So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
APLda omadi kelmagan yulduzlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 389
Tarixga ozgina nazar tashlasak, uzoq vaqt davomida Premer-ligada o'ynamagan, faqatgina bir mavsumni tumanli Albionda o'tkazib, keyin jamoani tark etgan taniqli futbolchilarni APLda avval ko'p bo'lganligiga guvoh bo'ldik. Hozir esa biz sizlar bilan shu xususida suhbatlashamiz.
Attilio LOMBARDO
Klub: "Kristal Pelas"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 1997/98
Butun faoliyati davomida o'ng qanot yarim himoyachisi pozitsiyasida to'p tepgan taniqli italiyalik futbolchi, 1997 yilgacha o'z vatanida to'p surgan. Lombardo Italiyaning bir qancha taniqli klublarida, xususan "Sampdoriya, keyin esa "Yuventus" safida faoliyat olib borgan. 1997 yilning yozida boshqa bir chempionat Angliya Premer-ligasi vakili "Kristal Pelas" taklifini qabul qiladi. Ehtimol o'shanda Lombardo ushbu qarorni to'g'ri deb bilgandir, ammo bu holat xato edi. Sababi "Kristal Pelas" o'sha mavsumda turnir jadvalidan so'ngi o'rinni egallab, musobaqani tark etishdi. Hatto Attilio 32 yoshida vaqtinchalik bosh murabbiylik vazifasida ham ishlashga majbur bo'ladi. Italiyalikning APLdagi bir mavsumi davomida deyarli "Kristal Pelas"ga yordam bera olmadi, sababi jarohatlar tufayli juda ko'p vaqtni maydon tashqarisida o'tkazishga to'g'ri keldi. Shu sababli 1999 yil yanvar oyida Lombardo Italiyaga qaytib keldi. Angliya klubidagi moliyaviy inqirozdan "Latsio" jamoasi foydalanib qoladi va futbolchini o'z safiga qo'shib oladi.
Yon-Dal TOMASSON
Klub: "Nyukasl"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 1997/98
Faoliyatining boshida daniyalik hujumchi Gollandiyaning "Xerenven" jamoasi tarkibida to'p tepgan. U erda ajoyib o'yinlar ko'rsatgan Tomasson ikki mavsum davomida 62 uchrashuv o'tkazib, o'z hisobiga 32 golni yozdirib qo'yishni uddalagan. Yon-Dalning Lolalar yurtida ko'rsatayotgan ajoyib o'yinlari, tezda ingliz skautlari e'tiboriga tushadi. Natijada, 1997 yilning yozida Tomasson 3,5 million funt evaziga "Nyukasl" jamoasi safiga ko'chib o'tadi va o'sha mavsumning o'zida APL kumush medallariga ega chiqishni uddalaydi. Ammo, daniyalik futbolchi "Nyukasl" safida o'z o'rnini topa olmadi, chunki jamoa tarkibida 1996/97 yilgi Premer-liganing eng yaxshi to'purari Alan Shirer ham bor edi. Bu holat esa 21 yoshli Tomasson uchun zaxiradan maydonga qo'shilish imkoniyatini berardi.
Natijada futbolchi Premer-ligada 23 uchrashuv o'tkazdi. U asosan zaxiradan maydonga tushdi, yoki o'yin davomida almashtirildi. Tomasson ushbu o'yinlar davomida atigi 3ta gol kiritishni uddaladi. "Nyukasl"ning ham ishlari APLda biroz orqaga ketdi va chempionat jadvalida 13 o'ringa tushib ketdi. Shundan keyin, jamoa Angliyada tezda o'zini namoyon qila olmagan iste'doddan qutulishga qaror qildi va uni "Feynoord"ga 2,9 million funtga sotib yubordi. Gollandiyada yana o'z o'yinini topgan, Yon-Dal birin-ketin gollar kirita boshladi. Keyinchalik, unga "Milan"dan taklif tushdi. Italiya jamoasida ham o'zini har tomonlama ko'rsatgan deyish mumkin. Keyingi mavsumlarda daniyalik futbolchi "Shtutgart", "Vilyarreal" kabi klublar safida ham o'ynadi. Yon-Dalga Angliyadan bir necha bor jiddiy takliflar bo'lishiga qaramay, U boshqa tumanli Albonga qaytib bormadi. Tomasson 2011 yilda "Feynoord" jamoasida faoliyatini yakunlagan.
