So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Murabbiylar: Faylasuf, yo'lboshchi, faqat o'zgacharoq...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 112
O'z maydonida avvaliga Finlyandiya, keyin Belgiya termalariga imkoniyatni boy bergan Daniya milliy jamoasi dastlabki 2ta o'yinda urilmagan gollarini guruh raundi yakuniy turida Matvey Safonovga «tortiq» etdi. «Dinamitlar» shu asnoda Evro-2020 1|8 finaliga yo'l olishdi, Rossiya termasi esa, «V» kvartetining oxirgi o'rni bilan cheklandi. Daniyaliklarning eng zarur pallada talab darajasida «portlash»larida jamoa bosh murabbiyi Kasper Xyulmandning roli katta. Demak, bugun Skandinaviya mamlakati futboli rivojida fidokorlik qilayotgan o'zgacharoq va faylasuf murabbiy haqida gaplashamiz.
JAROHATLAR QIYNAGANIDA...
Kasper Xyulmand Daniya milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga ko'tarilishiga qadar o'ta ajablanarli yo'lni bosib o'tdi: doimiy jarohatlar jafosi ortidan 26 yoshidayoq butsalarini mixga ildi, keyin inqirozga yuz tutgan jamoa mashg'ulotlari jarayonini stadion tomidan turib, suratga tushirib yurdi. Shuningdek, Daniya bolalar va o'smirlar futbolining islohotida faol ishtirok etib, Yusuf Poulsen, Per-Emil Xeyberg va Andreas Kristensen kabi yigitlarning terma jamoadan joy olishlarida muhim rol bajardi. O'smir Kasper o'tgan asrning 80-yillarida dovrug' qozongan «Ayaks» o'yinlarini ko'rgach, futbolga nisbatan dunyoqarashini butunlay o'zgartirdi. Daniya futbolining himoyaviy uslubiga ko'nikib qolgan yigitcha Yoxan Kroyff jamoasi namoyish etgan o'yinni hayratdan dong qotgan tarzda kuzatgandi. Yana 10 yillardan keyin esa, u bor e'tiborini «Barselona»ga qarata boshladi, hattoki, Mikael Laudrup bilan doimiy aloqada bo'lib turadigan tanishi yordamida Ispaniyaga safar uyushtirib, jamoa mashg'ulotlarini bevosita kuzatdi, ishlar qanday yo'lga qo'yilgani xususida muayyan tasavvur hosil qilib qaytdi. Bo'lajak murabbiy ayni shu safar davomida Daniya futboliga aynan nimalar etishmayotganligi yuzasidan aniq xulosaga keldi: «Ortga qaytgach, hamkasblarimga ayrim jihatlarni tushuntirishga harakat qildim va yurtimizda professional sport tarixi juda qisqaligiga amin bo'ldim. Ba'zi mutaxassislar futbolchi fao-liyatida parhez muhim rol o'ynashini inkor etishdi. «Liverpul» Chempionlar kubogida g'alaba qozonganida, naq 55 kishi medal bilan taqdirlandi. Ularning atigi 25 nafari futbolchi bo'lsa, qolganlar - murabbiylar shtabi va xizmatchilar. Bundan tegishli xulosa chiqarib, futbol shu tomonga tobora kuchliroq odimlayotgani, xorij tajribasini o'zlashtirishimiz va bilimlardan keng foydalanishimiz zarurligini tushundim».
Xyulmandning o'zi vaqtida professional darajada to'p surgan, ammo jarohatlar unga ko'p aziyat bergandi. Deylik, Kasper 19 yoshida omadsiz amalga oshirilgan «podkat» usuli tufayli tizzasini jiddiy shikastlagan va jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezgandi. Keyinchalik ayni shu tizzasi yana 6 marta pand berdi, boz ustiga, ikkinchi oyog'i va qovug'iga bog'liq muammolar tufayli 3 bora jarroh ko'magiga muhtoj bo'ldi. Oxir-oqibat, futbolchi 26 yoshga to'lganida, shifokor uning maydonga tushishini taqiqlab qo'ydi. «Aslida futbolchilik davrida ham turli yumushlar bilan shug'ullanganman. Chunonchi, tez-tez jarohatlanib, ishsiz qolardim. Lekin 26 yoshda sevimli o'yin bilan boshqa shug'ullanolmasligim oydinlashgach, orzularim chilparchin bo'ldi, go'yo», - deya xotirlaydi Kasper Xyulmand.
