So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Belgiya: «oltin avlod» o'z intihosini topdimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 148
Ikkita Jahon va Evro chempionatlarida yorqin ishtirok etgan Belgiyaning «oltin avlod»i hech qanday sovrinlarsiz yo'q bo'lib ketadimi? Keling, ularning natijalarini tahlil qilishga harakat qilib ko'ramiz.
Belgiya terma jamoasining ko'p a'zolari endi orzu qilingan kubokni yutish imkoniyatini qo'lga kirita olmaydi. Vinsent Kompani hozirda murabbiy bo'lib «Anderlext»ni boshqarmoqda. Musa Dembele va Maruan Fellayni Xitoyda kunini o'tkazgani uchun yuqori maosh olishmoqda. Boshqalar uchun esa Evro-2020 so'nggi katta turnir bo'lgan bo'lishi mumkin. Ayni paytda Yaponiya chempionatida o'ynayotgan Tomas Vermalen 35 yoshda. Yan Vertongen va Dris Mertens 34ga kirgan va nafaqaga chiqishni o'ylamoqda. 32 yoshli Tobi Alderveyreld va Aksel Vitsellarning ham kelajagi haqida hech nima deb bo'lmaydi.
Tibo Kurtua, Kevin De Bryuyne, Eden Azar va Romelu Lukaku singari yulduzlar uchun 2022 yilda o'tadigan Jahon chempionati sovrin yutish uchun so'nggi imkon bo'lishi mumkin. Ammo doimiy jarohatlar tufayli «Real»da zo'rg'a o'ynaydigan Azar sog'lig'ini saqlash uchun terma jamoadagi faoliyatini qurbon qilishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Jahon chempionatida uchinchi o'rinni egallab, Evro-2020da nisbatan erta turnirni tark etgan murabbiy Roberto Martinesning kelajagi haqida bir nima deyish qiyin. Uning shartnomasi Qatarda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati yakunlangandan so'ng o'z nihoyasiga etadi. U klubdagi faoliyatini sog'ingan bo'lishi ham mumkin. Martines 2020 yilgi chempionatdan keyin ketishi kutilgandi, ammo barcha rejalar bir yilga o'zgarib ketdi.
Evro-2020 yakunlangandan so'ng, Belgiyaning qudratli va kuchli «oltin avlod»ini hamma omadsiz yulduzlar fabrikasi, deya atay boshladi.
Bu vaziyatda kimni ayblash kerak? Buni an'anaviy ravishda omadga bog'lash to'g'rimi? Deyarli har bir uchrashuvda Belgiya terma jamoasi jarohatlar tufayli eng kuchli tarkibini maydonga tushira olmadi. Jamoada ko'plab etakchi futbolchilar bor, lekin ular har safar ham bir tarkibda maydonda ko'rinish bermadi. Ko'pincha muammolar himoya chizig'ida kuzatildi. 2014 yilgi Jahon chempionatida Alderveyreld va Vertongen qanotlarda o'zlariga begona pozitsiyada o'ynashga majbur bo'ldilar. Romelu Lukakuning ukasi Jordan Lukaku esa Evro-2016da terma jamoa darajasidagi futbolchi emasligi hammaga ma'lum bo'lgandi.
2016 yil chorak finalda Uelsga qarshi mag'lubiyat sharmandali edi, ammo tarkibga qarab «qizil iblislar»ning har doim muammolar bilan o'ynaganini ko'rib olsa bo'ladi. Vertongen va Kompani o'sha Uels bilan o'yinni jarohati tufayli o'tkazib yuborishdi. Ularning o'rnini «Sanderlend» bilan birga APLdan tushib ketgan Jeyson Denaer va Jordan Lukaku egallashgandi. De Bryuyne hali «Man Siti»da hozirgi potentsialini ko'rsatib ulgurmagan, Lukaka esa «Everton» futbolchisi bo'lib yurgan paytlar.
Azarning eng yaxshi formasi Rossiyada bo'lib o'tgan Jahon chempionatiga to'g'ri keldi, ammo 2018 yilda Belgiya shunchaki o'zidan bir bosh ustun bo'lgan Frantsiyaga to'g'ri kelib qoldi. Dembele Kante va Pol Pogba darajasidagi futbolchi emasligi o'sha uchrashuvda ko'rinib qoldi. Maruan Fellayni o'zidan bir bosh balandga sakray olmasligini angladi.
