Ro'ziqul Berdiev: «Bugun natija uchun o'ynadik»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 103

Coca-Cola Superliganing qoldirilgan 8-tur doirasidan o'rin olgan "Nasaf" — "Mash'al" (1:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
"Muxlislarsiz futbol o'z zavqini yo'qotar ekan. Qandaydir boshqacha o'yin o'tkazdik. "Mash'al"ni o'rganib chiqqanimizda ular boshqa jamoalardan ko'ra ko'proq yugurishini bilgan holda tayyorgarlik ko'rdik. Mashg'ulotlarda ham yigitlarga shundan kelib chiqib ko'rsatmalar berdik. Bugun natija uchun o'ynadik, chunki davralar oralig'iga yaxshi kayfiyat bilan chiqib ketish biz uchun muhim edi. Shu sabab bugun shunga mos harakat qildik va natija biz uchun qoniqarli bo'ldi.
Hozir boshqa jamoalar ta'tilga chiqib ketgan, bu holat bizning yigitlarga ruhan ta'sir ko'rsatgan bo'lishi mumkin. Shu sababdan bugun yigitlarda shijoat kamroqdek ko'ringandir. Lekin jamoamiz bugun g'alaba uchun astoydil harakat qildi va bunga erishdik.
Bizni oldinda xalqaro o'yin kutib turibdi. Ayni damda klubimizda qarzdorlik bor ekan, rahbariyat bu masalani albatta ijobiy hal etadi deb o'ylayman. Shundan kelib chiqib O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bizni qo'llab-quvvatlashidan umid qilamiz.
"Mash'al" bilan o'yinlar derbi maqomida har doim qiziqarli bo'lgan. Har ikki jamoa o'zaro futbolchilar almashib turadi. Bizdan ham "Mash'al"ga o'tgan futbolchilar bor, ayrimlar bu futbolchilar bizning tarbiyalanuvchilar ekanini xatto bilmaydi ham. "Mash'al"dan bizga o'tgan futbolchilardan Sayfiev, Suyunov, Musaev kabi futbolchilarning qay darajada o'sishga erishganligini barcha yaxshi biladi", — deydi "Nasaf" ustozi.

Bosh sahifaga
276