So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Tanishing, kuboklar «tug'ruqxonasi»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 212
Shovqinli Milandan atigi 13 chaqirim uzoqda joylashgan mo''jazgina GDE Bertoni (yoki shunchaki, Bertoni) ustaxonasi va futbol o'rtasida qanday aloqadorlik bor? Juda katta va ahamiyatli! Devorlari pushtirang ayni shu kichik ustaxonada futbol olamidagi asosiy turnirlar (JCh, EChL, EL, Evropa superkubogi) uchun kuboklarning asl va ko'chirma nusxalari tayyorlanadi. Shuningdek, ushbu musobaqalarni tegishli medallar bilan ta'minlash ham GDE Bertoni zimmasida.
GDE Bertoni - bu qanday ustaxona o'zi?
Bertoni ustaxonasi o'z faoliyatini uzoq 1938 yili boshlagan. Avvaliga uning futbol, umuman, sport bilan hamkorlik qilishi xususida hech qanday gap-so'z ham, reja ham bo'lmagan. Shunchaki, metall ustasi Yujin Losa shaxsiy ustaxonasida avtomobillar va turli dastgohlar uchun mayda ehtiyoj jihozlar tayyorlash bilan shug'ullanardi, xususiy buyurtmalar asosida ishlardi. Dastlabki yillarda bittagina binodan iborat bo'lgan ustaxona ortda qolgan 82 yil davomida bir nechta tsex hisobiga kengaydi. O'z ismiga «doktor» iborasi qo'shilishini yoqtirgan Yujin Losa saranjom-sarishtalik va nafislikni yuksak baholardi. Bertoni ustaxonasi ishchilari ayni shu sifatlarni o'zlari uchun dasturilamal sifatida qabul qilishadi va yillar davomida bundan aslo og'ishmaydi. Aslida Yujin shaxsiy korxonasiga uncha ko'p usta jalb etmaydi, sevimli kasbi sirlarini atigi 3 nafar do'stiga o'rgatib, oldindan yaxshi tanigan yana bir ustani ishga oladi. To'g'ri, hamma uddalay oladigan mayda yumushlarga yollanma ishchilarni jalb etardi. Qisqasi, murakkab konstruktsiyalarni shaxsan o'zi tayyorlar yoki yordamchilariga topshirardi.
1944 yilga kelib, Bertoni korxonasiga Italiya futbol federatsiyasidan buyurtma tushadi - «A» seriya g'oliblari va sovrindorlarini taqdirlash uchun beriladigan medallar hamda kubok tayyorlash. Losa va uning yordamchilari darhol ishga kirishishadi, topshiriqni vaqtida bajarib, federatsiya hurmatini qozonishadi. Shu asnoda ustaxonaning sport bilan hamkorligi boshlanadi. Keyinchalik turli tashkilotlar ham muntazam ravishda har xil medallar va sovrinlarga buyurtma beradi. Deylik, Bertoni ustaxonasi Rim Olimpiadasini ham medallar bilan ta'minlaydi. Uning ortidan 1984 yili bo'lib o'tgan Saraevo qishki Olimpiadasi, voleybol bo'yicha Italiya chempionati va boshqa bir qator turnirlar sovrinlari bevosita shu mo''jaz ustaxonada tayyorlanadi. GDE Bertoni JCh kubogini tayyorlash xususida FIFA bilan shartnoma tuzganidan keyin esa, chinakam shon-shuhratni ko'miladi.
Yangi bosqich
1971 yili Yujin Losa korxona ishidan chetga chiqqach, rahbarlik tizgini uning turmush o'rtog'i va o'g'li tasarrufiga o'tadi. Hozirda GDE Bertoni boshqaruvchisi sanalgan Losaning evarasi Valentina FIFA bilan tarixiy kelishuvga oddiygina izoh beradi: «FIFA JCh kubogi masalasida dunyodagi 53ta ustaxonaga murojaat qilib, oxir-oqibat, biz bilan hamkorlik qilishni lozim topgan. Chunki korxonamiz sifatli mahsulotlari bilan hurmat topishga ulgurgandi. Hammasi mantiqqa mos». Jahon kubogiga alohida to'xtalsak, u italiyalik haykaltarosh Silvio Gatstsaniga tomonidan yaratilgan. Bu ishda unga Valentinaning otasi Jorjio Losa yaqindan ko'maklashgan. Jorjioning asosiy xizmati shuki, u barcha qit'alar aks etgan sayyora maketini tayyorlab, chizmani Gatstsaniga yaratgan kubok bilan birlashtiradi.
Jahon kubogi qanday tayyorlanadi?
Jahon chempionati bosh sovrini qanday yaratilishi xususida aljazeera sayti to'liq ma'lumot bergandi:
1. Ishlov berilmagan material metall quyish tsexiga keltiriladi. U erda kubokning eng muhim qismlari tayyorlanadi.
2. Mis va rux qotishmasidan tayyorlangan korpusga pardozlash dastgohi yordamida ishlov beriladi.
3. Kubok bosh usta qo'liga o'tadi (hozir GDE Bertoni korxonasida 8 nafar usta va 30 nafar yordamchi ishlaydi). Usta maxsus bolg'acha bilan sovrin qirralarini maromiga etkazadi.
4. Kubokka yana pardozlash dastgohida sayqal beriladi.
5. Ishlov berish jarayoni galvanika tsexida davom ettiriladi. Birinchi vannada kubok ultatovushli maxsus galvanika ko'magida keraksiz moylar va chiqindilardan tozalanadi. Ikkinchi vannada kubok qoplama yopishtirish uchun tayyorlanadi. Uchinchisida bo'yoq surtiladi va oxirgisida maxsus suvda yuviladi.
6. Sovrin zargar ixtiyoriga beriladi. U kubokni diqqat bilan kuzatib, nuqsonlar bor-yo'qligini aniqlaydi. Ayrim hollarda qo'shimcha sayqallash ishlarini olib boradi. Yakunda sovrin yana bir marta yuviladi.
7. Kubok yashil rangli marmar taglikka o'rnatiladi va Zapon brendining maxsus laki bilan bezatiladi.
Shu o'rinda muhim ilovani qo'shimcha qilish lozim: kuboq va medallar tayyorlash bilan turli mutaxassislar shug'ullanadilar. Ular alohida kurslarda tahsil olishlari tufayli ayrimlari kubok, boshqalari medallar sohasida hech narsani bilishmaydi. Asosiysi, xizmatchilar sovrinning asl nusxasini ko'chirmadan bexato ajratadilar. Darvoqe, vaqtida EL kubogi masalasida ikki dizayner o'rtasida qizg'in munozara ham kelib chiqqandi.
GDE Bertoni ustaxonasiga oid qiziqarli faktlar
— Korxonaning bosh maqsadi - quvonch. Mazkur g'oyani uning asoschisi Yujin Losa o'z shogirdlari ongiga chuqur singdirgan. Yujinning fikricha, kasbdoshlari sportchilar uchun shunchaki, sovrin emas, balki g'oliblar va ularni kuzatib turgan muxlislarga cheksiz quvonch ulashadigan sovg'a tayyorlashlarini hech qachon unutmasliklari shart. O'tgan asrning 50-yillari o'rtalarida ustaxona devorlari pushti rangga qayta bo'yalgandi. Endi Losalar oilasi vakillari 2 yilda 1 marta barcha tsexlar devorlariga qayta ishlov beradilar.
— EL kubogi - klublar o'rtasidagi turnirlar g'olibiga beriladigan sovrinlar orasidagi tutqichsiz yagona nusxa. Uning mualliflari ham aynan Silvio Gatstsaniga va Jorjio Losadir. Gatstsaniga kubok dastakli bo'lishini istagan, Losa esa bunga qarshi chiqqan. Ular o'rtasidagi uzoq tortishuv natija bermagandi. Ittifoqo, bir kuni korxonaga kasbdoshlaridan vaqtliroq kelgan Jorjio sovrin bandini arralab tashlaydi.
— EL kubogi - Bertoni ustaxonasida yasalgan sovrinlar orasida eng og'iri. Uning vazni naq 15 kilogrammga teng.
— Bertoni ustaxonasida asl nusxalar maxsus sxemalarga rioya qilgan holda, yaratiladi. Ko'chirmalar esa ko'z taxmini asosida, faqat bunda asl nusxa proportsiyalaridan chetga chiqilmaydi. Valentina Losa buni engilgina izohlaydi: «Ko'chirma nusxalar etalondan farq qilmaydigan darajada tayyorlanadi. Biroq tajribali usta, masalan, korxonamizda xizmat qilayotgan mutaxassis asl nusxani ko'chirmadan bemalol ajrata oladi. Buni «Mona Liza» portretlarini farqlashga qiyoslash mumkin. Usta farqli jihatlarni osongina aniqlaydi».
S.RAHMONOV tayyorladi