Navbahor” zich himoyalandi va qarshi hujumda o'ynab o'z maqsadiga erishdi. To'g'ri aytdingiz, biz vaqtliroq zaxiradan futbolchi tushirsak bo'lardi. Futbolchilarimiz maydonda bitta hujumchi bilan ham yomon o'yin ko'rsatmayotgani bois biroz kutishga qaror qilgandik. Yana shuni qo'shimcha qilmoqchiman, biz mana shu uchrashuvga ikkita hujumchi bilan tayyorgarlik ko'rardik. O'rtoqlik o'yinlarida ham hujumda Norbekov va Abduhamidov tandemi orqali hozirlik ko'rdik. Afsuski, o'yinga bir kun qolganida Hamidillo Abduhamidov jarohat oldi. Mo'min Meliev jarohatdan endi tiklanganini inobatga olsak, bugun ikkita hujumchi bilan o'yinni boshlash imkoniyati bo'lmadi. O'tgan uchrashuvdagi matbuot anjumanida o'z maydonimizda ikkita hujumchi bilan o'ynashimiz kerak, ammo qo'rqoq taktika tanladik deb aytgandim. Bugun esa ikkita hujumchi bilan chiqmaganimizga sabab Abduhamidov jarohat oldi.
— O'yin davomida ko'p xushtak chalindi. Bu haqida fikringiz qanday?
— Ikkinchi davrada o'zimga-o'zim shunaqangi talab qo'yganman: hakamlarga kamroq e'tiroz bildirish, qarorlarni muhokama qilmaslik! To'g'risi, hakamlar haqida fikr bildirmasdan, o'zimizni o'yinimiz va kamchiliklarimiz haqida o'ylashimiz kerak. Chunki ichimizdan nima o'tayotganini o'zimiz bilamiz. Shundoq ham muammolarimiz etarli. Hakamlik to'g'risida gapirmoqchi emasman.
— Gap hakamlik haqida emas. Faqat ayrim paytlarda futbolning jozibadorligiga putur etkazib qo'yishmoqda...
— Buni hakamlar bilan ishlash qo'mitasidagilar bizdan ko'ra yaxshiroq tushunishadi. Hakamlarga har bir o'yinda kamroq to'xtalish berishga ko'rsatma berishar, bunisini bilmaymiz. Ammo futbolimiz tezkor va jozibali bo'lsa, muxlislarga ham qiziqarli bo'ladi.
— Yoritgich tizimini talabga javob bermasligi, jamoani o'z maydonida o'ynay olmayotgani va muxlislarning stadionga kirmasligini ham klubga ta'siri bormi?
— Baribir o'z maydonimizda o'ynaganimiz yaxshi, muxlislarimiz stadionda bizni qo'llab tursa, ularning daldasini his qilib tursak, albatta yaxshi. To'g'ri, birinchi davrada ishqibozlarimiz kelgan o'yinlarda ham biz o'z uyimizda yuta olmadik. Shunda ham ularning qo'llab-quvvatlashini doim sezib turamiz. Lekin bu holatlar mag'lubiyatimizga sabab bo'lmaydi. Karantin tufayli ishqibozlar stadionga qo'yilmayapti. Albatta, muxlislarning stadionda bo'lmasligi futbol uchun katta yo'qotish deb hisoblayman. Yoritgich tizimi o'rnatilish harakatida. Bu meni vakolatimga kirmaydi. Ammo yaqin kunlarda yoritish tizimi stadionimizga o'rnatiladi.