Siz va bizga tanish nom degani yulduz futbolchi, degani emas. Ko'plab kelajakda porlashi kutilgan futbolchilar hech qachon cho'qqiga chiqa olmadilar. Kristian Benteke, Divok Origi va Mishi Batshuai barqaror hujumchilarga aylanishmadi va kelajakda yangi Ronaldu bo'lishi kutilgan Adnan Yanuzay ham yulduzlik kasalliga erta chalinib top darajadagi futbolchiga aylana olmadi.
Belgiya termasi 2000 yillarning boshlaridagi Frantsiya yoki so'nggi 15 yil ichidagi Ispaniya va Germaniya kabi barcha pozitsiyalarda bir tekisda kuchga ega futbolchilarga ega emasdi. Bu muvaffaqiyatsizlik uchun bahona bo'lolmaydi. Lekin jamoa tarkibiga qarar ekansiz, doim qaysidir pozitsiyada boshqa ko'plab yaxshi natijalarni erishgan terma jamoalardagi kabi raqobatni kuzatmaysiz.
2016 yilda Belgiya futbol federatsiyasi Ralf Rangnik va Lui van Gal bilan muzokaralar olib borgan, ammo oxir-oqibat Martinesni tanlangan. Angliya terma jamoasi misolida ma'lum bo'lganidek, muvaffaqiyat omillari juda ko'p: murabbiy, futbolchilarning iqtidori, ommaviy axborot vositalarining munosabati, kiyim almashtirish xonasida hamjihatlik... Angliyaning «oltin avlod»i o'ynagan payt ham xuddi shunday jihatlar zarur edi. Ammo Ferdinand, Terri, Koul, Bekxem, Lempard, Jerrard, Skoulz, Ouen va Runi Martinesning jamoasi etgan cho'qqilarga yaqinlashmagan ham.
Evro-2020 turnirining bir yilga kechikishidan eng ko'p zarar ko'rgan jamoa ham aynan Belgiya bo'lib chiqdi. Jamoa tarkibidagi futbolchilarning o'rtacha yoshi turnirdagi eng qarisi bo'lib chiqmoqda. Portugaliyaga qarshi o'yinda jamoaning boshlang'ich tarkibi o'rtacha 30 yosh 148 kunni tashkil qilgan.
Shubhasiz, o'yinlar jadvali ham Belgiyaga qattiq ta'sir ko'rsatmay qolmadi. Ular Sankt-Peterburgdagi Finlyandiyaga qarshi o'yin oldidan guruh bosqichida Rossiya va Daniyaga qarshi safar o'yinlarini o'tkazdilar. Belgiya keyinchalik Sevilyada Portugaliyani mag'lubiyatga uchratib, chorak final uchun Myunxenga yo'l oldi. Ushbu o'yinlar jadvalini butun guruh bosqichini o'z uyida Rimda o'tkazgan Italiya yoki birgina safar uchrashuvini o'tkazgan holda finalga chiqqan Angliya bilan taqqoslang.
Jarohatlar Belgiya jamoasi o'yiniga eng kuchli ta'sir o'tkazgan jihat. Aytish joizki, mamlakatning eng iqtidorli futbolchisi bo'lgan Azar o'tgan mavsumda birorta uchrashuvda «Real» tarkibida 90 daqiqa o'ynamadi, Evro-2020da esa o'yinning dastlabki daqiqalaridan atigi ikki marta maydonga tushdi. U Italiyaga qarshi o'yinda kuchsiz edi, birinchi ikki uchrashuvni jarohati tufayli o'tkazib yuborgan, so'ngra Portugaliyaga qarshi o'yinda to'pig'i yorilib ketgan De Bryuyne ham Myunxendagi uchrashuvni bir amallab o'tkazdi. Vitsel yanvarda tovonidan jiddiy jarohat olganidan beri klubida o'ynamaganiga qaramay ketma-ket uch uchrashuvda 90 daqiqa o'yin o'tkazdi.
Martines g'alaba qozonish uchun futbolchilar «qalblari va jonlari»ni berganini va har bir muxlis ular bilan faxrlanishi kerakligini aytdi. U, shuningdek, Qatarga albatta boradigan 19 yoshli Jeremi Dokuning harakatlaridan ilhomlanganini ta'kidladi. Lekin unga kimlar sheriklik qilishi so'roq ostida qolmoqda.
Ruslan Maksimov tayyorladi.