So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
De Paul – De Bryuynening o'zginasi!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 192
5 yil muqaddam Rodrigo De Paul «Udineze»ga o'tib, debyutini markaziy himoyachi pozitsiyasida nishonlagandi. Biroq bir necha uchrashuvlardan keyin erkin hujumchi ixtisosini o'zlashtirdi. Yakini ketgach, yangi bosh murabbiy Luiji Delneri Rodrigoni o'ng qanotga o'tkazdi. Keyin Massimo Oddo argentinalik shogirdini hujum chizig'iga tushira boshladi. Uni iste'foga chiqarishgach, Tudor davrida De Paul hujumchilar ortida to'p sura boshladi.
2018 yilda Velaskes Rodrigo uchun chap qanot vingeri pozitsiyasida fantazist rolini o'ylab topdi. Nihoyat, futbolchi «ochildi»: tinimsiz ravishda markazga siljishlari bilan raqib himoya chizig'ini vayronaga aylantirdi, o'ng oyoqdagi zarbalari bilan burchaklarni nishonga olib, darvozaning olis ustuni yaqiniga diagonal uzatmalarni yo'llashga kirishdi. Kuz oxiriga qadar u 13 uchrashuvda o'z hisobiga 9 (6+3) ballni yozdirib qo'ydi. Lekin Velaskesning faoliyati uzoqqa bormadi, Davide Nikola Rodrigoni yarim himoya markaziga qaytardi. Tudor ham unga markaz va so'l qanotda o'ynash imkoniyatini berdi. Luka Gotti esa uni o'ng qanot sakkizligi pozitsiyasiga o'tkazishdan avval, tayanch yarim himoyachisi rolida sinab ko'rdi.
Xullas, De Paul 5 yil ichida 7 marta o'z pozitsiyasini o'zgartirdi. Ammo barcha ko'nikmalarini yagona qudratli qurolga aylantira oladigan asl universal maqomiga chiqa olmadi, o'yindagi kemtiklarni yamash o'rniga, yangi rollarni qidirdi. Ana shu tinimsiz izlanishlar oqibatida u biror-bir ixtisosni o'zlashtira olmagan no'noq o'yinchiga, qoloq Bernardeskiga aylanib qolishi hech gap emasdi. Ya'ni, hamma erda foydali, ammo birorta chiziqda etakchi maqomiga ko'tarila olmagan futbolchiga. Lekin Rodrigo o'z yo'lidan qaytmadi va Argentinaning Kopa Amerikadagi g'alabasiga munosib ulush qo'shdi.
35 mln. evro evaziga Janubiy Amerika chempionini o'z tarkibiga qo'shib olish - «Atletiko» uchun omadli xarid: De Paul hozir dunyoning eng sara yarim himoyachilari safida. Lekin unga pozitsiya tanlashda xatoga yo'l qo'ymaslik kerak. Faqat bir necha rollarda u jamoaviy o'yinda kutilgan manfaatni keltira oladi.
De Paul - to'p bilan muomala qilish va pressingni barbod qilish bobida etakchi yarim himoyachilardan biri, hozir 27 yoshda. U ulg'aya boshlagan paytda futbol olamining tizgini so'nggi buyuk o'nliklar qo'lida edi. De Paul ayni cho'qqiga ko'tarilgan Rikelme, Zidan va Ronaldinolarga taqlid qilardi: «Ularning o'yinlarini iloji boricha ko'proq tomosha qilishga va ularga o'xshashga intilardim. Chunki men ham 10-raqam ostida o'ynardim. Hozir bunday futbolchilar qolmadi».
«Rasing» akademiyasida Rodrigo pleymeyker ixtisosi bo'yicha tahsil olgandi. U to'pni egallash maqsadida ortga qaytar, egallab olganidan keyin raqib himoyasini dabdala qilib, pressing orasidan olib o'tardi. Jamoalar o'yini uning fikri bilan bog'liq edi. Biroq u ulg'aya boshlagan davrda futbol olami ham o'zgardi. Hatto Lotin Amerikasida ham erkin rollardan voz kechishdi. Shu bois, katta futbolga Rodrigo biror-bir ixtisossiz kirib keldi.
Rodrigoning «Rasing», «Valensiya» va «Udineze»da kechgan dastlabki 5 yillik faoliyati jiddiy cheklovlar bilan o'tdi. Murabbiylar uning qaysidir fazilatini tanlab olib, o'yin uslubini shunga tayangan holda yaratishardi. Vinger roli dribling va tezlikka sayqal berdi, yarim himoya markazi - shiddat va uzatmalarga, chiziqlar bo'ylab harakatlanishi - qudratli o'ng oyoq zarbalariga. De Paul o'yinda ajralib turardi, lekin hech qachon barqarorlikka erisha olmasdi.
Chinakam yorqin o'yinni u Luka Gotti davrida namoyish eta boshladi. Sarrining sobiq yordamchisi «Udineze»da shogirdlarining yakkama-yakka duellardagi jismoniy ustunligiga asoslangan tezkor qarshi hujum uslubini joriy etdi. Tabiiyki, tarkibga ham shunga mos, tezkor va kuchli o'yinchilarni jalb etdi. Biroq mazkur tanlov jamoani intellekt tanqisligiga olib kelardi - usiz esa, mumkin emas. Shunday vaziyatda Rodrigo De Paul jamoaning miyasi vazifasini ado etdi. Gotti uni 3-5-2 sxemasida yarim himoya markaziga maxfiy o'nlik sifatida tushirdi. Argentinalik futbolchi shu tariqa jamoaga etishmayotgan barcha kamchiliklar uchun javob beradigan bo'ldi va bor fazilatlarini namoyish eta boshladi.
