Qahramon Aslanov maqolasi: Sulsher, Sautgeyt va Manchinining qarashlari haqida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 198

"Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Ule-Gunnar Sulsher bilan Angliya terma jamoasi ustozi Garet Sautgeytning rotatsiya borasidagi qarashlari o'xshash ekan.
Go'yoki, hammasi joyida, statistikada hammasi normal ko'rinadi - ko'p futbolchilar o'ynagan, yoshlargayam, zaxiradagilargayam etarlicha imkon berilgandek. Ammo aslida, bu murabbiylar o'yinchilarni ikkiga ajratib olishadi va muhim o'yinlarda tarkibni almashtirishdan qo'rqishadi. Muhim o'yinlar uchun odatda birgina asosiy tarkib bo'ladi.
Sulsher o'tgan yilgi «Sevilya» bilan yarim finalda hech kimni zaxiradan tushirmagandi, «Vilyareal» bilan finaldayam deyarli shunday bo'ldi, faqat penalti tepish uchun oxirgi daqiqalarda o'yinchi almashdi.
Sautgeytning Evrodagi tarkibiga qarasangiz, asosan bir tarkib bor. Temir asosiy - 9 futbolchi, Maunt, Saka va Triper sxemaga qarab almashib turishadi, zaxiradan faqat Grilish va Hendersonga ishonch bildiriladi. Bo'ldi.
Germaniya, Daniya va Italiyaga qarshi o'yinlarda bir xil - xuddi shunday bo'ldi. Chexiya bilan kabi hech narsani hal qilmaydigan yoki Ukraina kabi kuchsizroq raqiblarga esa, Sancho ham asosiyda o'ynashi, Reshford ham 119-daqiqadan ertaroq, hatto Kelvert-Lyuin ham tushirilishi mumkin. Ammo Italiya butunlay tashabbusni qo'lga olib, Angliya umuman o'ynay olmayotgan paytda ham Sautgeyt futbolchi almashtirish haqida o'ylamaydi.
Farq shunda. Manchini to'liq barchani maydonga tushirdi, zaxira futbolchilar ham jiddiy pallalarda yordamga kelishdi, o'zlarini tarkibning ajralmas bo'lagidek his qilishdi. Angliyaning tom ma'nodagi ikkinchi tarkib o'yinchilari esa, aksincha pand berishdi. Ishonchni oqlay olishmadi, demadim, chunki o'sha ishonch yo'qligida edi gap.
Qahramon Aslanov.

Bosh sahifaga
188