TANAZZULGA YuZ TUTGAN JAMOA FIDOYISI
«Lyungbyu» klubi sport direktori Birger Yergensen 1998 yili Kasperni o'z huzuriga chaqirib, murabbiylik vazifasini taklif etdi. Shu tariqa yangi sohaga bosh suqqan yosh mutaxassis 8 yil davomida 18 yosh toifasidan asosiy jamoagacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Bunda murakkab davr ham kuzatildi. Ya'ni jamoa 2001 yili inqirozga uchradi, ammo Xyulmand qo'l ko'tarishni istamadi. Aksincha, ertalab soat 6da ishga kelib, dami chiqib ketgan eski to'plarni tartibga solib, jamoada qolgan yigitlar bilan astoydil shug'ullana boshladi. Kasper ayni o'sha davrda mo''jazgina kamera sotib olib, jamoa mashg'ulotlari va o'yinlarini tasvirga tushirishga odatlandi. Bu ishni stadion tomida amalga oshirgani ortidan hattoki, politsiyachidan dakki eshitishiga ham to'g'ri kelgandi. O'sha davrda statistika xizmati hali bu qadar rivojlangan emasdi va murabbiy futbolchilarga saboq berish uchun tayyorlanadigan videoroliklar montaji bilan ham o'zi shug'ullanardi. Kasper bunday yumushlarni «eksperimentlar laboratoriyasi» sifatida ko'rardi. Xyulmand keyinchalik «Nordshelland» bosh murabbiyi yordamchisiga aylandi, yana bir necha yil o'tgach, boshqaruv tizginini o'z qo'liga oldi. 2012 yilga kelib, jamoani dastlabki chempionlik sari etakladi. Hozircha o'sha zafar «Nordshelland» uchun yagona bo'lib qolmoqda. «Jamoalarga yordam bera olishimga hech qachon shubhalanmaganman. Ammo o'zim hamisha ishonchga muhtoj edim. Odamni qandaydir qutiga qamab qo'yish mumkin emas. «Lyungbyu»da mustaqil ish yuritishimga sharoit yaratib berishdi va o'zim o'ylagan manzillarga ancha yaqinlashdim. «Nordshelland»da ham shunday muhitda faoliyat olib bordim», - degandi Kasper. 2014 yili daniyalik murabbiyni «Maynts»ga chorlashdi. Xyulmand shartnoma ostiga imzo chekishi oldidan to'liq erkinlik huquqini talab qildi, jamoa rahbariyati bunga va'da berdi. Lekin 8 oydan keyin Kasperning ortga qaytishiga to'g'ri keldi. Faoliyatining ayni shu davri uning uslubini yoqtirmaydiganlarga tanqid uchun ajoyib imkoniyat bo'ldi.
XYuL'MAND - BOLALAR FUTBOLI ISLOHOTChISI
Kasper o'z vatanida yoshlarga ustozlik qilish bilan cheklanib qolmay, islohotlar jarayonida ham faollik ko'rsatdi. U ikki asr oralig'ida murabbiylik kursisida terma jamoaning sobiq a'zosi Keld Bordinggaard bilan tanishdi. Ular qizg'in bahs-munozaralardan so'ng yakdil xulosa chiqarishdi: «Daniyada bolalarga noto'g'ri tahsil berilmoqda». Bunda bolalarning juda barvaqt katta maydonlarda o'ynashlarini asosiy dalil sifatida qayd etishdi. Bolakaylar bunday sharoitda to'p bilan kam muomala qiladilar, oqibatda ularda fikrlash qobiliyati pasayadi, texnik salohiyat rivojiga ham putur etadi. «Kuzatuvlardan ma'lum bo'lishicha, bolalar oxirgi yillarda ko'chalarda o'ynamay qo'yishdi. Vaholanki, ular kichik hududlarda, 2ga 2 yoki 4ga 4 tizimida kuch sinashib, ko'p narsa o'rganishlari mumkin. Ammo endi bolalar klublarda shug'ullanishmoqda va birdaniga 11ga 11 tizimida to'p surishmoqda. Bunday muhitda tarbiyalanuvchi bir o'yin davomida atigi 4 marta to'pga teginishi mumkin. Oqibatda u futboldan tez zerikadi yoki mahoratini talab darajasida rivojlantirolmaydi. Bolakaylarga zavq-shavq bilan to'p suradigan, mahoratlari oshishini ta'minlaydigan sharoitni qanday yaratish mumkin? Albatta, o'yin orqali o'rgatish asnosida. Albert Eynshteyn bejiz aytmagan: «O'yin - tadqiqotlarning eng oliy formasi», - degandi Xyulmand.
