So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Tokio-2020 Olimpiya o'yinlarida ishtirok etadigan O'zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga yo'l oldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 135
Tokio shahrida bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya o'yinlarida ishtirok etadigan Vatanimiz delegatsiyasi kecha Yaponiyaga jo'nab ketdi. Delegatsiya Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kuzatib qo'yildi.
Marosimda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbaeva, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari, Turizm va sport vaziri, delegatsiya rahbari Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, sport faxriylari, federatsiya mutasaddilari, sportchilarimiz va ularning yaqinlari, OAV ishtirok etishdi.
Marosimda Tanzila Narbaeva hamda Abdulla Aripov so'z olib, atletlarimizga bo'lajak Olimpiya o'yinlari oldidan o'zlarining iliq tilaklarini bildirib o'tishdi. Shuningdek, Prezidentimiz va xalqimiz ulardan ulkan g'alabalar kutishayotganini alohida ta'kidlashdi.
Jarayonni Olimpiya shaharchasidan Sherzod Tashmatov boshchiligidagi MOQ Tezkor shtabi, Yaponiyada bo'lib turgan dzyudo, taekvondo va boks jamoalarimiz, Ukrainadagi og'ir atletikachilarimiz, Turkiyada yig'in olib borayotgan engil atletikachilarimiz ham onlayn kuzatib borishdi va tadbir davomida ular bilan bog'lanildi.
Shundan so'ng Tanzila Narbaeva hamda Abdulla Aripov O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'ini Rustam Shoabdurahmonovga topshirishdi. Sportchilarimiz nomidan qilichbozlikning sablya yo'nalishida yurtimiz sharafini himoya qiladigan vakilimiz, delegatsiyamizning eng yosh atleti Zaynab Dayibekova so'z olib, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlar uchun chiroyli g'alabalar bilan javob qaytarishga va'da berdi. Shuningdek, O'zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, «Nuroniy» jamg'armasining Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov delegatsiyamizga oq fotiha berib, kuzatib qo'yishdi.
Shu tariqa XXXII yozgi Olimpiya o'yinlarida ishtirok etadigan O'zbekiston delegatsiyasi maxsus ajratilgan charter reys bilan “Boeing 787 Dreamliner” havo kemasida Tokioga yo'l oldi.
Eslatib o'tamiz, Tokio-2020 Olimpiya o'yinlari 23 iyul – 8 avgust kunlari bo'lib o'tadi. Unga delegatsiyamiz 17 sport turida 71 ta litsenziya qo'lga kiritgan. Olimpiya o'yinlarining tantanali ochilish marosimi 23 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi «Olimpiya» stadionida boshlanadi.