Ibrahimovich, Jiru, Kavanidan qimmatroq qiymatga baholangan Eldor Shomurodov haqida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 235

O'zbekiston terma jamoasi va «Jenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov uchun 2020/21 yilgi mavsum unutilmas bo'ldi. «Daryo» 29 iyun kuni 26 yoshini nishonlagan o'zbekistonlik futbolchining ayrim jabhalardagi ko'rsatkichlarini boshqa top futbolchilarniki bilan solishtiradi.
Transfer qiymati haqida
Shomurodovning qiymati Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra 7 million evro turadi. Eldor transfer qiymati bo'yicha O'zbekistonda birinchi, «Jenoa»da to'rtinchi, Osiyoda — 13, 1995 yilda tug'ilgan futbolchilar orasida — 113, A Seriya futbolchilari va markaziy hujumchilar orasida — 179, dunyo bo'yicha 1226-o'rinda.
«Jenoa»da harakat qilayotgan futbolchilar orasida faqat Janluka Skamakka (15 mln evro), Luka Pellegrini (9 mln) va Davide Zappakostadan (8 mln) undan oldinda.
O'zbekiston Superligasida faqat «Paxtakor» (9,4 mln) va AGMK (7,43 mln) tarkibi Shomurodovning transfer qiymatidan qimmatroq. Boshqacha aytganda Eldor hozirda o'zi tug'ilib o'sgan Surxondaryoning Superligadagi yagona vakili «Surxon»dan uch barobar, o'zi tarbiya topgan «Mash'al» tarkibidan esa ikki barobar qimmatroq.
Shomurodov transfer qiymati bo'yicha Edinson Kavani (6 mln), Yosip Ilichich (6 mln), Pedro (5 mln), Edin Jeko (4 mln), Zlatan Ibrahimovich (4 mln), Olive Jiru (4 mln), Xuan Mata (4 mln), Arturo Vidal (3,5 mln), Fernandino (2 mln), Jorjio Kellini (1,5 mln) kabi yulduzlarni ortda qoldirmoqda.
2020/21 yilgi mavsumdagi gollari haqida
Shomurodov A Seriya ortda qolgan mavsumida 31 o'yinda maydonga tushib, 8 ta gol urdi. Bu borada Eldor quyidagi yulduz futbolchilarni ortda qoldirdi:
A Seriya: Aleksis Sanches, Edin Jeko, Mario Pashalich, Yosip Ilichich, Paulo Dibala, Ivan Pershich, Kristian Eriksen, Aaron Remzi.
APL: Meyson Grinvud, Risharlison, Temmi Abraham, Xames, Timo Verner, Meyson Maunt, Kevin de Bryuyne, Olive Jiru, Kay Haverts, Kristian Pulishich, Serxio Aguero.
La Liga: Joau Feliks, Usmon Dembele, Pako Alkaser, Marko Asensio, Eden Azar, Papu Gomes, Vinisius Junior, Lukas Vaskes.
Bundesliga: Leon Gorettska, Kshishtof Pyontek, Leroy Sane, Yussuf Poulsen, Kingsli Koman, Luka Yovich, Erik Shupo-Moting.
Liga 1: Anxel di Mariya, Aleksandr Golovin, Mauro Ikardi, Stevan Yovetich, Pablo Sarabiya, Yulian Draksler.
Eldor Shomurodov 1995 yilning 29 iyunida Surxondaryo viloyatining Jarqo'rg'on tumanida tug'ilgan. Eldor «Mash'al» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2006—2014 yillar mobaynida muborakliklar tizimida harakat qilgan. U shuningdek, «Bunyodkor» (2014—2017) va «Rostov» (2017—2020) sharafini himoya qilgan qilgan. Shomurodov 2015 yildan beri O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p tepib keladi. U terma jamoaning rasmiy uchrashuvlarida 46 ta o'yin va 20 ta gol urgan.

Bosh sahifaga
193