Fernando YERRO
Klub: "Bolton"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 2004/05
Fernando Yerro faoliyatidagi eng yaxshi mavsumlar "Real Madrid" jamoasida o'tgan. Futbolchi klub tarixidagi afsonalardan biri hisoblanadi. O'n to'rt yil davomida Ispaniya poytaxtida markaziy himoyachi pozitsiyasida harakat qilgan. "Qaymoqranglilar" sardori ham bo'lib, Madrid jamoasi bilan 16ta sovringa ega chiqqan. Shu jumladan 5 marta La Liga, hamda 3 marta Chempionlar Ligasi kabi sovrinlarga ega chiqqanini ham alohida aytib o'tish zarur. Yerro 35 yoshida Qatarning "Al Rayyan" jamoasining taklifini qabul qilishga qaror qildi va faoliyatini tugatgunga qadar moliyaviy ahvolini yaxshilab olmoqchiligini yashirib o'tirmadi ham.
Biroq, bir yil o'tib, 2004 yilning yozida Yerro Angliyaning "Bolton" klubi bilan shartnoma imzolab, Evropaga qaytib keldi. O'sha paytda boltonliklar safida "Real Madrid"dagi sobiq jamoadoshi Ivan Kampo ham harakat qilardi. 2004/05 yilgi mavsum Angliya jamoasi uchun ancha omadli keldi. "Bolton" o'sha mavsumda APL turnir jadvalida oltinchi o'rinni egallab, UEFA kubogi yo'llanmasini qo'lga kiritdilar. Taniqli Fernando Yerro jamoasi safida 28ta uchrashuv o'tkazib, 1 ta gol urishga erishdi. Afsuski, Fernando uchun Angliyada to'p surishga juda kech edi. U 2005 yil mart oyida, 37 yoshga to'lgan va shu sababli futbolchi o'z faoliyatini tugatishga qaror qilgan.
Julio BAPTISTA
Klub: "Arsenal"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 2006/07
Angliyaga to'p surishidan avval, braziliyalik Julio Baptistaning faoliyati ancha yuqori darajada edi. Sababi, vatanidagi "San-Paulu" jamoasidan keyin, Ispaniyaning "Sevilya" klubi safida ham to'p surgan edi. Keyinchalik, "Real" uni sevilyaliklardan 20 million evro evaziga sotib oldi. Ammo, Julio "qaymoqranglilar" lagerida "Sevilya"dagi kabi ajoyib o'yin namoyish eta olmadi va shu sababli bir yildan so'ng madridliklar Baptistani "Arsenal"ga ijaraga berishga qaror qilishdi. Londonda Juliodan juda katta umid qilishgandi. Ammo, braziliyalik futbolchi "kononirlar" safida kutilgan o'yinni namoyish eta olmadi. Lekin, 2007 yilning 9 yanvarda Baptista "Arsenal"ga Angliya Liga kubogining chorak finalida «Liverpul»ni musobaqadan chiqarib yuborish uchun yordam bergan(6:3) va ushbu uchrashuvda 4ta gol urishga erishgan. Ammo, umuman olganda Julioning Premer-ligadagi statistikasi ancha yomon edi - 24 uchrashuv, 3 gol va 3 golli pas.
2007 yil yozida Baptista "Real"ga qaytdi va bir yildan so'ng uni Madrid jamoasi "Roma"ga 10 million evroga evaziga sotib yuboradi. Braziliyalik A Seriyada ham yuqori saviyada o'ynay olmadi. Keyinchalik, Ispaniya, Braziliyada, AQShda va Rumniyada kabi mamlakat jamoalarida to'p surgan, ammo u Angliyadan ko'plab takliflar tushishiga qaramay, hech qachon tumanli Albionga qaytib bormadi.
Xenrik LARSSON
Klub: "Manchester Yunayted"
Premer-liganing mavsumi: 2006/07
Xenrik Larsson Zlatan Ibragimovich terma jamoaga kelguniga qadar zamonamizning eng yorqin shved hujumchisi bo'lgan. "Seltik"dagi ajoyib mavsumlar davomida, 221 o'yinida 174 ta gol urgan. Hujumchi ajoyib o'yinlaridan keyi, "Barselona" jamoasi e'tiboriga tushadi. Ammo futbolchi "ko'k-anorranglilar" tarkibida unchalik yorqin o'yinlar ko'rsatmadi. Lekin shvetsiyalik futbolchi ikki mavsum ichida Ispaniya La Ligasida chempionlikka erishdi, hamda 2006 yilgi Chempionlar Ligasi oltin medallariga ega chiqdi. Shundan so'ng, 36 yoshli shved futbolchisi vatanida butsalarini mixga ilmoqchi bo'lgandi, ammo 2007 yil bahorida "Manchester Yunayted" va shaxsan Aleks Fergyusson faxriy futbolchidan tumanli Albionga qaytishini iltimos qildi, lekin Shotlandiyaga emas, balki Angliyaga.
Henrik Larssonning Premer-ligadagi faoliyati juda qisqa edi. Uch oy ichida shvetsiyalik 13ta o'yin o'tkazib, 3ta gol urgan. Shundan so'ng futbolchi vataniga qaytdi. Larsson futbolchilik faoliyatini 2009 yil kuzida, 38 yoshida tugatishga qaror qildi.
Esteban KAMB'YaSSO
Klub: "Lester"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 2014/15
Yulduz argentinalik yarim himoyachi Angliya Premer-ligasida to'p tepishdan oldin, bir qancha top jamoalarda o'ynagan. Xususan, Ispaniyaning "Real Madrid" va Italiyaning "Inter" klublar safida ham faoliyat olib borgan. Esteban o'n yilini "neradzurri"larning lagerida o'tkazdi va A Seriyaning besh karra chempioni, qolaversa 2010 yilda Chempionlar Ligasi g'olibiga ham aylandi. Ammo, 2014 yilning yozida "Inter" rahbariyati 34 yoshli Kambyasso bilan tuzilgan shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi va u "Lester"dan tushgan taklifni qabul qilishga majbur bo'ldi.
"Tulkilar" safida Kambyasso tezda asosiy tarkib o'yinchiga va muxlislarning sevimlisiga aylandi. Argentinalik Premer-liganing 33 o'yinida, 5 ta gol va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi, ammo "Lester" 14-o'rinni egallab, quyi ligadan bor yo'g'i olti ochko ajratib turardi. "Tulkilar" rahbariyati Kambyassoni jamoada olib qolishga harakat qilgan bo'lsa-da, futbolchi Gretsiyaning "Olimpiakos" jamoasi safiga ketishga qaror qildi. Taniqli futbolchi Yunon jamoasi bilan ikki yil ichida ikki karra mamlakat chempioniga aylandi, ammo 2016 yilda "Lester" bilan Premer-ligada g'olib chiqish uchun tarixiy imkoniyatni qo'ldan boy berdi.
Bastian ShVAYNShTAYGER
Klub: "Manchester Yunayted"
Premer-ligadagi o'ynagan mavsumi: 2015/16
"Bavariya"da ajoyib mavsumlarni o'tkazgan Bastian Shvaynshtaygerni ko'pchilik futbolchilarga o'xshab faoliyatini ham aynan "nemis mashinasi" safida tugatishini kutishgandi, ammo futbolchi 2015 yilning yozida Angliya jamoasi safiga ko'chib o'tgani ko'pchilikni hayron qoldirdi. Lui Van Gal boshchiligidagi boshchiligidagi "Manchester Yunayted" jamoasi safiga o'tishini ko'pchilik kutishmagan edi.
Rasmiy ravishda Shvaynshtayger "Manchester Yunayted"da ikki mavsum o'tkazdi, lekin aslida nemis futbolchisi bir mavsumgina maydonda harakat qilgan. Sababi, gollandiyalik mutaxasisi Van Gal ishdan bo'shatilgandan so'ng, uning o'rniga Joze Mourino "qizil iblislar" murabbiylar kursisiga kelishi Bastianga omadli kelmadi. Portugaliyalik mutaxasisi uni maydonga tushirish tugul, hatto mashg'ulotlarga qatnashishiga ham imkoniyat bermadi. Shu kabi muammolardan so'ng, germaniyalik futbolchi 2017 yilda AQShning "Chikago Fayr" jamoasi bilan muzokaralar olib bordi va shu yilning o'zida MLS chempionatiga ketdi. Amerikadagi ikki mavsum davomida to'p surgan futbolchi, 2019 yilda faoliyatini yakunlagan.