Rakurs: Jarohat jabrdiydasi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 151

Yodingizda bo'lsa, Evro-2020 g'olibiga aylangan Italiya termasi chorak finalda Belgiya jamoasini 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchratgandi. O'sha uchrashuvda «skuadra adzurra»ning asosiy chap qanot himoyachisi Leonardo Spinatstsola jarohat olgandi.
*** Bunga qadar u deyarli barcha uchrashuvlarda (Uelsga qarshi bahsdan tashqari) boshlang'ich tarkibdan joy olgandi.
*** Avstriya bilan o'yinda samarali uzatmani amalga oshirdi.
*** Evroda ikki marta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi nomiga sazovor bo'ldi.
*** Turnirdagi eng yaxshi driblingga ega himoyachilar beshligiga kirdi.
Spinatstsola Belgiya bilan o'yinni oxirigacha etkaza olmadi. 79-daqiqada maydonni ko'zda yosh bilan tark etishga majbur bo'ldi. Uning o'rnini Emerson egalladi.
O'yindan keyin g'amgin holat vujudga keldi. Jurnalist Fabritsio Romano Spinatstsolaning uzoq muddatga safdan chiqqani haqida xabar berdi. Bu muddat bir yilgacha cho'zilishi mumkin.
Spinatstsola deyarli 9 yildan buyon professional futbolda. So'nggi besh yil mobaynida 15 marta turli shikastlanishlarni boshdan kechirib, o'yinlarni o'tkazib yuborishga majbur bo'ldi. Shu besh yilning 400dan ko'proq kunida sog'lig'i bilan bog'liq muammoga yo'liqqan. Faoliyatidagi so'nggi besh yilning (eng gullagan davr) deyarli beshinchi qismida.
Mushaklardagi shikastlanish, son, tizza, boldir jarohati va boshqa muammolar. Endi ushbu statistikaga yana bir katta raqam bitiladi. Eng og'ir jarohat uch yil avval kuzatilgandi. 2018 yilning martida Spinatstsolaning tizzasi lat edi, keyin esa xochsimon to'qimalarini operatsiya qildirdi. 2018 yilning martida safdan chiqib, maydonga 2019 yilning yanvarida qaytdi. Davolanayotgan payti quvonchli voqeani boshdan kechirdi: 2018 yilning may oyida o'g'il farzandli bo'ldi.
Spinatstsola «Yuventus»ga qaytganidan o'zida yo'q xursand edi va futbolga tezroq qaytishni niyat qilgandi. «Bunday jarohatlar sabr va to'g'ri tiklanish jarayonini talab etadi, - deydi u. - Agar jarayonni tezlashtirib, bir oy ertaroq qaytishga to'g'ri kelganda, ehtimol, bu yanada ko'proq muammo tug'dirarmidi».
Spinatstsola 2012 yildan buyon «Yuventus»ga tegishli, ammo so'nggi 7 yilni ijara asosida boshqa klublarda o'tkazdi. 2019 yilning iyulida qahramonimiz 29,5 million evro evaziga «Roma»ga o'tdi, lekin u erda ham jarohatlar tinchlik bermadi - bir o'nlab o'yinlarni o'tkazib yubordi.
2020 yilning qishida u «Inter»ga o'tishi mumkin edi, lekin tibbiy ko'rikdan o'tolmadi. Hattoki, Spinatstsolaning bir oyog'i ikkinchisidan kaltaroq ekanligi ham aytilgandi. «Muvaffaqiyatsiz transfer menga motivatsiya bag'ishladi. O'shandan buyon ko'p narsani o'zgartirdim. Stomatologni almashtirdim, har kuni mashq qilyapman, mushaklarimni chiniqtiryapman, ba'zan o'yinlardan keyin ham charchoq nimaligini bilmayman», - degandi Spinatstsola. U «jarohatlarga moyil» yorlig'idan qutulishni juda xohlardi: «22ta o'yin o'tkazib, termada to'p surayotgan futbolchiga nisbatan bunday ibora ishlatilishini yoqlamayman».
Nega u stomatolog haqida gapirdi? Doktor Daniele Putstsilli shunday hikoya qiladi: «Tish qisilishida kamchilik borligini aniqladik, bu esa qadni tekis tutishda muammolarni keltirib chiqarardi. Shu tariqa mushaklar jarohatlariga moyillikka sabab bo'lgan». Spinatstsola tish qisilishidagi muammoni bartaraf etish uchun mashg'ulotlar va uyqu payti maxsus treyner taqadi. Bu usul mushaklarini qayta tiklashda ham asqotdi.
Umuman, jarohatlar Spinatstsolani o'smirlik davridan ta'qib etar, hatto faoliyatining yakunlanishiga sabab bo'lishi ham mumkin edi. 14 yoshida «Siena» safida shug'ullanayotganda to'pig'i shikastlandi. Qahramonimiz akademiyadan uyga qaytishni xohladi. Biroq onasi kerakli paytda zarur tavsiyani bera oldi: «U yaxshilab o'ylab ko'rishim lozimligi, zero futbolchi bo'lish uchun boshqa bunday imkoniyat tug'ilmasligi mumkinligini ta'kidladi. Yaxshiyamki, o'shanda uning so'zlariga quloq tutgan ekanman».
Buni qarangki, Evro arafasida ham turnirga borishi so'roq ostida turgan, chunki bahorning so'nggi ikki oyida Spinatstsola atigi to'rtta o'yin o'tkazgandi. Lekin baribir, Evroning o'zida ham to'rtta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurdi va ularning teng yarmida «eng yaxshi» maqomiga erishdi.
H.ATAVULLAEV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz
Bosh sahifaga
223