Tezkor qarshi hujumni qo'llaydigan jamoada o'yinni tashkil etadigan futbolchi muayyan talablarga javob berishi lozim bo'ladi. Rodrigodan raqib pressingini bir necha sinov uzatmalari bilan chalg'itish emas, to'g'ridan-to'g'ri tezkor paslar yordamida parchalab tashlash talab etilardi. Bu vazifa aynan u uchun mo'ljallangan yoqimli yumush edi. De Paul o'ta murakkab vaziyatda ham to'pni darvozaga yaqinroq etkazishga harakat qiladigan pleymeykerlar toifasidan: o'tgan mavsumda uzatmalarining 38,4 foizi aynan shunaqa paslar edi. A'lo darajadagi dribling va aniq uzatmalar uni Verratti, Kroos va De Bryuyne kabi pressing kushandalari safiga olib chiqdi.
«Men saboq bergan futbolchilar orasidan birortasini alohida e'tirof etish juda mushkul. «Chelsi»da bir nechta top-o'yinchilar bor edi. Azar yoki Kante yaxshiroq ekanligini ayta olmayman. Kassanoga ustozlik qilish sharafiga musharraf bo'ldim. G'oyani kengaytirib, chempionlik mentalitetiga ega futbolchilar xususida mulohaza yuritishimiz mumkin. Rodrigo shunday o'yinchilardan biri», - degandi Luka Gotti.
De Paul faqat to'p bilan muomala bobida emas, dribling, aniq uzatmalar, assistlar, jarima zarbalari ishlash borasida ham «A» seriya etakchilaridan biri. U 36,4 km/s tezlikni va 25 metrdan darvoza burchagini ishg'ol etish kabi yuksak mahorat namunalarini namoyish etgan.
«Rodrigoning har bir uchrashuvga baxsh etayotgan shiddati, sifati va yakuniy statistikasiga to'liq ta'rif berish osonmas. Mavsumni o'ntalab gol urish bilan yakunlayotgan sermahsul yarim himoyachilar hatto Evropada ham ko'p emaslar», - deydi De Paulning jamoadoshi Stefano Okaka Chuka.
Bugungi Rodrigo - keng ko'lamdagi ijodkor tashkilotchi, Kevin De Bryuynega o'xshaydi. Ammo u o'yinning barcha fazalariga o'z ta'sirini o'tkazadi.
«Kroos, Modrich. Bu o'yinchilarni kuzatish kishiga huzur bag'ishlaydi. Pogba va Vidalning o'yinlarini ham yoqtiraman. Arturo - universal yarim himoyachi, unda gol ham, shiddat va to'pni tortib olish ham, tezkor hujum ham bor», - deydi Rodrigo.
«Atletiko»da De Paulga mos pozitsiya mavjud. Biroq u muvaffaqiyatga kafolat berolmaydi. Boisi, Simeone unga erkinlik bermaydi. Diego Simeone ochiq o'yinni xush ko'radi, barchaga tanish bo'lgan 4-4-2 sxemasidan foydalanadi. Saulning ketganligi malakali yarim himoyachiga ehtiyoj uyg'otishi mumkin. Murabbiy Rodrigoni ispaniyalik shogirdi o'rniga mo'ljallagan bo'lsa, ajabmas. Lekin ayrim jihatlar uslubga tuzatishlar kiritishni talab etadi:
1. 3-5-2 sxemasida tayanch yarim himoyachisi rolini Koke bajaradi, o'ng qanotda Lorente o'ynaydi. De Paul Lemar va Saul o'ynagan chap qanotga tushishi mumkin. Bu holda Lorente oldinroqda, Rodrigo esa orqaroqda o'ynashi talab etiladi.
Aynan shu orqa chiziqda to'p surish De Paulning ijobiy jihatlarini yuzaga chiqarishi mumkin - undagi tashkiliy ishlarga moyillik, pressingni vertikal uzatmalar ko'magida yo'qqa chiqarib, to'pni jarima maydonchasiga etkazish samara beradi. Biroq Rodrigo raqibi bilan to'pni o'zi nazorat qilgan va darvozaga yuzlangan holda to'qnashishni xush ko'radi. Asosiy muammo - murabbiyning unga qanchalik erkinlik berishida.
2. 3-4-2-1 taktik uslubida argentinalik futbolchiga tanyanch yarim himoyachisi va hujumchilar ortida to'p surish mos keladi. Lekin bu vaziyatda uning himoyadagi yumushini kimdir o'z zimmasiga olishi, hujumchilar ortida o'ynaganida esa harakatlanish erkinligi talab etiladi.
«Udineze»da De Paul jamoaning bosh yulduzi va o'yin sur'atini belgilovchi o'yinchi edi. Jamoaning asosiy maqsadi to'pni unga etkazib berish edi, u esa xato qilishdan cho'chimagan holda olg'a intilardi. Xullas, Rodrigo o'ta jamoaviy, lekin hech qanday uslubga bo'ysunmaydigan pleymeyker sifatida yorqin o'yin ko'rsata oladi. Simeone esa bunday mustaqillikni bermaydi. Shu sababli, yangi mavsum futbolchi va «Atletiko» uchun jiddiy sinov vazifasini o'tashi taxmin qilinmoqda. Madridda argentinalik qit'a chempionidan o'ynashi emas, ter to'kib ishlashi talab etiladi. Agar Rodrigo La Liga chempioni talabini qondira olsa, o'zining yagona kamchiligi - beqarorligidan forig' bo'lib, eng sara yarim himoyachilardan biriga aylanadi. Aks holda, qaysidir kamtarin klubga qaytib, avvalgidek to'p surishni davom ettiradi.
Manba: sports.ru, J.BOBOXONOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz