So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Evro-2020. Diyor Imomxo'jaevning finaloldi mulohazalari
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 121
Angliya 55 yil deganda katta musobaqa finalida, inglizlar hech qachon Evropa chempioni bo'lishmagan.
G'alati. Dunyoning eng kuchli va tomoshabop ligasiga ega mamlakat, futbol vatani, tarkibi doim dahshatli edi, ammo har safar omadsizlik. Angliya o'z chempionati bilangina faxrlanadi. Har shanba-yakshanba o'sha Evro yoki mundialdan kam bo'lmagan futbol uchrashuvlari mamlakatda o'nlab o'tkaziladi. Inglizlar milliy terma kuchli bo'lishi uchun klublar bilan bog'liq an'analarni buzishmaydi. Asosiy jamoa uchun hech qachon ichki chempionat qurbon qilinmaydi.
Ko'rinadiki, kuchli chempionat termalar miqyosida doim ham muvaffaqiyat kaliti degani emas, ammo asosiy omil ekanini ham rad eta olmaymiz. Har 20 yilda bo'lsa ham o'zini ko'rsatib turadigan Xorvatiya kabi mamlakatlar bor, ularda ichki chempionat dahshat deyish qiyin, lekin futbol tizimi noto'g'ri yo'lda deyish uchun asos topish ham qiyin.
Italiya — dahshat. Faqat kuchli chempionat g'olib bo'laversa, Angliya hech bo'lmasa so'nggi 25 yillikda Italiyaga kun bermasligi kerak edi. Ammo unday emas, A seriya qanday holatda bo'lmasin, moviy gvardiya natijasi doim Angliyanikidan yaxshi bo'lgan.
Italiyada yaqinda ham bir klub sakkiz yillab chempionlikni hech kimga bermayotgandi. Italiyada stadionlar o'ta zamonaviy emas, aksincha, ancha eski. Italiya bir necha yillardan buyon ikki asosiy himoyachi va bitta yaxshi darvozabonga suyanib keldi, terma murabbiylari ulardan o'tadigani chiqmayapti deb yig'lamadi. Bugungi kunda Totti, Badjo, Del Pero darajasidagi futbolchilarga ega bo'lmasa-da, Italiya Evropada o'rtamiyona deb qaraladigan futbolchilari bilan ham bitta yaxlit musht bo'la olmoqda.
Ko'ryapsizmi, fikrlashimiz uchun tayyor shpargalkalar. Italiyada uzoq yillik chempion chindan ham yaxshi ishladi, faqatgina Yuventus marketing, menedjment borasida ingliz, nemis, ispan klublari bilan raqobat qilib turdi. Biroq Yuventusga hech qachon milliy terma jamoa o'zagi sifatida qarashmadi. Qandaydir Olimpiada yoki mundial sabab top futbolchilar hech qachon sun'iy ravishda Yuventusga olib kelinmadi.
Yaqin 2006 yillarda ham Italiya kelishilgan o'yinlar, korruptsioner hakamlar-u, futbol arboblariga to'lib yotgandi. Italiya klublari asosan mafiya tomonidan boshqarildi. Angliya, Ispaniya kabi chempionatlarga borib, dahshat o'ynagan italiyalik futbolchilarni juda kam ko'rasiz, asosiy yigitlar doim A seriyada. Biroq bular Italiyani o'sha 2006 yilda jahon chempioni, 2012 yoki 2021 yilda yilda Evro finalchisi bo'lishdan qaytara olmayapti.
Nima demoqchiman, gap dunyoqarashda, fikrlashda. Italiya futbolida davlat arboblari-yu, o'sha mafiyalarning futboldagi yo'nalishlarida ham baribir aniq printsiplar, o'ziga xos raqobatlar mavjud edi. Ular davlatdan qandaydir imtiyoz olish uchungina futboldan vosita sifatida foydalanmagan, ular o'z futbol klubini o'sha shahar yoki ma'lum doira an'analarining ko'zgusi sifatida ko'rgan. Hukumat yirik korxonalarni futbol klublariga shunchaki biriktirib bermagan. Garchi avtoritet insonlar bilan munosabatlar o'ta murakkab va nozik bo'lsa-da, har sohada sog'lom raqobat uchun kurashilingan, iloji boricha sun'iylikka yo'l qo'yilmagan, o'sha avtoritet kishilar raqobat uchun bir-birini tiyib turgan.
Biz doim italiyalik murabbiylarga tan beramiz, futbolchilarning sadoqati-yu, maydondagi gladiatorligi havasimizni keltiradi. Ular gapirishni ham, fikrlashni ham, hatto kiyinishni ham qonatib yuboradi. Siz hech qachon biror A seriya klubini, umuman moviy gvardiyachilarni turnirlar oldidan mensimay o'tib keta olmaymiz, siz ularga doim hurmat bilan qarashga majbursiz. Yaqin o'tmish futbolchilaridan Konteni olasizmi, Allegri yoki Gattuzo, hech qachon futbolni tamomlashi bilan ishni murabbiylarni o'qitishdan boshlamagan, aksincha, o'zi o'qishga harakat qilgan. Ular biror klubni qabul qilib olganida, shu klub muvaffaqiyati haqida o'ylagan, klub muvaffaqiyati uchun reglament yoki futboldagi ma'lum me'yorlarni o'zgartirish uchun ovozining boricha baqirmagan. Italiyada biror klub o'z futbolchisini boshqasiga shunday berib qo'ymaydi. Ulardagi g'urur shu darajadagi, fantastik takliflar bo'lganida ham Totti yoki Del Perolar o'z klublarini tashlab ketmagan.
Do'ppini bir chetga qo'yib fikrlash uchun yaxshi mavzular-a?
Diyor Imomxo'jaev.