Muhimi, Daniya futbol ittifoqi ikki murabbiyning xulosa va tavsiyalarini inobatga oldi va yosh futbolchilarni tayyorlash tizimiga tegishli o'zgarishlar kiritdi. Deylik, bolakaylar maktablarda 5ga 5 ko'rinishida kuch sinashadigan bo'ldilar, mamlakatda kichik darvozali maydonchalar bunyod etildi. Asosiysi, 2005 yili Daniyada «Iqtidorlarni kompleks rivojlantirish» dasturi qabul qilindi, bunda Kasper Xyulmand kuratorlardan biri bo'ldi. «Agar terma jamoaning 10 yildan keyin yaxshi natijalarga erishishini istasak, hozirgi bolalar bilan talab darajasida ishlashimiz shart», - deya qat'iy gapirgandi Kasper o'sha payt. Mana, yangi tizimning samarasi yaqqol bo'y ko'rsata boshladi. Yusuf Poulsen, Per-Emil Xeyberg, Andreas Kristensen, Rizo Durmisi, Viktor Fisher va Kristian Nergor ayni shu sa'y-harakatlarning ilk mevalaridir.
XYuL'MAND - FALSAFA ShAYDOSI
Uning fikricha, gumon - muvaffaqiyat garovi. Kasper kutubxonasidagi kitoblarning asosiy qismi futbolga taalluqli emas. Shkaflarda Sartr, Kamyu va Kerkegor asarlari bor. Kasper o'smirlik chog'idan falsafaga alohida qiziqqan. U ishonarli g'oya izlagandi. «Fikrni nima harakatga aylantirishini bilish qiziqarli. Fikrlash jarayoni yanada qiziqarli. Futbolni olsak, 30-yillarda Xugo Mayslni Vena qahvaxonalarida o'tirib olib, o'zgacha o'ynash mumkinligi haqida bosh qotirishga nima majbur etgandi? Keyin shu izlanish Avstriya futbolidagi ulkan shov-shuvga olib keldi. Yoki sobiq ittifoqda Valeriy Lobanovskiy va Niderlandiyada Rinus Mixels dunyoni larzaga solgan total futbolni qanday yo'lga qo'yishgan? 80-yillarda nima Arrigo Sakkini himoyada hududiy o'yin uslubini qo'llashga majbur etgan? Ajoyib g'oyalar qaerdan kelishi, qanday yuzaga chiqishini bilish istagi menga sira tinchlik bermaydi» - deydi Kasper. - Boshida o'zimni ham qandaydir yangilik yaratgan yosh murabbiy sifatida bilardim. Lekin aslida bunday emas. Hammasi biz dunyoga kelishimizdan ancha avval o'ylab topilgan. Mavzuga chuqurroq yondashib, boshqacha ifoda etsak, yangi yorliq yopishtirilgan idish ichida ko'hna sharob bor...». Xyulmandning fikricha, muvaffaqiyatga eltuvchi yo'l - shubha-gumonlar ichida yashirin: «Ayrimlar shubhani zaiflik sifatida baholashadi. Ammo shaxsiy fikrimcha, shubha - harakatga keltiruvchi asosiy kuch. Faoliyatimdagi eng yaxshi uchrashuvlarni umuman notanish raqiblarga qarshi kurashlarda o'tkazganman». Kasper Xyulmand uchun eng muhimi - terma jamoaning muxlislar bilan aloqani aniq his etishi. «Maqsadimiz - daniyaliklar qalbiga quvonchli titroqni olib kirish. G'alabamiz, maydondagi shijoatimiz va qaerdan kelganimizni unutmagan holda, albatta. Bu yigitlar yurtimizning turli shaharlaridan to'planishgan. Ular o'z hududlarida ulg'ayotgan bolalar va qizaloqlar sharafini himoya qilmoqdalar. Yo'q, bu mening yoki Daniya futbol ittifoqiniki emas, balki bizning umumiy jamoamiz. Fuqarolarimiz terma jamoa bilan faxrlanishlarini istayman. G'alaba qozonish va sovrinlarni qo'lga kiritish mumkin. Shuningdek, qalblarni zabt etish imkoni ham bor. Menga ikkinchisi ma'qulroq. Endi futbolda eng muhimi g'alaba qabilidagi tushunchaga chek qo'yish kerak. Ha, natija quvonch bag'ishlaydi, ammo o'yinning o'zi ham takrorlanmas zavq ulashishi, ilhom uyg'otishi mumkin» - darhaqiqat, daniyalik faylasuf murabbiyga e'tiroz bildirishning iloji yo'q. Uning jamoasi Daniyaga guruh bosqichidayoq finaldagidan ziyoda quvonch tortiq etdi...
S.RAHMONOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz