So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Futbolchi katta maoshga haqlimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 146
Hisob-kitobga usta xalqmiz. Mana, futbolchilar oladigan mablag'ini ham yil, oy, soat va daqiqasigacha hisoblab chiqdik. Gap bo'lishi mumkin emas. Faqat masalaning yana bir jihati bor.
Sport – bu sog'lik, lekin professional sport – bu sog'lik va umr evaziga biror natijaga erishish yo'lidagi mashaqqatdir. Deylik, biznes qilishni niyat qilgan inson molini shu narsaga tikadi; sportda esa professionallikka intilgan inson marra uchun sog'ligini tikadi.
Ko'pchilik yoshlar haqiqiy sportchi bo'lishni orzu qiladi, ammo katta pul tikiladigan hamda obro' va shonli nuqtaga kelguniga qadar o'zida iroda va matonat topib, yil-o'n ikki oy yozning jaziramasiyu qishning qahratonida jismoniy yuklama, raqobat va jarohatlar girdobidan eson-omon o'tib, tengqurlaridan farqli ravishda yoshlikning zavqli damlarini shu ishga qurbon qila olganlargina bu marraga etib keladi. Umr va sog'lik talab qiluvchi ushbu marraga eltuvchi yo'l shunchalar uzun, qiyin va xavflarga boyki, yarim yo'lda barchasi chilparchin bo'lishi, umrning qaytarib bo'lmaydigan yoshlik onlari ortda qolgan, boshqa bir sohaning boshini ushlash kech, hayot esa umuman boshqa iznga burilib ketgan bo'lishi mumkin. Jarohati bois “endi sizga yurish ham mumkin emas”, deb tashxis qo'yilganda oiladagi motamni bayramga, intihoni ibtidoga aylantira olgan Mirjalol Qosimovga o'xshaganlargagina nasib qiladi bu marra. Ushbu marra uchun sog'lik tikilgan ekan, pirovard mahsul ham qiymatda salmoqli bo'lishi tayin.
Alqissa, professional futbolchilar – millionlab yoshlar ichida barcha mashaqqatu to'siqlarni engib marraga etib kelgan saralardir. Ularning “bozor”dagi qiymatini narxlovchilar esa xaridorlar. Talab va taklif; “tovar”ga qancha narx berish ularning ishi, bunda futbolchini ayblash?..
Shartnomadagi barcha narsa ochiqlanishiga qarshi emasman. Bu, futbolchi atrofidagi turli “o'yin”larga barham beradigan holat. Ammo futbolchi mehnati uchun o'ziga, oilasiga rizq bo'lib kiradigan mablag', u qancha bo'lishidan qat'i nazar — buyursin!
Abror Pirriev
"Lokomotiv" futbol klubi shifokori.